Foto: Videodan kadr
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov og‘ir xastalik haqidagi mish-mishlar ortidan yangi videoni e’lon qildi. U o‘zining Telegram kanalida Moskvada ekanini yozgan.
“Moskvaga ish safari doirasida fuqaro mudofaasi, favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish vaziri Aleksandr Kurenkov bilan uchrashdim”, — deyiladi xabarda.
Video alohida qismlardan iborat bo‘lib, ularning ovozi audio trek shaklida alohida joylashtirilgan. Kurenkov Qodirovga Checheniston hududlarini minalardan tozalash sur’ati haqida gapirgan.
Bundan avvalroq Qodirov kasalligi haqidagi mish-mishlar fonida ikkita video e’lon qilgandi. Ulardan birida Checheniston rahbari haqiqatni yolg‘ondan ajrata olmaganlarga “toza havoda sayr qilishni” tavsiya qilgan.
Ikkinchi videoda esa sog‘lom ekani, Moskvadagi klinik shifoxonaga amakisining holidan xabar olishga kelganini aytgan.
Checheniston rahbarining kasalligi haqidagi mish-mishlar
Qodirovning sog‘lig‘i keskin yomonlashgani haqidagi mish-mishlar 2023 yilning bahorida paydo bo‘lgandi. Bunga Checheniston rahbarining o‘zgargan qiyofasi sabab bo‘lgan. Jumladan, u juda ko‘p vazn olgan, yuzlari shishgan va nosog‘lom ko‘rinishga ega bo‘lgan. Shundan so‘ng buyrak bilan bog‘liq muammolar haqidagi versiyalar paydo bo‘lgan. Muammolar zaharlanish natijasida yuzaga kelgani haqida mish-mishlar tarqalgan.
Manbalarning ta’kidlashicha, so‘nggi paytlarda Checheniston rahbari ko‘p vaqtini xorijda o‘tkazib, respublikani boshqarishdan uzoqlashmoqda. O‘z navbatida, Ramzan Qodirov bedavo dardga chalingani haqidagi mish-mishlarni rad etib keladi.
U avvalgidek sport bilan shug‘ullanishi, tog‘larga chiqishi, Chechenistonni rivojlantirishdagi muhim masalalarni muhokama qilish bilan shug‘ullanayotganini ta’kidlagandi. Bundan tashqari, u qo‘lida tibbiy asbob emas, balki elektron tasbeh borligini tushuntirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!