09:05 / 19.01.2021
1 758

AQSHda Apple’dan Telegram’ni dasturlar do‘konidan o‘chirib tashlashni sud orqali talab qilishdi

AQSHda Apple’dan Telegram’ni dasturlar do‘konidan o‘chirib tashlashni sud orqali talab qilishdi
Foto: «Politros.com»
Amerikaning Coalition for a Safer Web (Xavfsiz internet koalitsiyasi) notijorat tashkiloti Apple korporatsiyasini sudga berib, App Store dasturlar do‘konidan Telegram ilovasini o‘chirib tashlashni talab qildi. Bu haqda The Washington Post xabar berdi, deb yozadi Meduza.

Da’vo tashkilot va uning prezidenti Mark Ginsberg nomidan berilgan. Da’vogarlar ta’kidlashicha, Telegram’da antisemitizm, irqchilik va neonatsizm mazmunidagi kontent tarqalmoqda, bu App Store’ning dasturlar uchun qoidalariga ziddir.

Millati yahudiy bo‘lgan Ginsberg da’voda qayd etishicha, Telegram’dagi antisemitizm ruhidagi kontent u uchun xavf tug‘dirmoqda, shu munosabat bilan u Apple’ni sudga berish huquqiga ega, chunki u iPhone egasi ham hisoblanadi.

Da’vogarlar iddao qilishicha, Telegram, xususan, Kapitoliyga uyushtirilgan shiddatli hujumdan keyin ekstremistik ruhdagi fikrlar yozilishi oldini olmagan. «Telegram hatto Parler’ga nisbatan ham nafratni avj oldiruvchi gaplar tarqatuvchisi sifatida ajralib turibdi», — deb hisoblaydi Ginsberg.

Coalition for a Safer Web Telegram’ni dasturlar do‘konidan o‘chirib tashlashni talab qilib, Google korporatsiyasiga ham qarshi sudga da’vo bermoqchi.

Amaldagi AQSH prezidenti Donald Trampning tarafdorlari Kapitoliyga hujum uyushtirganidan keyin Apple va Google o‘z dasturlar do‘konlaridan Tramp tarafdorlari orasida ommabop bo‘lgan Parler ijtimoiy tarmog‘ini o‘chirib tashladi. Ijtimoiy tarmoqqa xosting xizmatlarini taqdim etuvchi Amazon u o‘z serverlaridan uzilganini e’lon qildi.

Shundan keyin Parler foydalanuvchilari boshqa ijtimoiy tarmoqlarga, shu jumladan, Telegram’ga ham o‘ta boshladi, u yerda avval ham o‘ta o‘ng mafkura tarafdorlari muloqot qilar edi. Ilgari Telegram ISHID tarafdorlarining ham asosiy maydoni bo‘lgan, ammo 2019 yilda ijtimoiy tarmoq Yevroittifoq politsiya xizmati bilan hamkorlikda ISHIDning minglab kanallarini bloklab tashladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » AQSHda Apple’dan Telegram’ni dasturlar do‘konidan o‘chirib tashlashni sud orqali talab qilishdi