18:44 / 04.01.2024
280

«O‘taketgan haddan oshish va qonunsizlik» — yuristlar Ramzon Qodirovning jinoyatchilarning qarindoshlarini jazolashga chaqirig‘i haqida

«O‘taketgan haddan oshish va qonunsizlik» — yuristlar Ramzon Qodirovning jinoyatchilarning qarindoshlarini jazolashga chaqirig‘i haqida

Foto: TAISIYA BORSHIGOVA/TASS
Checheniston rahbari Ramzon Qodirov yangi yil oldidan o‘tkazilgan yig‘ilishda chechen kuchishlatar tuzilmalarini jinoyatga qo‘l urganlarning qarindoshlarini jazolashga chaqirdi. BBC bilan gaplashgan yuristlar Qodirovni bu chiqishi uchun Jinoyat kodeksining bir necha moddasi ko‘ra javobgarlikka tortish mumkinligini aytishgan.
 
Ramzon Qodirovning ilgarigi shov-shuvli chiqishlari ham hech qanday oqibatlarsiz qolib kelgan. Bu safar ham na Kreml, na Davlat dumasidagilar Chechniston rahbarining yangi chiqishini izohlashdi.
 
Ramzon Qodirov nima dedi?
 
«Jamoat xavfsizligini ta’minlash» bo‘yicha majlis tasviri biriktirilgan postni Ramzon Qodirov o‘z telegram kanalida 30 dekabr kuni e’lon qilgan. Videoga sharhda Ramzon Qodirov ushbu so‘zlarni yozgan:
«Insonning hayotiga har qanday tahdidga urinish aybdorning qarindoshlariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazishi kerak [...] Yaqin qarindoshlar ularning oilasi vakili nima ishlar bilan bandligini bilishi kerak, chechen odatlar bizni asrlar osha tarbiyalaganidek, uning uchun javobgarlikka ega bo‘lishi kerak». 
 
Videoning o‘zida respublika rahbari chechen tilida yanada radikalroq chiqish qilgan. U jinoyatda ayblanayotganlarning qarindoshlarini o‘ldirish mumkinligiga shama qilgan.
 
«Sizlarni nega chaqirdim? Biror narsadan shubhalangan [kuchishlatar organlarning] har qanday xodimi unga albatta e’tibor qaratishi kerak. Odam qayerdan, qaysi oiladan ekanligi muhim emas. Jamoat tartibini buzgan, [kuchishlatar organlar] xodimiga yoki respublikaga kelgan mehmonlarga qo‘l ko‘targan har qanday inson bilishi kerakki, agar biz uni topa olmasak, biz uning uyidagilarni albatta topamiz.
 
Bizning ajdodlarimiz doim shunga amal qilib kelishgan: agar aybdor topilmasa qonli qasos uning aka-ukasi yoki otasidan olingan. Biz ham qarindoshlaridan qonli qasos olamiz.
 
Chunki qarindoshi birovni o‘ldirgan odamlar qotildan voz kechganmiz, deb bemalol yashab yurishibdi. Biz undaylarning oilasidan kimnidir otib tashlamagunimizcha hech kim qarindoshidan voz kecha olmaydi», — degan Checheniston rahbari.
 
Yuristlar Checheniston rahbarini bu gaplari uchun jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladigan JK moddalarini sanayu berishdi. BBC ularning xavfsizligini o‘ylab, nomlarini oshkor etmagan.
 
«O‘taketgan haddan oshish va qonunsizlik. Bunday gaplarni aytishning o‘zi jinoyat va normal davlatda javobgarlik olib keladi. Hech kim o‘ldirish huquqiga ega emas, hattoki davlat ham — Rossiyada o‘lim jazosiga moratoriy hamon amalda», — degan jinoiy ishlar bo‘yicha advokat.
 
Hattoki taxmin qilinayotgan jinoyatchining qarindoshlari manziliga tahdidlar amaliyotda qo‘llanmagan taqdirda ham, bunday bayonotlarni davlat lavozimini egallagan shaxs tomonidan xizmat vazifasini kuch ishlatish tahdidi bilan suiiste’mol qilish o‘laroq kvalifikatsiya qilish mumkin. Bu Rossiya Federatsiyasi JKning 286-moddasi 3-qismi bo‘yicha 10 yilga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi, degan advokat.
 
Agar Checheniston rahbari bayonotiga ko‘ra, chechenistonlik kuchishlatar tizim xodimi «jinoyatchi deb sanalayotgan shaxs»ning qarindoshini o‘ldirsa, bunday xodim RF JKning 105-moddasi — qotillik ayblovi bilan (maksimal jazo — umrbod qamoq jazosi), Chechenston rahbarining o‘zi esa RF JKning 286-moddasi 3-qismiga ko‘ra vakolatlarini suiiste’mol qilish, va 105-moddaga ko‘ra, qotillikda ishtirok etish bo‘yicha javobgarlikka tortilishi kerak, degan advokat.
 
Qotillikdan qonli qasos olish motivi Jinoyat kodeksiga ko‘ra og‘irlashtiruvchi holat hisoblanadi, deya aniqlik kiritadi boshqa yurist.
 
Biroq Qodirov aytayotgan shaklda qonli qasos olish motivi formal jihatdan aniq-ravshan bo‘y ko‘rsatmaydi (ya’ni bunday harakatlarni qonli qasos deb atash mumkinligi savol keltirib chiqaradi), lekin bunday qotillikni ekstremistik motiv bo‘yicha kvalifikatsiya qilish mumkin. Bunday qotilliklarga RF JKning 105-moddasi 2-qismi bilan jazo — 8 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanadi, deya tushuntirgan yurist.
 
Bayonotning o‘ziga keladigan bo‘lsak, Qodirov unda «aksilekstremitik qonunchilik chegarasida muvozanatni ushlagan», degan yurist.
 
Rossiya sudlari amaliyotidan kelib chiqadigan bo‘lsa, agar bu so‘zlarni Qodirovdan boshqa inson aytganda «ekstremistik faoliyatni amalga oshirishga chaqiruv» (RF JKning 280-moddasi) yoki «xizmat vazifasidan foydalanib nafrat yoki adovat uyg‘otish, shuningdek inson qadr-qiymatini yerga urish» (RF JKning 282-moddasi) bilan kvalifikatsiya qilish mumkin, degan BBC suhbatdoshi.
 
Birinchi variantda jarima qo‘llashdan tortib, ma’lum bir mansabni egallash huquqidan mahrum qilib, 4 yil koloniyaga yoki shu muddatga ma’lum bir faoliyat bilan shug‘ullanishdan mahrum etish bilan jazolash mumkin. Ikkinchi holat aniq olti yil koloniyaga hukm qilinishga sabab bo‘ladi.
 
Qodirovga nimadir jazo bormi?
 
Checheniston rahbari Rossiya qonunchiligiga zid bayonotlarini avval ham bir necha bor qilgan. Biroq hech qachon bu bayonotlar Qodirov uchun oqibatlar keltirib chiqarmagan.
 
Masalan, qo‘shni Dog‘istonda oktyabr oyi oxirlarida yuz bergan antisemit chiqishlar chog‘ida Checheniston rahbari huquq-tartibot organlari xodimlariga ruxsat etilmagan mitinglar qatnashchilariga qarata o‘q uzishni tavsiya qilgan.
 
«Agar bizda ruxsat etilmagan tartibsizliklarda qatnashgan birorta odam topilsa, uni ushlab qamanglar. Uch marta osmonga ogohlantiruvchi o‘q uzinglar — to‘rtinchi o‘q peshonasiga qadalsin. Shunda boshqa ko‘chaga chiqishmaydi. Bu mening buyrug‘im», — degan edi Checheniston rahbari.
 
25 sentyabr kuni Ramzon Qodirov o‘zining 15 yoshli o‘g‘li Adam Qur’onni yoqishda ayblanayotgan Nikita Juravelni urgani tasvirlangan videoni e’lon qildi. Rolikning e’lon qilinishi ijtimoiy tarmoqlarda e’tiroz to‘lqinini keltirib chiqardi. Rossiya hukumatidagilar videoga mutlaqo izoh berishmadi, garchi BBC tomonidan so‘ralgan yuristlar videoda insonni urishga daxldor odamlar va bu videoni tarqatgan Qodirovni Rossiya qonunlari bo‘yicha kamida 9 ta moddaga ko‘ra javobgarlikka tortish mumkinligini aytib chiqishgan edi.
 
13 dekabr kuni videoni izohlar ekan, Checheniston rahbari agar o‘g‘li Adam Nikita Juravelni o‘ldirib qo‘yganida «juda yaxshi bo‘lar edi», degan.
 
«[Adamni] jazolash? Nimaga jazolanar ekan? Agentni [hibsga olingan Nikata Juravelni] urgani uchunmi? Uni o‘ldirib o‘yganida juda yaxshi bo‘lar edi. Qur’onni yoquvchilarni eslaganimda menda bitta istak, bitta orzu paydo bo‘ladi — ular jazoga tortilishi kerak», — degan respublika rahbari.
 
Adam Qodirovga video e’lon qilinganidan buyon 9 ta orden va medallar, jumladan «Checheniston Respublikasi qahramoni» medali, «Qobordin-Bolqor respublikasi oldidagi xizmatlari uchun» ordeni, «Do‘stlik» ordeni va boshqalar topshirilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo