19:41 / 08.06.2022
1 513

Iqlim isishi sabab yo‘qolib ketish xavfidagi ilk mamlakat – Marshall orollari

Iqlim isishi sabab yo‘qolib ketish xavfidagi ilk mamlakat – Marshall orollari
Tinch okeanida joylashgan Marshall orollari dengiz sathi ko‘tarilishi sabab suv ostida qolishi mumkin. Mamlakatning 60 ming aholisi bor, garchi son jihatdan ko‘p bo‘lmasa-da, ular millat sifatida yo‘q bo‘lib ketishdan xavotirda.

Iqlim isishi sabab dunyo turli ko‘rinishda jabr chekmoqda. Suv toshqinlari, noodatiy o‘rmon yong‘inlari, chang bo‘ronlari kuzatilmoqda. Lekin eng katta xavf – orol davlatlarda yashovchi xalqlar gardanida, ular ko‘proq jabr chekmoqda. Marshall orollari – shundaylardan biri.

Okean qurshovidagi davlat

Marshal orollari – Tinch okeanining shimolidagi davlat, Avstraliya va Gavayi orollari o‘rtasida joylashgan. 1,156 ta kichik orollardan tashkil topgan, atigi 182 km kvadrat quruqlik yer maydonini egallagan. Bu yerda 60 ming atrofidagi aholi yashaydi.

Marshall orollari konstitutsiyasi fuqarolariga yerga egalik huquqini beradi. Biroq mamlakatning nisbatan pasttekislikda joylashgan hududlarining suv ostida qolish xavfi ortib bormoqda.

Tinch okeanining Tuvalu va Kiribati hamda Hind okeanining Maldiv orollari bilan bir qatorda Marshall ham orollar turkumidan iborat to‘rt davlatdan biri hisoblanadi. Bu orol davlatlarining har birining o‘ziga xos madaniyati, yashash sharoiti mavjud, ular suvga moslashib yashashga o‘rgangan. Lekin uzoq yillik moslashuv ham suv ostida qolish xavfi aniqlashgani sari biror foyda berishi qiyin.

Yo‘q bo‘lib ketish xavfi

Jahon banki tadqiqotiga ko‘ra, Marshall poytaxti Majuroda mavjud binolarning 40 foizi doimiy suv ostida qolishi mumkin. Shaharning 96 foizini esa iqlim o‘zgarishi sabab tez-tez kuzatiladigan suv toshqinlari kutyapti.

Tadqiqot dengiz suvi sathining 0,5, 1, 2 metrgacha ko‘tarilishi Marshallga qanday ta’sir qilishini o‘rgangan. Agar moslashuv dasturlari amalga oshirilmasa, dengiz sathi 1 metrgacha ko‘tarilib, Majuro shahrining 37 foiz binolari suv ostida qolishi mumkin. Ebeye shahrining esa yarmidan ko‘pi suv ostida qolish ehtimoli bor.

Ilojsiz qolayotgan marshalliklar

Suv sathi ko‘tarilib toshqinlar soni oshishi eng avvalo baliqchilik bilan shug‘ullanuvchilar va agrar sohada ishlayotgan odamlarni qiynab qo‘yadi. Ular Marshall orollarining shahar qismlariga ko‘chishlariga yoki butunlay o‘z mamlakatlarini tark etishlariga to‘g‘ri keladi. Marshalliklar uchun migratsiya qilish mumkin bo‘lgan eng birinchi davlat – AQSH, bu yerda 27 ming atrofida marshallik yashaydi.

Agar hozir dunyo bo‘yicha ta’lim, sog‘liqni saqlash va iqtisodiy imkoniyatlar chetga migratsiya qilishning asosiy sabablari bo‘lsa, kelajakda iqlim stresslari ham xorijga ko‘chish uchun birinchi sabablardan biriga aylanishi mumkin. Buni Marshall orollari yaqqol ko‘rsatyapti.

Hozirgi prognozlar doimiy migratsiya natijasida 2050 yilga borib orol aholisi kamayib ketishini ko‘rsatadi.

Marshall orollarining aholi qayta qo‘nim topishi mumkin bo‘lgan baland nuqtalari va tepaliklari ham bor. Biroq hudud 1979 yilgacha AQSH nazorati ostida bo‘lgan va chekinish mumkin bo‘lgan nuqta Bikini orolida atom qurollari tajribalari o‘tkazilgani sabab hayot uchun xavfli hisoblanadi.

Marshall orollari aholisining madaniyati va millatga xos xususiyatlari yashash hududi bilan shunchalik bog‘langanki, aholi o‘zini hududdan ayri yashash o‘zligidan uzilib qolishga sabab bo‘ladi deb hisoblaydi.

Qutulish mumkinmi?

Jahon banki tadqiqotiga ko‘ra, agar keyingi 100 yil ichida dengiz sathi yarim metr ko‘tarilsa, unda orolda hayotni saqlab qolish uchun turli moslashuv dasturlarini ishga tushirish mumkin. Biroq 1 metr ko‘tarilsa, bunday moslashuv dasturlari juda katta kuch talab qiladi, natija esa yaxshi bo‘lmasligi ehtimoli yuqori. Agar dengiz 2 metr ko‘tarilsa, unda orolliklarning boshqa orol davlatlari yoki xalqaro migratsiyadan boshqa tanlovlari qolmaydi.

Marshall orollarining sobiq tashqi ishlar vaziri Toni De Brum “Agar mening mamlakatimni halokatdan saqlab qolsak, dunyoni qutqargan bo‘lamiz”, degan edi. Bundan tushunish mumkinki, Marshall orollarini yamlab borayotgan iqlim xavfi faqatgina shu orolga emas, balki butun dunyoga tegishli, faqatgina chiziq boshida Marshall turibdi, xolos.

Dengiz sathi nega ko‘tarilyapti?

Global dengiz sathi 1900 yildan beri 17-18 santimetr ko‘tarilgan va ko‘tarilishda davom etyapti. Bu qirg‘oqbo‘yi davlatlar va kichik orol davlatlarda toshqin, bo‘ron kabi ekstremal tabiat hodisalarini ko‘paytirishi mumkin. Agar muzlarning erishi sekinlashmasa, dengiz sathi 2100 yilga borib, 71 santimetrga ko‘tarilishi mumkin.

Dunyo bo‘yicha esa aholining ma’lum qismi qirg‘oqbo‘yi hududlarda yashaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yirik shaharlarning har 10 tadan 8 tasi sohil bo‘ylarida joylashgan.

Dengiz sathi ko‘tarilishiga asosiy sabab global iqlim isishi ta’sirida muzliklarning erib borayotgani bilan bog‘liq. Butun dunyoda harorat ko‘tarilishi davom etaverar ekan dengiz sathi ham ko‘tarilib boraveradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Iqlim isishi sabab yo‘qolib ketish xavfidagi ilk mamlakat – Marshall orollari