01:21 / 13.07.2023
457

NATO davlatlari sammitdan keyin Ukrainaga qanday qurollar yuboradi?

Foto: The Washington Post

Vilnyusda NATOning ikki kunlik sammiti davom etmoqda, unda alyans ittifoqchilari Ukrainaga har tomonlama yordam berishga tayyor ekanini bildirdi. Qurol yuboradigan davlatlar orasida Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Avstraliya, Fransiya bor.

Quyida NATOga a’zo mamlakatlarning yangi yordam paketlari haqida muhim ma‘lumotlar taqdim etiladi.

Germaniyadan “Vilnyus” to‘plami

11-iyul kuni NATO sammitining birinchi kunida Germaniya kansleri Olaf Shols mamlakat Ukrainaga qariyb 700 million yevrolik yangi harbiy yordam paketini tayyorlaganini aytdi. U “Vilnyus” nomini olgan.

Berlin Kiyevga Patriot havo mudofaa tizimining ikkita uchiruvchi qurilmasini, 40 ta Marder piyoda jangovar texnikasini, 25 ta Leopard 1A5 tankini topshirish niyatida.

Foto: Patriot / Texkult

Shuningdek, Ukrainaga beshta ta’mirlash-tiklash zirhli texnikasi, 20 ming dona artilleriya o‘q-dorilari va 5000 dona 155 millimetr kalibrli tutun snaryadlari, minalardan tozalash uskunalari yuboriladi.

Foto: LUNA/ Wikipedia

Bundan tashqari, Germaniya yangi yordam paketiga nemis LUNA qisqa masofali razvedka uskunalari va dronlarga qarshi uskunalar to‘plamini kiritgan.

Buyuk Britaniyadan Challenger 2

Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak 12-iyul kuni Ukrainaga yangi 65 million dollarlik harbiy yordam paketini e’lon qildi. Ajratilgan mablag‘ Britaniyada uskunalarni ta’mirlash va harbiy reabilitatsiya markazini yaratishga yo‘naltiriladi. Uni moliyalashtirish NATOning Ukrainaga keng qamrovli yordam paketi hisobidan amalga oshiriladi.

Foto: Challenger 2 /Wikipedia

Bundan tashqari, Britaniya Ukrainaga 70 dan ortiq jangovar va logistika vositalari, shuningdek, Challenger 2 tanklari uchun minglab snaryadlar berishga tayyor.

Norvegiya va Daniyadan NASAMS

Norvegiya hukumati Ukrainaga NASAMS havo mudofaa tizimlarini qo‘llab-quvvatlash paketini taqdim etadi. Norvegiya Mudofaa vazirligi Kiyevga ikkita qo‘shimcha yong‘inni nazorat qilish markazi, ikkita NASAMS raketasi va ehtiyot qismlarni berishini ma’lum qildi.

Foto: NASAMS / Wikipedia

Daniya, shuningdek, Ukrainaga ikkita NASAMS havo hujumidan mudofaa tizimi va 1000 ta Black Hornet droni yuboradi.

Avstraliyadan zirhli mashinalar

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaniz mamlakat Ukrainaga 20 ta Bushmaster Protected Mobility Vehicle taqdim etishini tasdiqladi. Bu haqda hukumat rahbari Twitter’da ma’lum qildi.

“Yangi harbiy yordam paketi Bushmasterlarning umumiy sonini 120 taga yetkazadi”, — deydi Braziliya bosh vaziri.

Zelenskiy bunga javoban Ukrainaga berilayotgan yangi mudofaa paketi uchun minnatdorlik bildirdi.

Foto: Bushmaster Protected Mobility Vehicles
“Rahmat! Kuchli yangi mudofaa paketi, jumladan, 30 ta Bushmaster. Har doimgidek, bizda to‘liq siyosiy tushunish bor. Muvaffaqiyatli uchrashuv”, — deb yozdi Ukraina prezidenti Twitter’dagi sahifasida.

Fransiyadan qanotli raketalar

Fransiya Ukrainaga SCALP qanotli raketalarini topshiradi, OAVning Parijdagi diplomatik manbaga tayanib xabar berishicha, ularning bir qismi allaqachon Ukrainaga yetkazilgan.

O‘z navbatida, Kiyev “Rossiyaning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan hududiga” hujum qilish uchun raketalardan foydalanmaslikka va’da bermoqda.

Foto: SCALP / Getty Images

Eslatib o‘tamiz, 11-iyul kuni Vilnyusda bo‘lib o‘tayotgan NATO sammitining birinchi kunida Fransiya prezidenti Emanuel Makron Ukrainaga qurol-yarog‘ va texnika yetkazib berish hajmini oshirish niyatida ekanini ma’lum qildi. U qanday turdagi va qancha qurollar haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmagan.

Yaponiyadan dronlar aniqlash tizimi

Tokio Ukrainaga NATO mablag‘lari hisobidan ajratilgan 30 million dollar miqdorida dronlarni aniqlash tizimlarini yetkazib bermoqchi. Bu haqda Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida NATOning Vilnyusdagi sammitidagi chiqishi chog‘ida aytib o‘tdi. 

“Asosiy qadriyatlar va strategik manfaatlarga ega bo‘lgan hamkorlar o‘zaro aloqalarini yanada mustahkamlashi kerak”, — dedi u.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » NATO davlatlari sammitdan keyin Ukrainaga qanday qurollar yuboradi?
ePN