date
views 1 853

Bayden Saudiya Arabistoniga Rossiyaga «qarshi turish» uchun boradi

Bayden Saudiya Arabistoniga Rossiyaga «qarshi turish» uchun boradi
Foto: AP
Ko‘pchilik tomonidan tanqid qilinayotgan safari oldidan u Washington Post gazetasiga yozgan maqolasida Saudiya hukumati AQSH ma’muriyati bilan jahon bozoriga neft yetkazib berishni ko‘paytirish va neft narxini pasaytirish bo‘yicha ish olib borayotganini aytdi.

«Prezident sifatidagi vazifam mamlakatimning kuchini va xavfsizligini ta’minlashdir. Biz Rossiya agressiyasiga qarshi turishimiz, Xitoy bilan raqobatda g‘alaba qozonish uchun eng yaxshi pozitsiyani egallashimiz, dunyoning muhim mintaqasida barqarorlikni oshirish uchun harakat qilishimiz kerak», - dedi Bayden.

«Buning uchun biz qiladigan ishimiz natijalariga ta’sir o‘tkaza oladigan davlatlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni o‘rnatishimiz kerak. Saudiya Arabistoni shulardan biri», - deb qo‘shimcha qildi u.

AQSH prezidenti Saudiya Arabistoni rahbarlari bilan juma kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan uchrashuvdan maqsad «Amerikaning fundamental qadriyatlariga sodiqlikni saqlab qolgan holda umumiy manfaatlar va mas’uliyatga asoslangan strategik hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish» deb atadi.

Bayden uchrashadigan yetakchilar orasida valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon ham bor. AQSH uni saudiyalik muxolif jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishiga aloqadorlikda gumonlagan.

«Men Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bo‘yicha razvedka hisobotini e’lon qildim, yangi sanksiyalar qo‘lladim... Xorijda dissidentlarni ta’qib qilgan shaxslarga nisbatan AQSHga kirishni taqiqlovchi qoidani 76 marta qo‘lladim», dedi Bayden.

2018 yilda Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligida jurnalist Qoshiqchi o‘ldirilganidan so‘ng, AQSH rasmiylari valiahd shahzoda yaqinlariga qarshi sanksiyalar kiritgan edi. AQSH razvedka idoralariga ko‘ra, valiahd shahzoda qotillik haqida bilgan va ijrochilarga buyruqni aynan u bergan bo‘lishi mumkin. Saudiya Arabistoni buni rad etib kelmoqda.

Baydenning aytishicha, uning maqsadi 80 yil davomida Qo‘shma Shtatlarning strategik hamkori bo‘lib kelgan davlat bilan munosabatlarni «uzish emas, balki yangi yo‘nalishga burish» bo‘lgan.

Bayden 13-16 iyul kunlari Isroil, O‘rdun daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i va Saudiya Arabistoniga boradi. Bu uning prezidentlik davridagi Yaqin Sharqqa qilgan ilk tashrifi bo‘ladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bayden Saudiya Arabistoniga Rossiyaga «qarshi turish» uchun boradi