Qozog‘istonda fohishaxonalar bo‘yicha ommaviy reydlar o‘tkazilmoqda. Bu haqda “Polisia.kz” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘tkazilgan reydlarning birinchi kunida ichki ishlar organlari tomonidan fohishalik bilan shug‘ullanish uchun binolar berish bilan bog‘liq 70 dan ortiq holat aniqlangan. Aybdorlar mamlakat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 450-moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, tezkor-profilaktika tadbirlari davomida Semey shahrida yashovchi fuqarodan 3 mln tenge pul o‘g‘irlangani, uning bank kartasi intim xizmat ko‘rsatgan qiz tomonidan o‘g‘irlab ketilib, naqd pulga aylantirib olingani aniqlangan.
Atirau viloyatida o‘tkazilgan reyd davomida esa Turkiston viloyatida 18 yildan beri bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatidagi ayol topilgan. Suhbat davomida u ota-onasi bilan janjal tufayli 2005 yilda 16 yoshida uyidan chiqib ketgani va mamlakatning turli shaharlarida yashab kelganini aytgan. Hozirda qizni oilasiga jo‘natish uchun tegishli choralar ko‘rilib, huquqiy maslahatlar berilmoqda.
“Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmalari politsiya bilan birgalikda reydlarni davom ettiradi”, deyiladi xabarda.
Oldinroq Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) rahbari Qamchibek Tashiyev huquq-tartibot idoralaridan intim xizmat ko‘rsatuvchi muassasalarni 1 dekabrga qadar yopishni talab qilgandi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring