10:48 / 06.06.2022
1 089

AQSHning ikki shahridagi otishmada besh kishi halok bo‘ldi

AQSHning ikki shahridagi otishmada besh kishi halok bo‘ldi
AQSHning ikki shahridagi otishmada kamida besh kishi halok bo‘ldi, 20 dan ortiq kishi jarohatlandi. 5 iyun, yakshanbaga o‘tar kechasi Pensilvaniya shtatining Filadelfiya shahridagi odamlar gavjum tumanda noma’lum shaxslar olomonga qarata o‘t ochdi, hodisa natijasida uch kishi halok bo‘ldi, 11 kishi yaralandi, deb xabar berdi shahar politsiyasi.

Voqea joyida politsiya ikkita yarim avtomatik to‘pponcha va ko‘plab gilzalar topdi. Biroq jinoyatchilar qochishga muvaffaq bo‘lgan. Otishma paytida - mahalliy vaqt bilan yarim tunda - restoran va barlar bilan to‘la hududda yuzlab odamlar bo‘lgan. Filadelfiya politsiyasi boshlig‘i Daniel Autloning aytishicha, ko‘chada mushtlashuv kuzatilgan, unda otib o‘ldirilgan erkaklardan biri ishtirok etgan. Autlo ma’lumotlariga ko‘ra, yana ikki qurbon, bir erkak va bir ayol kishi hamda 11 nafar yaralangan shaxs «tasodifan guvohlarga aylangan».

Yakshanba kuni ertalab Tennessi shtatining Chattanuga shahridagi tungi klub oldida ham otishma sodir bo‘ldi. U yerda, politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ikki kishi otib o‘ldirilgan, o‘ndan ortiq kishi yaralangan. Voqea joyini tark etishga uringan yana uch kishini mashina urib yuborgan, ulardan biri vafot etdi. Mahalliy politsiya boshlig‘i Selesta Merfi jurnalistlarga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanganlarning bir nechtasi hayot uchun xavfli darajada jarohatlar olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyat tafsilotlari o‘rganilmoqda. Politsiya hali hech kimni qo‘lga olgani yo‘q.

So‘nggi haftalarda AQSHda o‘qotar qurollardan foydalangan holda odam o‘ldirish holatlari tez-tez uchramoqda. Xususan, 24 may kuni 18 yoshli o‘rta maktab o‘quvchisi Texas shtati Yuvalde shahridagi Robb Elementary School boshlang‘ich maktabiga kelib, AR-15 yarim avtomatik miltiqdan o‘q uzgan. Natijada 22 kishi halok bo‘ldi - 5 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 19 bola va uch nafar kattalar, jumladan, politsiya xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgan hujumchining o‘zi.

Hujum Amerika maktablariga qilingan hujumlar orasida qurbonlar soni bo‘yicha tarixdagi eng ommaviy holatlardan biri bo‘ldi. Texasdagi otishmadan so‘ng, AQSHda o‘qotar qurollar aylanishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi haqidagi munozaralar qayta boshlandi.

27 may kuni Texasdagi Milliy merganlik assotsiatsiyasining yillik qurultoyida so‘zga chiqqan AQSH prezidenti Jo Bayden mamlakatda «qurol lobbisiga qarshilik ko‘rsatish»ga chaqirdi. «Men bundan to‘yganman. Biz harakat qilishimiz kerak. Menga bu qirg‘inga ta’sir qila olmaymiz, deb aytmang», dedi Bayden. Ayni paytda AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp o‘sha qurultoydagi nutqi chog‘ida qurol nazoratini kuchaytirishga qarshi chiqdi va sa’y-harakatlarni maktablardagi xavfsizlik tizimini o‘zgartirishga qaratishni taklif qildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSHning ikki shahridagi otishmada besh kishi halok bo‘ldi