06:00 / 26.11.2023
156

HAMAS Isroilni sulhga amal qilmaslikda aybladi va garovdagilarni ozod etishni to‘xtatdi

HAMAS Isroilni sulhga amal qilmaslikda aybladi va garovdagilarni ozod etishni to‘xtatdi

Foto: AFR/ Mohammed Abed

Falastinning HAMAS harakati harbiy qanoti «Al-Qassam brigadalari» garovga olingan isroilliklarning ikkinchi guruhini ozod qilish ortga surilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Qatarning Al-Jazeera telekanali guruhga tayanib xabar berdi.

Qayd qilinishicha, HAMAS Isroilni sulh shartlarini bajarmaganlikda, jumladan, insonparvarlik yordami ortilgan yuk mashinalarini G‘azo shimoliga kiritmayotganlikda va falastinlik mahbuslarni qo‘yib yubormayotganlikda ayblagan. Shu sababli garovga olingan isroilliklarni ozod qilishdan bosh tortmoqda. Al-Jazeera qayd etganidek, HAMAS Isroildan birinchi navbatda katta yoshdagi mahbuslarni ozod etishni talab qilmoqda.

O‘z navbatida, Isroil sulh shartlarini buzganini inkor etmoqda. BBS nashrining yozishicha, Isroil garovga olinganlarning ikkinchi guruhi 25 noyabr yarim tungacha ozod etilmasa, G‘azo sektorida janglarni qayta boshlash bilan tahdid qilmoqda.

Isroil rasmiylari HAMAS harbiy qanoti bayonotiga hozircha izoh bermagan.

HAMAS 25 noyabr kuni 42 falastinlik asir ozod etilishi evaziga garovga olingan 13-14 kishini qo‘yib yuborishi kutilgandi.

Avvalroq, Isroil va HAMAS G‘azo sektorida o‘t ochishni vaqtinchalik to‘xtatishga kelishib oldi. Kelishuv doirasida HAMAS garovga olingan 50 nafar ayol va bolani ozod qiladi. Buning evaziga Isroil hukumati 150 nafar falastinlikni qamoqdan chiqarib yuboradi. Kelishuvga ko‘ra, garovdagilar va mahbuslar 1/3 nisbatda ozod etiladi.

24 noyabr kuni HAMAS garovga olingan isroilliklarning birinchi guruhini – 13 nafar ayol va bolani ozod qildi. Isroil 39 nafar falastinlik mahbusni qamoqdan qo‘yib yubordi, shuningdek, insonparvarlik yordami ortilgan 200 ta yuk mashinasining G‘azo sektoriga kirishiga ruxsat berdi. Isroil harbiylariga ko‘ra, G‘azo sektorining shimoliy qismiga 50 ta mashina yetib borgan.

Isroil armiyasining ma’lum qilishicha, HAMAS bilan 4 kunlik sulh muddati tuguganidan keyin G‘azo sektorida janglar davom ettiriladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo