![Ukraina razvedkasi rahbari: Rus targ‘ibotchilarining ko‘pchiligini «jazoladik»](/uploads/posts/2023-05/bfbnfgfps0c9nfo90nhubh9mxzlyafba.jpg)
Foto: Getty Images
Ukraina razvedkasi bosh boshqarmasi (URBB) ko‘plab rus targ‘ibotchilarini «jazolashga» muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda boshqarma boshlig‘i Kirill Budanov «Raznie lyudi» loyihasiga bergan intervyusida ma’lum qildi. Shuningdek, u «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin haqiqatni gapirayotganini, Aleksandr Lukashenko esa rossiyaliklarni Belarus hududidan hujum qilishiga qarshi kurashayotganini aytdi.
«Ular kimning nishonlari?»
«Raznie lyudi» loyihasi rahbari Valeriy Savchuk Kirill Budanovdan rossiyalik media shaxslarga uyushtirilgan suiqasdlar haqida so‘radi. «Solovyov, Dugin, Simonyan - ular kimning nishoni?» dedi u.
«Ularning ko‘pchiligini allaqachon «jazoladik». Shunday holatlar borki, darhol ommaga ayon bo‘lmoqda. Ularning ko‘pchiligini «jazolaganmiz»...» dedi Budanov.
URBB rahbari o‘z xodimlarining yozuvchi, «LXR» qurolli tuzilmalarining faol tarafdori Zaxar Prilepinning hayotiga suiqasd qilinishiga aloqasi borligiga aniqlik kiritmadi.
«Agar siz shaxslar haqida so‘rasangiz, men har qanday jahon razvedkasi kabi an’anaviy tarzda javob berishim kerak: biz bu holatga izoh bera olmaymiz, ma’lumotni tasdiqlamaymiz, inkor ham qilmaymiz», dedi Budanov.
2022 yil 20 avgust kuni Moskva viloyatida faylasuf va «rus dunyosi» mafkurachisi Aleksandr Duginning qizi Darya Duginaning mashinasi portlab ketdi. Keyinchalik, Kirill Budanov Darya Duginaning o‘ldirilishiga aloqadorligi haqidagi savolga javob berar ekan, o‘zining xodimlari Ukrainaning to‘liq g‘alabasiga qadar dunyoning istalgan nuqtasida ruslarni o‘ldirganini va o‘ldirishga tayyorligini aytdi. AQSH Davlat departamenti bu bayonotni tanqid qildi.
2023 yil 2 aprelida targ‘ibotchi Vladlen Tatarskiy Sankt-Peterburgdagi kafeda halok bo‘ldi. Uning qo‘lida Darya Trepova sovg‘a qilgan haykalcha portlab ketdi.
2023 yil 6 may kuni Nijniy Novgorod viloyatida Zaxar Prilepinning mashinasi portlab ketdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, noma’lum shaxs «Rus dunyosi»ning faol tarafdori avtomobili harakatlanadigan yo‘nalishga mina o‘rnatgan. Prilepin jarohat oldi, uning haydovchisi vafot etdi. Qotillikda gumon qilinib, Nijniy Novgorod shahrida yashovchi Aleksandr Permyakov va yana bir erkak qo‘lga olindi. Permyakov go‘yoki Ukraina maxsus xizmatlari ko‘rsatmasi bo‘yicha ishlagani, yo‘lga bomba o‘rnatgani va uni masofadan turib portlatganini tan oldi.
Ukraina rasmiylari suiqasdda rossiyalik partizanlar ishtirok etganini bir necha bor ta’kidladi. Ammo Kirill Budanov o‘z intervyusida Rossiyada birlashgan partizan tashkiloti yo‘qligini aytdi.
«Prigojin so‘zlarining aksariyati to‘g‘ri»
URBB rahbari Yevgeniy Prigojin tomonidan tashkil etilgan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi Rossiyaning muntazam armiyasidan ko‘ra ko‘proq samaradorlik ko‘rsatganini aytdi.
Kirill Budanov so‘zlariga ko‘ra, Prigojin qo‘llab-quvvatlash va snaryadlar yetishmasligi haqida gapirganida aldamagan.
«Bu Mudofaa vazirligi rasmiylarining hasadi tufayli», deb baholadi u «Vagner» bilan bog‘liq vaziyatni.
«Eng qo‘rqinchlisi - Prigojin aytgan gaplarning ko‘p hollarda haqiqat ekani. Uning 80 foiz gapi haqiqat», dedi Budanov.
2023 yil 16 mart kuni The Washington Post (WP) gazetasi Yevgeniy Prigojinning Ukraina razvedkasi bilan aloqasi haqida xabar berdi. Jumladan, «Vagner» asoschisi ukrainaliklarga Baxmutni tark etishni, evaziga rus qo‘shinlarining pozitsiyalari haqida ma’lumot berishini aytgan.
Nashr qo‘lga kiritgan hujjatlarga ko‘ra, «vagnerchilar» boshlig‘i go‘yoki Afrika davlatlaridan birida Ukraina razvedkasi xodimlari bilan uchrashgan va ularga Rossiya qo‘shinlarining ruhiyati pastligi fonida Qrim tomon yurishni maslahat bergan.
Kreml WP xabariga izoh berishdan bosh tortdi. Vladimir Zelenskiy jurnalistlarning bu boradagi savollariga javob berishdan qochdi. Yevgeniy Prigojin Rossiya qo‘shinlarining joylashuvi haqidagi ma’lumotlarning ahamiyati yo‘qligini, chunki buni sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan kuzatish mumkinligini aytdi. Keyinchalik u askarlar jasadini almashish maqsadida Kirill Budanov bilan aloqada ekanini tan oldi.
«Lukashenko ahmoq emas»
Shuningdek, Kirill Budanov Ukraina qo‘shinlari rossiyaliklarni chalg‘itishga muvaffaq bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi bu ukrainaliklarga Qurolli kuchlarning qarshi hujumga oid rejasini aniq tushuntirishdan ko‘ra muhimroq. URBB rahbari, shuningdek, Rossiya Qurolli kuchlari o‘z pozitsiyalarini himoya qilishga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganini tan oldi.
«Ammo Rossiya endi jiddiy hujum operatsiyalarini amalga oshirishga qodir emas», dedi u.
Budanov shuningdek, Belarusdan rus qo‘shinlarining hujumi takrorlanishini kutmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, URBB barcha usullarni ishga solib, jumladan, Oliy Rada deputatlaridan foydalangan Belarus hukumati bilan muloqot qilgan.
«Lukashenko, biz uni yoqtiramizmi yoki yo‘qmi, ahmoq emas. U 24 fevraldagi vaziyatning takrorlanishiga birinchilardan bo‘lib yo‘l qo‘ymoqchi emas», dedi Budanov.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar