18:55 / 26.09.2022
1 508

Ijevskdagi maktabda otishma: qurbonlar soni 10 dan ortiq (video)

Ijevskdagi maktabda otishma: qurbonlar soni 10 dan ortiq (video)
Foto: Ilyas Bekmansurov / TASS
26 sentyabr tongida Ijevskdagi 88-sonli maktabga bostirib kirgan noma’lum shaxs o‘t ochdi. Hodisa tafsilotlari hozircha ma’lum emas: telegram-kanallar sinfxonalarda qamalib olgan o‘quvchilar jo‘natgan foto va videolarni tarqatgan.

13 kishi halok bo‘lgan, shundan 9 nafari maktab o‘quvchilari. Bu haqda Udmurtiya respublikasi rahbari Aleksandr Brechalov ma’lum qildi. Dastlabki xabarlarda qurbonlar orasida ikki qo‘riqchi va ikki o‘qituvchi borligi aytilgandi. Berchalovning xabar berishicha, 23 kishi, jumladan 20 o‘quvchi turli darajada tan jarohatlari olishgan. Baza nashri xabariga ko‘ra, ayrimlar yuqori qavatlardan sakrash vaqtida jarohatlangan.



Baza maktabdan evakuatsiya jarayoni aks etgan videoni ham namoyish etdi; unda qutqaruvchilar yarador o‘quvchilarni olib chiqayotgani, politsiyachilar odamlarni maktab atrofidan uzoqroqda turishga chorlayotganini ko‘rish mumkin.

Udmurtiya rahbari Aleksandr Brechalov 29 sentyabr kunini respublikada motam kuni deb e’lon qildi.

IIV ma’lumotiga ko‘ra, hujum qilgan shaxs o‘z joniga qasd qilgan. Baza ma’lumotiga ko‘ra, u natsistcha ramzlar aks etgan qora kiyimda bo‘lgan (bu ma’lumotni keyinroq Tergov qo‘mitasidagilar ham tasdiqladi) va ikkita Makarov to‘pponchasi bilan qurollangan (tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, bu travmatik qurol bo‘lishi mumkin). Soat 12:20 atrofida Tergov qo‘mitasi gumonlanuvchi jonsiz holda yotgan videoni namoyish etdi, tasvirlarda uning kiyimida svastika belgisi borligini ko‘rish mumkin.

Soat 13 atrofida Tergov qo‘mitasi gumonlanuvchining shaxsini ma’lum qildi — bu 1988 yilda tug‘ilgan, 88-maktabni tamomlagan Artyom Kazansev. «Ayni vaqtda Rossiya Tergov qo‘mitasi tergovchilari uning yashash manzilida tekshiruv o‘tkazishmoqda, uning shaxsi, qarashlari va atrofidagilar o‘rganilmoqda. Uning neofashistik qarashlar va natsistik mafkurasi tarafdori ekani tekshiriladi», — deyiladi Tergov qo‘mitasi bayonotida.

Udmurtiya rahbari Aleksandr Brechalov Artyom Kazansev ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turgani haqida xabar berdi. «112» telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, u muqaddam sudlanmagan va ma’muriy javobgarlikka ham tortilmagan.

Baza ma’lumotiga ko‘ra, jinoyatchining to‘pponchalarida 1999 yilda Amerrikadagi «Kolumbayn» maktabida 13 kishini o‘ldirgan Erik Harris va Dilan Kliboldning ismlari, shuningdek Columbine yozuvi aks etgan breloklar (zanjirli jevakcha) bo‘lgan. Qurol magaziniga «nenavist» (nafrat) yozuvi tushirilgan. RF hukumati Rossiyada «Kolumbayn» nomi ostida «terrorchilik harakati» mavjud deb hisoblaydi.

Bu bir kun ichida Rossiyada o‘qotar qurol qo‘llanishi bilan bog‘liq ikkinchi holat bo‘ldi. Ijevskdagi voqeadan biroz avvalroq Irkutsk oblastining Ust-Ilimsk shahrida qurollangan shaxs harbiy komissariat binosida sht ochib, harbiy komissarni jarohatlagandi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo