Foto: Risture Allianse
Rossiya harbiy sudlariga 2022 yil sentyabrida safarbarlik boshlanganidan keyin harbiy qismlarni ruxsatsiz tashlab chiqib ketish bo‘yicha 4121 ta jinoiy ish kelib tushdi. Bu haqda 24 noyabr, juma kuni harbiy sudlar saytlari ma’lumotlarini o‘rganib chiqqan «Mediazona» xabar berdi.
Ularning 3 ming 470 tasi yuzasidan sud qarorlari qabul qilingan. «Harbiy qismlarni ruxsatsiz tark etish bo‘yicha ishlarning aksariyati shartli jazo bilan yakunlangan va shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar uchun bunday qarorlarning ulushi 63 foizni, safarbar qilingan askarlar uchun esa biroz pastroq - 56 foizni tashkil qiladi», deyiladi materialda. Shartli jazo, ta’kidlanishicha, harbiy xizmatchiga frontga qaytish imkonini beradi.
«Mediazona» tomonidan harbiy qismni tark etish bo‘yicha jinoiy ishlar bilan bir qatorda, safarbarlik davrida qat’iylashtirilgan 317 ta ish - buyruqni bajarmaslik, 96 ta ish - dezertirlik, 54 ta ish - komandirni kaltaklash va 42 ta ish boshqa moddalar bo‘yicha aniqlangan.
Nashr e’lon qilgan infografikaga ko‘ra, eng ko‘p ishlar Moskva (309) va Rostov (224) viloyatlarida, shuningdek, Primorsk o‘lkasida (181) qayd etilgan. 123 ta ish Moskva shahrida, 116 tasi esa Sankt-Peterburgda qo‘zg‘atilgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring