Volkswagen zavodlari yopiladimi? Minglab xodimlar taqdiri hal bo‘lmoqda

Volkswagen zavodlari yopiladimi? Minglab xodimlar taqdiri hal bo‘lmoqda

Germaniyaning mashhur avtomobil ishlab chiqaruvchisi Volkswagen mamlakatdagi to‘rtta zavodini yopish va xodimlar sonini 100 ming nafargacha qisqartirish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Reuters agentligi kompaniyadagi manbalariga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur reja kompaniyaning kuzatuv kengashi a’zolariga taqdim etilgan bo‘lib, u 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda muhokama qilinishi kutilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Hannover, Zwickau, Emden shaharlaridagi zavodlar hamda Audi kompaniyasining Nekkarzulm shahrida joylashgan korxonasi yopilishi mumkin. Bu esa 45 mingdan ortiq ish o‘rnining qisqarishiga sabab bo‘ladi. Mazkur ko‘rsatkich Volkswagen avvalroq e’lon qilgan 50 ming nafar xodimni qisqartirish rejasiga qo‘shimcha bo‘ladi.

Agar ushbu reja amalga oshirilsa, 100 ming nafargacha xodimning ishdan bo‘shatilishi va to‘rtta yig‘uv zavodining yopilishi jahon avtomobil sanoati tarixidagi eng yirik restrukturizatsiyalardan biri sifatida qayd etilishi mumkin.

Reuters manbalariga ko‘ra, kompaniya bosh direktori Oliver Blume ushbu tashabbusni hafta boshida yuqori lavozimli menejerlarga taqdim etgan. U keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishni rejalashtirayotgan bo‘lsa-da, mazkur qaror kasaba uyushmalari hamda kompaniyaning ikkinchi yirik aksiyadori sanalgan Germaniyaning Quyi Saksoniya yer hukumati qarshiligiga uchrashi mumkin.

Shuningdek, Volkswagen keyingi besh yil davomida investitsiyalar hajmini taxminan 15 foizga qisqartirish, uni 130 milliard yevrodan biroz yuqori darajaga tushirish rejasini ham ko‘rib chiqmoqda. Bundan tashqari, kompaniya o‘zining asosiy Volkswagen brendi va ehtiyot qismlar biznesini alohida tuzilmalarga ajratish masalasini ham muhokama qilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar