Xitoyda insoniy robotlar uchun raqamli pasport tizimi joriy etildi

Xitoyda insoniy robotlar sanoatining jadal rivojlanishi yagona standartlar yo‘qligi muammosiga duch keldi. Turli ishlab chiqaruvchilar o‘zaro mos kelmaydigan platformalardan foydalanayotgani sababli ma’lumotlar sinxronizatsiyasi, sifat nazorati va xavfsizlikni ta’minlash qiyinlashmoqda. Shu bois Xubey provinsiyasi ushbu qurilmalar uchun «raqamli shaxsni tasdiqlovchi hujjat» tizimini sinovdan o‘tkazishni boshlagan birinchi hududga aylandi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Har bir robotga o‘ziga xos ID raqami beriladi, u xuddi pasport vazifasini o‘taydi. Ushbu raqam tarkibiga mamlakat va ishlab chiqaruvchi kodi, qurilma modeli hamda individual seriya raqami kiritiladi. Shuningdek, tizimda robotning texnik xususiyatlari, «intellekt» darajasi va zavod ro‘yxatidan o‘tganligi haqidagi ma’lumotlar saqlanadi.
Yangi platforma qurilmaning holatini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beradi. Bunda bo‘g‘inlarning eskirishi, batareya quvvati, vazifalarni bajarish aniqligi va texnik xizmat ko‘rsatish tarixi nazorat qilinadi. Bu tizim nosozliklarni tezda aniqlash, ta’mirlash jarayonini soddalashtirish va ekspluatatsiya shaffofligini oshirishga xizmat qiladi.
Robotlarni qayta tekshiruvlarsiz turli platformalar va ish jarayonlariga o‘tkazish imkoniyati joriy etilmoqda, bu esa xarajatlarni sezilarli darajada kamaytiradi. Hozirda tajriba dasturida mahalliy kompaniyalar va tadqiqot markazlari ishtirok etmoqda. Standartlar tasdiqlangach, tizim sanoat miqyosida keng qo‘llanilib, robotlarni majburiy «hisobga qo‘yish» tartibi joriy etiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!