15:46 / 27.12.2023
218

Volodin AQSH va YEIni Serbiyadagi vaziyatni keskinlashtirishga urinishda aybladi

Volodin AQSH va YEIni Serbiyadagi vaziyatni keskinlashtirishga urinishda aybladi
Foto: Anton Novoderezhkin/ITAR-TASS/IMAGO

Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin mamlakatdagi saylovlarda ehtimoliy soxtalashtirishlar sodir etilganidan keyin Serbiyada boshlangan norozilik namoyishlariga izoh berdi. U hozirgi Serbiya hukumatini «ko‘pchilikning tanlovini himoya qilishga» chaqirdi. «Aks holda nima sodir bo‘lishi hammaga yaxshi ma’lum: mamlakat mavjud bo‘lishni to‘xtatishi mumkin», — deb yozdi Volodin 26 dekabr, seshanba kuni o‘zining Telegram-kanalida.

Shu bilan birga, rossiyalik deputat Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqini «to‘ntarishga urinishni tashkillashtirishda» va «vaziyatni tashqaridan izdan chiqarishga urinishda» aybladi. Serbiyada parlament va mahalliy saylovlardan keyin bir haftadan ortiq vaqtdan beri norozilik namoyishlari davom etmoqda. «Serbiya zo‘ravonlikka qarshi» muxolifat siyosiy koalitsiyasi tarafdorlari ehtimoliy soxtalashtirish holatlariga qarshi norozilik bildirmoqda.

Serbiyada saylov natijalari va ehtimoliy soxtalashtirish

Serbiyada saylovlar 17 dekabr kuni bo‘lib o‘tdi. Prezident Vuchichning hukmron o‘ng qanot populist Serbiya progressiv partiyasi (SNS) Xalq assambleyasiga (bir palatali parlament) saylovlarda qariyb 47 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Muxolifatdagi «Zo‘ravonlikka qarshi Serbiya» 23 foiz to‘plagan.

Ertasi kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Ittifoqi parlamenti va Yevropa kengashi vakillaridan iborat xalqaro kuzatuvchilar missiyasi saylov uchastkalarida qator qonunbuzarliklar, xususan, zo‘ravonlik, ovozlarni sotib olish va soxta saylov byulletenlarini tashlash holatlari haqida xabar berdi. Vuchich soxtalashtirish bo‘yicha ayblovlarni rad etyapti.

Norozilik namoyishlarining kuchayishi

18 dekabr kuni Belgradda minglab namoyishchilar ishtirokida boshlangan norozilik namoyishlari 24 dekabr, yakshanba kunigacha tinch davom etdi, so‘ng yuzlab namoyishchilar poytaxt shahar ma’muriyati binosiga bostirib kirishga urindi, ulardan ba’zilari bino oynalarini sindirdi. Politsiya namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan, o‘nlab odamlar qo‘lga olingan.

25 dekabr kuni Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Serbiyaning qonuniy saylangan hukumatini ag‘darishga urinish va tartibsizliklarni xorijdan uyushtirilgan deb atadi. Serbiya politsiyasiga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida kamida 38 kishi qo‘lga olingan. Ular konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirish va hukumatni ag‘darishga urinish, shuningdek, zo‘ravonlik harakatlarida ayblanmoqda. To‘qnashuvlar natijasida sakkiz nafar politsiya xodimi jarohatlangan. Namoyishchilar, o‘z navbatida, politsiyani ularga nisbatan asossiz zo‘ravonlik qo‘llaganlikda ayblamoqda.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo