16:54 / 30.07.2024
111

Rossiya fuqaroligini olganlar uchun yangi talab joriy etilmoqda

Rossiya fuqaroligini olganlar uchun yangi talab joriy etilmoqda
Rossiya fuqaroligini olganlardan urushda qatnashish talab etilmoqda.
Foto: TASS

Rossiya Davlat dumasi mamlakat fuqaroligini olgan shaxslar uchun harbiy xizmat muddatini ikki yilga qadar uzaytirish va armiyaga chaqiruv yoshini oshirishni taklif etmoqda. Bu haqdagi qonun loyihasi quyi palataning yozgi sessiyalari yakunigacha, ya’ni 4 avgustga qadar ko‘rilishi kutilmoqda.

2008 yildan e’tiboran Rossiya Federatsiyasi fuqarolari uchun harbiy xizmat muddati ikki yildan bir yilga tushirilgan edi. Harbiy xizmatga chaqiruv chegarasi esa 30 yoshni tashkil etadi.

Duma spikeri Vyacheslav Volodin tashabbusi bilan ishlab chiqilgan qonun loyihasida RF fuqaroligini olgan chet elliklar uchun mazkur muddatlarni oshirish ko‘zda tutilgan. Qolaversa, yangi qonunda fuqarolikka talabgorlar avvalo harbiy hisobda turishi kerakligi talabi ilgari surilgan.

Avvalroq V.Volodin migratsiyani tartibga solish ustuvor masala ekani va bu borada 25 ta qonun loyihasi tayyorlanganini aytgan edi.

Rossiya Ukrainaga qarshi urushda ko‘p sonli askarlarga ehtiyoj sezayotgan bir paytda siyosiy doiralarda migratsiya siyosatini keskinlashtirish taklifi tobora balandroq ovozda yangramoqda.

Jumladan, joriy yil iyun oyida RF Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin migratsiya siyosatini yanada qattiqlashtirish kerakligini ta’kidlagan, mamlakatdagi 13-14 million migrantning manfaat keltirishini shubha ostiga olgan edi.

Unga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda Rossiya fuqaroligini olgan 30 ming nafar muhojirdan 10 ming nafari Ukrainaga qarshi urushga jo‘natilgan.

Aleksandr Bastrikin mehnat muhojirlariga qarshi keskin pozitsiyasi bilan tanilgan. U o‘tgan yili Rossiya fuqaroligini olgan migrantlar Ukraina urushida ishtirok etishdan bosh tortsa fuqarolikdan mahrum etilishi haqida bayonot bergandi.

So‘nggi vaqtlarda Rossiya fuqaroligini olmay, u yerda tirikchilik qilayotgan mehnat muhojirlarini ham turli yo‘llar bilan Ukraina urushiga yuborish holati ko‘payayotgani aytilmoqda.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi hisobotida qayd etilishicha, Rossiya hukumati Markaziy Osiyo mamlakatlari mehnat muhojirlarini Ukraina urushida qatnashishga ko‘ndirishga urinmoqda. Ixtiyoriy ravishda ajal komiga borish evaziga 4160 dollar oylik maosh, shuningdek, fuqarolik va’da qilinmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya fuqaroligini olganlar uchun yangi talab joriy etilmoqda