Janubiy Koreya va AQSH olimlari inson tanasi boʻylab «oʻsuvchi» robot-kiyimni yaratishdi

Janubiy Koreyaning KAIST instituti va AQSHning Stanford University tadqiqotchilari inson ishtirokisiz, mustaqil ravishda kiyiladigan innovatsion robotlashtirilgan kiyim texnologiyasini namoyish etishdi. Ushbu ishlanma oʻsimliklarning oʻsish tamoyiliga asoslangan boʻlib, u kiyinish jarayonini butunlay avtomatlashtirish imkonini beradi. Bu texnologiya nafaqat kundalik qulaylik, balki maxsus sohalarda xavfsizlikni taʼminlashda ham muhim ahamiyatga ega. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi texnologiya pnevmatik bosim yordamida harakatlanuvchi yumshoq va egiluvchan «liana» (pechak) simmon konstruksiyalardan iborat. Tizim ishga tushirilganda, kiyim matosi xuddi devorga chirmashib oʻsuvchi pechak kabi inson tanasi boʻylab yuqoriga qarab harakatlanadi. Tadqiqotchilarning soʻzlariga koʻra, butun bir himoya kostyumini kiyish uchun bor-yoʻgʻi 10 soniya vaqt sarflanadi.
Tabiatdan olingan ilhom va texnik imkoniyatlar
Loyiha muallifi Kim Nam Gyunning taʼkidlashicha, gʻoya kutilmaganda, u velosipedda ketayotganida yomgʻir ostida qolib ketganida tugʻilgan. Oʻshanda u harakatlanayotgan vaqtda yomgʻirpoʻshning oʻzi kiyilsa qanchalik qulay boʻlishi haqida oʻylagan. Robot-liana kiyimni ichkaridan tashqariga qarab yoyish orqali inson tanasining konturlari boʻylab barqaror koʻtarila oladi.Ushbu texnologiyaning asosiy ustunligi shundaki, u foydalanuvchidan qilt etmay turishni talab qilmaydi. Inson harakatda boʻlganida ham robot oʻz vazifasini bajaraveradi. Shuningdek, tizim murakkab boshqaruv algoritmlarisiz ishlaydi, bu esa uni kundalik hayotda qoʻllash uchun ancha sodda va ishonchli qiladi.
KAIST professori Ryu Ji-Xvanning tushuntirishicha, robot tor tirqishlar orqali oʻtishga, atrof-muhit shakliga moslashishga va sirtning sirpanchiq yoki qiya ekanligidan qatʼi nazar harakatlanishga qodir. Bu xususiyatlar robotlashtirilgan kiyimni turli murakkab sharoitlarda qoʻllash imkonini beradi.
Qoʻllash sohalari va istiqbollar
Tadqiqotchilar ushbu ixtironing bir necha asosiy yoʻnalishlarini belgilab olishgan:- Keksa yoshli insonlar va imkoniyati cheklangan shaxslarga kiyinishda yordam berish;
- Yarim oʻtkazgichlar ishlab chiqariladigan «toza xonalarda» ishchilarning steril kiyimlarni tezkor kiyishi;
- Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlarining maxsus himoya vositalarini qoʻllarsiz kiyishi;
- Noqulay ob-havo sharoitida sportchilar va sayyohlar uchun qulaylik yaratish.






























Izohlar 0
…