
Foto: Reuters
Reuters axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron tomonidan Rossiyaga uchuvchisiz uchoqlar va qisqa masofali ballistik raketalar yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga 6 oktabr kuni Moskvada erishilgan.
Eron Rossiyaga yer-yer sinfidagi raketalar, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlarining (UUA) qo‘shimcha partiyasini yetkazib berishni va’da qildi. Bu haqda 18 oktabr, seshanba kuni ikki nafar Eron rasmiysi va ikki nafar eronlik diplomatga iqtibos keltirgan holda Reuters agentligi xabar berdi.
Rossiya tomoni «ayniqsa Fateh va Zolfaghar turidan bo‘lgan ko‘proq uchuvchisiz uchoqlar va Eron ballistik raketalarini so‘radi», dedi diplomatlardan biri.
Kelishuvdan xabardor bo‘lgan G‘arb rasmiysi Tehron va Moskva o‘rtasida yer-yer sinfidagi qisqa masofaga uchuvchi ballistik raketalarni, shu jumladan yo‘l-mobil bir bosqichli qattiq yoqilg‘ili Zolfaghar'ni yetkazib berish bo‘yicha kelishuv borligini tasdiqladi.
Fateh - Eronning bir bosqichli qattiq yoqilg‘ili «yer-yer» mobil raketasi. Ikkalasi ham 300 dan 700 kmgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarni urishga qodir.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuv 6 oktabr kuni Eron birinchi vitse-prezidenti Muhammad Moxber, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondonligi ikki vakili va Islom Respublikasi Milliy xavfsizlik oliy kengashi vakilining qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar uchun Moskvaga tashrif buyurganida muvofiqlashtirilgan.
Eron taqdim etishga rozi bo‘lgan dron turlaridan biri - Shahed-136, havo-yer sinfidagi kamikadze droni bo‘lib, og‘irligi 50 kilogramm bo‘lgan jangovar kallak bilan jihozlanishi mumkin.
Shu bilan birga, eronlik diplomat Tehron BMT Xavfsizlik kengashining 2015 yildagi 2231-rezolyutsiyasini Rossiyaga uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berish orqali buzayotganini inkor etdi.
«Ular (qurollar) qayerda ishlatilishi sotuvchi uchun beriladigan savol emas. Biz Ukraina inqirozida taraf olmaymiz - G‘arbdan farqli o‘laroq. Biz inqirozni diplomatik yo‘llar bilan tugatishni xohlaymiz», - deydi agentlik suhbatdoshi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov, Rossiya Ukrainadagi kampaniyasida Eron dronlaridan foydalangani haqidagi savolga javob berar ekan, Kremlda bunday ma’lumotlar yo‘qligini aytdi.
«Bizda bunday ma’lumotlar yo‘q. Rossiya texnikasidan foydalaniladi, bu haqda o‘zingiz bilasiz, ruscha nomlar bilan. Qolgan barcha savollar bilan Mudofaa vazirligiga murojaat qilish mumkin», - dedi Peskov.
Rossiya Mudofaa vazirligi bu ma’lumotga hozircha izoh bermadi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 17 oktabr kuni kechki videomurojaatida 12 soat ichida, 16 oktabr soat 21:00 dan Eronda ishlab chiqarilgan 37 ta Shahed'lar va bir qancha qanotli raketalar yo‘q qilinganini bildirdi.
Oq uy matbuot kotibi Karine Jan-Per, o‘z navbatida, brifingda Rossiya tomonidan Ukrainadagi harbiy va fuqarolik nishonlariga nisbatan zarba berishda Eron qurollaridan foydalanganiga oid «to‘liq dalillar» borligini aytdi. Qo‘shma Shtatlar Rossiya-Eron qurol savdosiga qarshi sanksiyalarni «qat’iy» amalga oshirishda davom etadi, deya ma’lum qildi Oq uy.
Eron dronlarini ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan texnologiya AQSH sanksiyalariga duchor bo‘lishi mumkin, deya ogohlantirdi AQSH tashqi siyosat idorasi. «Rossiya va Eron o‘rtasidagi ittifoqning chuqurlashishi butun dunyo va ayniqsa, mintaqada jiddiy tahdid sifatida qabul qilinishi kerak bo‘lgan narsa», - dedi Davlat departamenti vakili.
17 oktabr kuni ertalab Kiyev markaziga Rossiya uchuvchisiz uchoqlari hujum qildi. Shevchenko tumanida beshta portlash sodir bo‘ldi, shaharga 28 ta dron hujum qildi, ularning aksariyati avtomatik qurollar va havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirildi, dedi shahar meri Vitaliy Klichko.
«Ular (Rossiya harbiylari) bizning havo hujumidan mudofaa tizimimizga kalit topdilar, u bizni uchuvchisiz uchoqlarga qarshi kurashda butun raketa zahirasini ishlatishga majbur qilishdan iboratdir», — dedi Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich Rossiya uchuvchisiz uchoqlari hujumlari fonida.
«UUAlarning birinchi partiyasi 300 dona, ikkinchi partiyasi esa ancha kattaroq. Jami - 2400 dona», dedi u. Arestovichning fikricha, Rossiya 2-3 oy davomida dronlardan foydalangan holda Ukrainaga hozirgi sur’atda hujum qilishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar