Foto: president.gov.ua
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 147 nafar jismoniy shaxs va 303 ta yuridik shaxsga nisbatan sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi.
Sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganlar orasida O‘zbekiston korxonalari va fuqarolari ham bor.
Jumladan, Akkermann Sement SA (Ohangaron), «Ohangaronsement» AJ, shuningdek, Narziyeva Nargiza Erkinovna (30.06.1984 y. tug‘ilgan), Nosirxo‘jayev Shohrux Olimjonovich (07.09.1980 y.) sanksiyalar ro‘yxatidan joy olgan.
Cheklovlar aktivlarni blokirovka qilish, mol-mulkni tasarruf etishni taqiqlash, savdo operatsiyalarini cheklash, iqtisodiy va moliyaviy majburiyatlarni to‘xtatib turish, qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni to‘liq yoki qisman taqiqlash kabi ko‘plab choralarni o‘z ichiga oladi.
Farmonda fuqarolar va kompaniyalarning qaysi qonunlarni buzgani haqida ma’lumot berilmagan. Biroq, prezident Zelenskiy o‘zining kechki videomurojaatida sanksiya ostiga tushganlarni Rossiya tajovuzkorligi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashda yoki unga yordam berishda aybladi.
Ta’kidlanishicha, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqi, AQSH va boshqa davlatlar vakolatli organlarini ushbu sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida xabardor qilishi shart.
O‘zbekistonliklardan tashqari Rossiya, Ukraina, Ruminiya, Kipr, Buyuk Britaniya, Lixtenshteyn, Avstriya, Shveysariya va Belarus fuqarolari ham sanksiyalarga duchor bo‘lgan. Yuridik shaxslar orasida sanksiyalar ro‘yxatiga aviatsiya, qurilish va texnologiya sohalarida faoliyat yurituvchi, xususan, Rossiya, Kipr, BAA va Xitoyda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar kiritilgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring