date
views 2 159

Ukraina harbiylari Xersondagi yirik ko‘prikka raketalar otdi. Bu ko‘prikning ahamiyati nimada?

Ukraina harbiylari Xersondagi yirik ko‘prikka raketalar otdi. Bu ko‘prikning ahamiyati nimada?
Foto: UNIAN
Ukraina va Rossiya tomoni ukrain qurolli kuchlari Dnepr daryosi orqali o‘tgan Antonovskiy ko‘prigi hududiga raketa zarbalari yo‘llaganini tasdiqladi. Bu ko‘prik RF armiyasi tomonidan ishg‘ol qilingan Xersonni oblastning daryoning chap sohilidagi Qrimga tutash hududlari bilan bog‘laydi. Bu zarba haqida nimalar ma’lum va ko‘prik Ukraina janubi uchun janglarda qanchalik muhim o‘rin tutadi?

Xerson oblastining rossiyaliklar tomonidan tayinlangan «yangi ma’muriyati» rahbari o‘rinbosari Kirill Stremousovning so‘zlariga ko‘ra, ukrain harbiylari ko‘prik hududiga Amerikaning HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi orqali o‘t ochgan.

«HIMERS [Interfaks uchun intervyuda Stremousov qurilmani shunday atagan - tahr.] bolvankalari yetib keldi, jami to‘rtta teshik paydo bo‘lgan. Bittasining diametri bir metr keladi, qolgan uchtasi - taxminan 20-30 sm. Aniqlik bilan zarba berishgan, shaharning bir qismini Aleshki tomondan kesib qo‘yishni istashgan. Jabrlanganlar yo‘q, aholi yashovchi mikrorayonlarga hech narsa kelib tushmagan», degan u.

Stremousovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomonidan yo‘llangan zarbalar oqibatidagi shikastlanishlar ko‘prik konstruksiyasiga tahdid solmagan. «Ko‘prik poydevorini mo‘ljalga olishgan. Ammo ko‘prik butun, mahkamlagichlari buzilmagan», degan u va ko‘prik bo‘ylab harakat operativ-tekshiruv tadbirlaridan keyin tikalanishi mumkinligini aytgan.

Ko‘prikdagi teshiklar va vayrongarchiliklar aks etgan video telegram-kanallarda tarqalgan.

Zarba ko‘prikka emas, blokpostga berilgan bo‘lishi ham mumkin
Xerson oblasti harbiy ma’muriyati rahbari maslahatchisi Sergey Xlan esa ukrain kuchlari ko‘prikning o‘ziga emas, rossiyaliklarning ko‘prik atrofida joylashgan bazasi bo‘ylab zarba berganini aytmoqda.

«Asosiy nishon Xersonda bo‘lgan - Antonovskiy ko‘prigi emas. Uning atrofida. «Nairi» kafesi hududida, orklar (rossiyalik harbiylar nazarda tutilgan) bu yerda qo‘riqlash punkti tashkil etishgan va okoplar qazishgan. Raketalar o‘sha joylarga uchib borgan. U yerda orklar kuchli istehkom barpo etgan, ko‘plab qurollar joylashtirgan, u yerni qo‘riqlash bilan shug‘ullanadigan va ko‘priklar orasidagi hududda kuchli nazorat punkti vazifasini o‘taydigan harbiy qism joylashgan. Hozir o‘sha yerda kuchli portlashlar bo‘ldi», degan Xlan ukrain televideniyesi efirida.

Ukrain harbiy eksperti, Kyiv Independent nashri muxbiri Ilya Ponomarenko tvitterdagi sahifasida seshanba kungi zarbalar «Ukrainaning Antonovskiy ko‘prigini yo‘q qilishga qaratilgan hujumi bo‘lmagani»ni aytadi. «Bunda raketa va artilleriya snaryadlaridan foydalanish ancha samarasiz. Menimcha, buning uchun Ukraina yaxshisi Su-24M va [kuchli aviatsiya] portlovchi-parchalanuvchi bombalaridan foydalangani ma’qul. Buning uchun esa avval Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi masalasini hal qilish talab etiladi», deb hisoblaydi u.

Hududning rossiyaparast yangi ma’muriyati vakillari ma’lum qilishicha, yangi hujumlar kutilayotgani tufayli hozirda Xerson oblastida havo hujumidan mudofaa tizimi kuchaytirilgan.

Antonovskiy ko‘prigi qanday strategik ahamiyatga ega?
Antonovskiy ko‘prigi - Dnepr orqali o‘tib, Xersonni daryoning chap sohili, jumladan Aleshki shahri bilan bog‘lovchi avtomobil o‘tish yo‘lidir. Uning uzunligi qariyb 1,4 km, kengligi - 25 metr.

Ko‘prik Rossiya armiyasi uchun muhim strategik ahamiyatga ega, Xerson va daryoning narigi sohilidagi qo‘shinlar uchun qurol va o‘q-dorilar o‘tkaziladigan asosiy yo‘llardan biri shu ko‘prik orqali o‘tadi.

Agar ko‘prik qulab tushsa, bu rossiyalik harbiylarning ta’minotini jiddiy darajada qiyinlashtiradi. Dnepr orqali o‘tgan boshqa eng yaqin ko‘prik taxminan 90 km masofada, Nova Kaxovkadan o‘tgan.

Bundan tashqari, Antonovskiy ko‘prigidan Qrim, Azov va Qora dengizning Rossiya hududidagi sohillariga olib boruvchi trassa ham o‘tgan.

Ukraina qurolli kuchlari bu ko‘prik tomon muvaffaqiyatli yurish qilsa, Rossiya qo‘shinlari Dneprning chap sohiliga chekinishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Voqealarning bunday rivojida Ukraina harbiylari Antonovskiy ko‘prigi orqali o‘tkazilishi mumkin, ammo harbiy ekspertlar aytishicha, RF armiyasi chekingudek bo‘lsa, katta ehtimol bilan uni portlatib yuboradi.

Ko‘prik hozirda ukrainlarning raketalari uchun yetib borish mumkin bo‘lgan nishonga aylangani faktining o‘zi mamlakat janubidagi harbiy harakatlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

«Antonovskiy ko‘prini Dneprning chap sohilidagi okkupantlar uchun asosiy ta’minot liniyasi hisoblanadi. Ular endi Ukraina qurolli kuchlari nishoni ostida turibdi. Ukraina qurolli kuchlari dushmanning front ortidagi omborlari va boshqaruv punktlarini muvaffaqiyat bilan yo‘q qilmoqda. Shuning uchun aytish mumkinki, ukrain qo‘shinlari bu hududda kirish taqiqlangan hudud tayyorlamoqda», degan Ukrainaning «Espresso» telekanali efirida harbiy ekspert, Kiyevdagi Defense Express kompaniyasi rahbari Valeriy Ryabix.

Ukraina Amerikaning 80 km masofadagi nishonlarga ham aniq zarba berishga qodir bo‘lgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari tufayli Rossiya qo‘shinlarining front ortidagi ob’ektlariga hujum qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. So‘nggi kunlarda Ukraina qurolli kuchlari bir necha marta Rossiyaning Xerson oblastidagi guruhlari ob’ektlariga, xususan Nova Kaxovkadagi o‘q-dori omborlariga zarbalar berdi.

G‘arb ekspertlari va ukrain harbiylarining fikricha, rossiyaliklarning o‘q-dori omborlari va boshqaruv punktlari muvaffaqiyatli o‘qqa tutilishi Ukrainaga RFning Severodonetsk va Lisichanskni egallab olishda qo‘l kelgan o‘t ochish kuchi bo‘yicha katta ustunligini yengib o‘tishga imkon beradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina harbiylari Xersondagi yirik ko‘prikka raketalar otdi. Bu ko‘prikning ahamiyati nimada?
-->