06:04 / 23.03.2024
576

Moskvadagi terakt guvohlari nimalar deyishmoqda?

Moskvadagi terakt guvohlari nimalar deyishmoqda?
Foto: Reuters
Moskva markazidagi «Krokus Siti Xoll» kontsert zalida Rossiya oxirgi 10 yilligidagi eng dahshatli terakt sodir etildi. Qurollangan odamlar zalga bemalol kirib odamlarni avtomatda otib tashladi. U erda nima boʻlayotgandi oʻzi? Bu dahshatdan omon chiqqanlar nima demoqda?

Terakt «Piknik» guruhi kontserti boshlanishidan 10 daqiqa avval boshlandi. Qurollangan terrorchilar sipo kamfulyajda, zamonaviy qurollarda deyarli qarshiliksiz olomon ichiga kirib borgan va toʻgʻri kelgan odamni otib tashlagan.

«Men xollda turgandim, avtomat ovozi eshitilganda hamma chiqish eshigiga yopirildi va tiqilinch yuzaga keldi. Odamlar ust kiyimini olishni ham oʻylamay oʻzini tashqariga urdi. Koʻchaga chiqqanimda yana avtomat ovozi eshitildi. Hozir «Krokus»ni politsiya oʻrab olgan», deydi Svetlana ismli guvoh.

Aleksandr ismli guvohning aytishicha, otishma Moskva vaqti bilan soat 19:45 da boshlangan. Avvaliga odamlar nima boʻlayotganini tushunmagan, keyin qurollangan odamlar oʻrindiqlarga koʻtarilgach, hamma oʻzini metro tomondagi chiqish eshigiga urgan.

«Bir xonaga kirdik, odamlar uning derazalarini sindirib tashqariga chiqqandi. Tashqariga kiyinishga ham ulgurmagan odamlar yoʻlovchi avtobusini toʻxtatib, ularni olib ketishni soʻragan. Haydovchi esa ikki bekatdan keyin marshruti tugashini aytib odamlarni olib ketmagan», deydi Aleksandr.

Foto: AGN «Moskva»
«Ostorojno, novosti» kanali bilan suhbatlashgan yana bir manbaning aytishicha, odamlar otishma boshlangach, avval tepaga, keyin pastga qochgan. «Polga yotib olgandik, keyin hamma tepaga intilayotganini koʻrdik-da, biz ham ular ortidan ketdik. Tepaga chiqib choʻkkalab yotganimizda esa endi odamlar pastga tushayotganini koʻrdik. Keyin eskalator orqali pastga intildik.

Kimdir parkovkaga oʻtadigan derazani sindirdi va hamma oʻzini oʻsha erga urdi. Parkovkada bitta taksini koʻrdik va oʻzimiz tanimagan odamlar bilan birga amallab omon qoldik
», deydi u.

«Odamlar tirik qolish uchun erga yotib olishdi. 15-20 daqiqa shunday yotishdi, koʻplab odamlar omon qoldi», deydi boshqa bir guvoh.

«Kontsert boshlanishi arafasida otishma boshlandi. Boshida nima boʻlayotganini tushunmadik, keyin men otishma, qochamiz deb baqirdim-da, sahnaga yugurdim. U erda kalonkaning orqasiga bekindim. Keyin odamlar sahna orqali qochish uchun men tomonga koʻtarilishdi. Shu tariqa avtoturargohga qochib chiqdik. 5 daqiqa ichida qochib ulgurdik, omadimiz keldi deya olaman», degan boshqa bir guvoh.

REN TV bilan suhbatlashgan guvohlar ikkinchi qavatda qolib ketganini aytgan. Ular yongʻin sabab bloklanib qolishgan.

Foto: RIA Novosti
«Zalga qurollangan odamlar kirib keldi. Ular birdan tomoshabinlarni oʻqqa tutishdi. Koʻziga koʻringan odamni otib oʻldirishdi. Ular Molotov kokteyli ham yoqishdi. Yongʻin zinapoyasidan chiqmoqchi boʻldik, ammo u yopiq edi. 400-500 kishi tiqilib qoldik. Keyin koʻpchilik birinchi toʻlqinda markaziy eshikdan chiqib ketdik», degan omon qolgan erkak.

Bu orada terrorchilar ichida boʻlgani taxmin qilinayotgan «Reno» mashinasining ham daragi chiqdi. Ulovning sobiq egasi uni bir hafta avval sotgani, tarmoqda mashinasining suratini koʻrib shokka tushganini aytgan. «Bu mening mashinam edi. Suratlarni koʻrib hayron qoldim. Xotinimning akasiga qoʻngʻiroq qilib tusha olmayapman. U mashina oʻrtogʻiga kerak ekanini aytgandi. Qaynim kechqurun qoʻngʻiroq qilib, bugun mashinani hisobdan chiqara olish olmasligimni soʻradi», deydi mashinaning sobiq egasi.

Oxirgi ma'lumotlarga koʻra, terakt qurbonlari soni 62 nafarga etgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo