06:00 / 02.06.2022
1 785

Germaniya kansleri Ukrainaga «juda og‘ir qurol-yarog‘» yetkazib berish qarorini maʼlum qildi

Germaniya kansleri Ukrainaga «juda og‘ir qurol-yarog‘» yetkazib berish qarorini maʼlum qildi
Foto: AP Photo
Germaniya hukumati Ukrainaga IRIS-T o‘rta masofali zenit-raketa majmualarini yetkazib berishga qaror qildi. Bu haqda Germaniya kansleri Olaf Shols Bundestag (parlament)da bundesver (qurolli kuchlar) uchun maxsus fond yaratish masalasi bo‘yicha munozaralar chog‘ida maʼlum qildi, deb yozadi “RBK”. Ushbu fond Kiyevga qurol-yarog‘ uchun mablag‘larni ham o‘z ichiga oladi.

«Shu tariqa, biz Ukrainaga butun bir yirik shaharni himoya qilish imkoniyatini beramiz», — dedi Shols va bu Germaniyaning eng zamonaviy havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi ekanini qo‘shib qo‘ydi.

Kanslerning qo‘shimcha qilishicha, yaqin haftalar ichida Kiyev 12 ta «dunyodagi eng zamonaviy o‘ziyurar gaubitsa»ni qo‘lga kiritadi, bu Niderlandiya bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiriladi, ukrainalik harbiylarni tayyorlash esa bir necha kunda yakunlanadi. Shuningdek, Berlin Vashington bilan birgalikda Ukraina tomoniga baravar o‘t ochish raketa tizimlarini yetkazadi, biroq ularning masofasi Rossiyaga zarbalar berish imkonini bermaydi. Bundan tashqari, Kiyev dushmanning minomyotlari, gaubitsalari va reaktiv artilleriyasini aniqlashga qodir kuzatuv radarlariga ega bo‘ladi, dedi Shols.

Bularga qo‘shimcha tarzda, Ukrainaga “Gepard” tanklarini topshirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda, Kiyevdagilar aynan shuni qo‘lga kiritish istagini bildirgan edi. «Bu juda og‘ir qurol-yarog‘», — deya taʼkidladi Shols.

Germaniya kansleri Ukrainadagi voqealar qurbonlarini va shaharlar vayron bo‘layotganini ko‘rish hamma uchun og‘ir ekanini aytdi. «Putin bu urushda g‘olib bo‘lmasligi kerak va unday bo‘lmaydi ham», — deya taʼkidladi u. Sholsning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya fevral oxiridan buyon Ukrainaga 15 milliondan ortiq patron, 100 mingta qo‘l granatasi va 5 mingdan ziyod tankka qarshi minalarni yetkazib bergan, mamlakat hukumati Rossiya maxsus operatsiyalarining eng boshidan buyon «uzluksiz yetkazib berishlar»ni amalga oshirmoqda.

13 may kuni Germaniya hukumati tomonidan Ukrainaga IRIS-T SLM tizimlari berilishi muhokama qilinayotgani haqida baʼzi OAVlar o‘z manbalariga tayanib maʼlum qilgan edi. IRIS-T SLM raketalari parvozi eng ko‘pi bilan 40 kilometrgacha parvoz qilishi mumkin, ular 20 kilometrgacha balandlikda uchayotgan nishonlarga borib tegishi mumkin. Berlin tizimlar Kiyevga noyabrda joylashtirilishi mumkin, deb taxmin qilayotgani aytilgandi.

Ayni paytda AQSH prezidenti Jo Bayden uning mamlakati Ukrainaga ilg‘or qurol-yarog‘ tizimlarini, shu jumladan, Stinger ko‘chma zenit raketa majmualarini, Javelin tankka qarshi majmualarini, shuningdek, artilleriya va Mi-17 vertolyotlarini yetkazib berishda davom etishini maʼlum qildi.

Shuningdek, u Rossiya yadro qurolidan foydalanmoqchi emasligi haqida fikr bildirdi. «Bilaman, butun dunyodagi ko‘plab odamlar yadro quroli qo‘llanilishidan xavotirda. Ayni paytda Rossiyaning Ukrainada yadro qurolidan foydalanish niyati borligini ko‘rsatuvchi hech qanday belgilar yo‘q», — dedi AQSH prezidenti.

31 may kuni AQSH prezidenti Jo Bayden Vashington Kiyevga Rossiya hududiga yetib bora oladigan raketa komplekslarini bermasligini aytgan edi. Ertasi kuni The New York Times gazetasiga bergan bayonotida u Kiyevga «jang maydonidagi asosiy nishonlarga aniqroq zarba berish» imkonini beradigan ilg‘or raketa tizimlari va o‘q-dorilar yetkazib berilishini eʼlon qildi.

Oq uy Ukrainaga M142 HIMARS MLRS‘ni o‘z ichiga olgan yangi 700 million dollarlik harbiy yordam paketini taqdim etishini aytdi. Bayden maʼmuriyati Ukraina harbiylari ulardan Rossiyadagi nishonlarga zarba berishda foydalanmasligi kerakligini taʼkidladi.

Rossiya TIV Ukrainaga Rossiya hududiga yetib bora oladigan qurol-yarog‘ yetkazib berilishi «keskinlashuv sari katta qadam» bo‘lishidan ogohlantirgan. Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov, o‘z navbatida, Qo‘shma Shtatlardan Ukrainani qurol-yarog‘ bilan taʼminlashni bas qilishni talab qilgan.

Zelenskiy esa Rossiya hududiga hujum qilish ehtimolini rad etdi. Ukraina uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollarni Rossiyadagi nishonlarga hujum qilish maqsadida emas, balki o‘z mudofaasi uchun so‘ramoqda, dedi u.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Germaniya kansleri Ukrainaga «juda og‘ir qurol-yarog‘» yetkazib berish qarorini maʼlum qildi