date
views 1 475

Rossiyadagi safarbarlik: mamlakat bo‘ylab harbiy komissariat binolariga o‘t qo‘yilmoqda

Rossiyadagi safarbarlik: mamlakat bo‘ylab harbiy komissariat binolariga o‘t qo‘yilmoqda
Foto: Telegram / «Mi — Lomonosovsi»
RF prezidenti Vladimir Putin 21 sentyabr kuni safarbarlik e’lon qilganidan keyin butun mamlakat bo‘ylab harbiy komissariat va ma’muriyat binolariga o‘t qo‘yish holatlarining yangi to‘lqini boshlandi. Harbiy komissariatlarga o‘t qo‘yish holatlari 24 fevral kuniyoq boshlangan, urush dastlabki yarim yilida Rossiyada kamida 20 ta harbiy komissariat binolari yoqib yuborilgandi, eng ko‘p holatlar may oyiga to‘g‘ri keladi; endi esa bunay hujum holatlari keskin o‘sdi.

Harbiy komissariatlar

Sankt-Peterburg. 21 sentyabr kuni kechqurun Peterburg tarkibiga kiruvchi Lomonosov shahrida Leningrad oblasti Lomonosov rayoni harbiy komissariati binosida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in birinchi qavatdagi cherkovga tegishli bo‘lgan xonada chiqqan. Yong‘in maydoni olti kvadrat metrni tashkil etgan. Hech kim jabrlanmagan.

Nijniy Novgorod. 21 sentyabr kuni kechqurun Kanavinskiy rayoni harbiy komissariati binosiga o‘t ketdi. Taxminlarga ko‘ra, birinchi qavatdagi derazalardan biri orqali «Molotov kokteyli» uloqtirilgan. Yong‘in maydoni bir kvadrat metrni tashkil etgan, chaqiruv punktidagi stomatologiya xonasi eshigi va poli shikastlangan. Jabrlanganlar to‘g‘risida xabar berilmagan.

Orenburg oblasti. 22 sentyabrga o‘tar kechasi Gay shahrida harbiy komissariat binosiga kirish eshigiga yonuvchi suyuqlik sepilib, o‘t qo‘yib yuborilgan. Yong‘in tezda o‘chirilgan, devorlardan biri shikastlangan.

Baykalorti o‘lkasi. 22 sentyabrga o‘tar kechasi Kir qishlog‘idagi harbiy komissariat binosiga yonuvchan suyuqlik to‘ldirilgan butilka uloqtirilgan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in sodir bo‘lmagan.

Amur oblasti. Svobodniy shahrida 23 sentyabrga o‘tar kechasi harbiy komissariat binosiga «Molotov kokteyli» uloqtirilgan, butilka asfaltga tushgan va yong‘in chiqib, binoning fasadi zararlangan. Hech kim jabrlanmagan.

Xabarovsk o‘lkasi. 23 sentyabrga o‘tar kechasi Xabarovskda Sanoat rayonidagi harbiy komissariat binosini yonuvchan modda to‘ldirilgan butilka orqali yoqib yubormoqchi bo‘lishdi, yong‘in ikki xonaga tarqalgan, jabrlanuvchilar bo‘lmagan.

Krasnoyarsk o‘lkasi. 24 sentyabrga o‘tar kechasi Kansk shahrida shahar harbiy komissariatini yoqib yuborishga uringan keksa yoshli kishi qo‘lga olindi.

Kaliningrad oblasti. 25 sentyabrga o‘tar kechasi Chernyaxovskda harbiy komissariat binosiga yonuvchan modda to‘ldirilgan butilka uloqtirildi. «Molotov kokteyli» alanga olgan, olovni o‘chirishgan. Oblast ma’muriyatidagilar jinoyatchilar «harbiy komissariatga kirishdagi axborot tablichkasini yoqib yuborishgani»ni ma’lum qilgan. Politsiyachilar kelgunicha o‘t qo‘yganlar qochib ketgan.

Mordoviya respublikasi. 25 sentyabr tongida Ruzayevka shahridagi harbiy komissariat binosiga deraza orqali ikkita «Molotov kokteyli»ni uloqtirishgan. Xonalardan birida yong‘in chiqqan, yong‘in maydoni bir kvadrat metrni tashkil etgan. Olovni o‘t o‘chiruvchilar kelgunicha o‘chirishgan, hech kim jabrlanmagan.

Leningrad oblasti. 25 sentyabr tongida Kirovsk shahrida Leningrad oblasti Kirov rayoni harbiy komissariati binosiga o‘t qo‘yilgan. Yong‘in birinchi qavatdagi 10 kvadrat metrlik xonani qamrab olgan. Qo‘riqchilar yong‘inni o‘chirishgan.

Volgograd oblasti. 26 sentyabrga o‘tar kechasi, Baza ma’lumotiga ko‘ra, Uryupinsk shahrida yashovchi 35 yoshli kishi harbiy komissariat binosiga yonuvchan modda to‘ldirilgan bir necha butilkani uloqtirgan. Uni patrul qo‘lga olgan.

Irkutsk oblasti. 26 sentyabr kui Ust-Ilimsk shahrida yashovchi 26 yoshli yigit harbiy komissariat binosida o‘t ochib, harbiy komissarga og‘ir tan jarohati yetkazdi. Gumonlanuvchi qo‘lga olindi.

Ma’muriy binolar («Yedinaya Rossiya» partiyasining bir filiali ham)

Samara oblasti
. 22 sentyabrga o‘tar kechasi Tolyattida shahar ma’muriyati binosi ayvoni va eshigiga o‘t ketdi. Binoga «Molotov kokteyli» uloqtirilgani taxmin qilingan. Yong‘in maydoni 10 kvadrat metrni tashkil etgan.

Volgograd oblasti. 23 sentyabrga o‘tar kechasi Kamishin shahri ma’muriyati binosiga «yonuvchan predmet» uloqtirilgan. Shahar ma’muriyati yong‘indan yetkazilgan zarar jiddiy emasligini bildirgan. O‘t qo‘yishda gumonlanuvchi qo‘lga olingan.

25 sentyabr tongida Volgograd yaqinidagi Bereslavka posyolkasida san’at maktabini ham o‘z ichiga olgan Bereslavka qishloq aholi punkti binosiga o‘t qo‘yildi. Bino to‘liq yonib ketgan.

Oltoy o‘lkasi. 23 sentyabrga o‘tar kechasi Selinnoye qishlog‘idagi qishloq kengashi binosi ham joylashgan madaniyat uyida yong‘in chiqdi. Natijada «Rossiya pochtasi» ofisi butkul yonib ketgan, ma’muriyat xonasining shifti yongan. Jabrlanuvchilar yo‘q.

Leningrad oblasti. 25 sentyabrga o‘tar kechasi Gatchinskiy rayonidagi Syaskelevskoye qishlog‘i ma’muriyati binosida yong‘in chiqdi. Ijtimoiy himoya bo‘limi xonalaridan biriga yonuvchan modda to‘ldirilgan ikkita butilka uloqtirilgan. Turli manbalarga ko‘ra, yong‘in maydoni 12 yoki 50 kvadrat metrni tashkil etgan. Jabrlanganlar yo‘q. O‘t qo‘yish moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Boshqirdiston respublikasi. 24 sentyabr tongida Salavat shahrida «Yedinaya Rossiya» partiyasi ofisi yonida avtomobil shinalari yoqib yuborilgan. Bino ichidan besh kishi qochib chiqqan. Hodisa tufayli plastik eshik shikastlangan, hech kim jabrlanmagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyadagi safarbarlik: mamlakat bo‘ylab harbiy komissariat binolariga o‘t qo‘yilmoqda