
Xitoyda birinchi marta poygachi ot klonlashtirildi, deb xabar beradi AFP.
Klonlashtirish bo‘yicha tajriba SinoGene kompaniyasi tomonidan o‘tkazildi, uning ustidagi ishlar 2021 yildayoq boshlangan edi. Klonlashtirilgan toychaning laqabi Chjuan Chjuan («baquvvat», «miqti») bo‘lib, u 2022 yil 16 iyun kuni dunyoga kelgan.
Somatik hujayralar Ursus laqabli nasldor otning teri namunasidan olindi, u Xitoyga 2007 yilda Germaniyadan keltirilgandi.
Chjuan Chjuan yetti oylik bo‘ldi, u 2028 yilgi olimpiadada qatnashishi mumkin. U vaqtgacha otning yoshi talab darajasigacha yetadi.
Klonlashtirishni amalga oshirgan kompaniya ma’lum qilishicha, klon o‘z originalining barcha xususiyatlarini olgan, ammo baribir mashq qilishi kerak bo‘ladi.
«Olimpiada uchun mo‘ljallangan har bitta otning narxi bir necha milliondan boshlanib, 10 million yuan (1,5 million dollar)gacha boradi. Klonlashtirish otlarni ko‘paytirish va yetishtirish qiymatini pasaytirish imkonini beradi», — dedi SinoGene bosh direktori Mi Szidun.
2022 yil sentyabrida Xitoy olimlari dunyoda birinchi bo‘lib Arktika bo‘risi (Canis lupus arctos)ni klonlashtirgani xabar berilgan edi. Bo‘ri bolasining dunyoga kelganini SinoGene biotexnologiya kompaniyasi bosh direktori Mi Szidun 20 sentyabr kuni maxsus tashkil qilingan taqdimot chog‘ida e’lon qilgandi.
Mi Szidun qayd etishicha, klonlashtirish jarayoni hayvonlar uchun xavfsiz bo‘lib, ularning salomatligiga ta’sir o‘tkazmaydi. Klonlarning hayoti davomiyligi ham oddiy hayvonlarnikidan farq qilmaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar