14:44 / 08.10.2024
242

Sanepidqoʻmita “qora isitma” haqida: yuquvchanligi tez, 5 kunda qontalash toshmalar va 90 foiz oʻlim xavfi

Sanepidqoʻmita “qora isitma” haqida: yuquvchanligi tez, 5 kunda qontalash toshmalar va 90 foiz oʻlim xavfi
Foto: Getty Images
Marburg gemorragik isitmasi kontagioz gemorragik isitmalar turiga mansub boʻlib, ushbu infektsiyadan oʻlim darajasi yuqori, ya'ni 90 foizga teng. Bu haqda Sanepidqoʻmita axborot xizmati ma'lum qildi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining ma'lumotiga koʻra, Afrikaning Ruanda davlatida Marburg gemorragik isitmasi qayd etilgan.

Marburg isitmasining manbayi koʻrshapalaklar hisoblanib, kasallik ular orqali sogʻlom odamlarga yuqishi mumkin. Infektsiyaga chalingan bemorlardan ajraladigan biologik suyuqliklar (qon, tupuk, peshob) bilan bevosita aloqa qilish, shuningdek, turli jismlar yuzalari orqali ham faol tarqalishi mumkin.

Kasallik belgilari toʻsatdan boshlanadi va bemorda yuqori tana harorati, kuchli bosh ogʻrigʻi, bezovtalik, mushaklarda ogʻriqlar kuchayib, ularni tez-tez tortishib turishi hamda diareya, koʻngil aynishi va qayt qilish holatlari kuzatilishi mumkin. Kasallikning beshinchi kunida koʻkrak, orqa va qorin boʻshligʻida qontalash toshmalar paydo boʻladi.

Aholi oʻrtasida Marburg gemorragik isitmasi kasalligining oldini olish boʻyicha quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirilishi talab etiladi:
  • gemorragik isitma kasalligiga gumon qilingan bemorlar aniqlanganda uni oʻz vaqtida alohidalab, zudlik bilan tibbiyot xodimlarga murojaat qilish;
  • gumon qilingan bemorlarning qoniga tegmaslik, ajratilgan tana suyuqliklari, shuningdek, ifloslangan yuzalar bilan muloqotda boʻlmaslik;
  • agar biror kishi yaqinda Gʻarbiy yoki Markaziy Afrikadan qaytgan boʻlsa yoki ushbu hududlardan kelgan sayyoh bilan yaqin aloqada boʻlsa va tana haroratining keskin koʻtarilishi, bosh ogʻrigʻi, koʻngli aynishi va qusish, ich ketish yoki toshmalar boʻlsa, darhol tez yordamni chaqirish kerak;
  • shifokorlarga oxirgi uch hafta ichida odam Marburg gemorragik isitmasi tabiiy oʻchoqlarida boʻlganligi haqida xabar berishingiz kerak.

Agar ushbu hududlarga tashrif buyurish zaruriyat tugʻilsa, quyidagi profilaktika choralariga rioya qilish kerak:
- kasallangan odamlar bilan aloqa qilmaslik;
- Afrikada yashaydigan yovvoyi hayvonlarda ehtiyot boʻlish;
- mahalliy hayvonlarning xom pishirilgan goʻshtini iste'mol qilmaslik;
- kasallikning asimptomatik tashuvchisi boʻlgan koʻrshapalaklar yashaydigan gʻorlarga bormaslik (ekzotik turizm).
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik