AQSHda qatldan omon qolgan mahkuma hushiga kelib gapirdi

AQSHning Tennessi shtatida o‘lim jazosiga hukm qilingan Krista Payk muvaffaqiyatsiz qatl urinishidan so‘ng hushiga keldi va gapira boshladi. Bu haqda uning advokatlari ma’lum qildi.
50 yoshli Payk 30 sentyabr kuni o‘lim in’eksiyasi orqali qatl etilishi kerak edi. Unga ikki doza dori yuborilganiga qaramay, qatl amalga oshmagan va mahkuma shifoxonaga olib ketilgan.
Hozirda Payk shifoxonada tibbiy yordam olmoqda. Advokatlarining so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, u hushida, gaplasha oladi, biroq uning to‘liq tiklanishi qancha vaqt olishi hozircha noma’lum.
Mazkur holat AQSHda o‘lim jazosini ijro etish amaliyoti bilan bog‘liq jiddiy savollarni yuzaga keltirdi. Mutaxassislar Paykning holatini o‘lim in’eksiyasi berilganidan keyin mahkumaning omon qolishi nuqtayi nazaridan misli ko‘rilmagan holat sifatida baholamoqda.
Voqeadan so‘ng Tennessi gubernatori Bill Li shtatda 2026 yil oxirigacha rejalashtirilgan boshqa qatllarni to‘xtatdi va hodisani mustaqil o‘rganish bo‘yicha tekshiruv tayinladi. Shuningdek, Tennessi qamoqxonalari departamenti rahbari Frenk Strada iste’foga chiqishini ma’lum qildi.
Krista Payk 1995 yilda 19 yoshli hamkursini o‘ldirishda aybdor deb topilgan va o‘lim jazosiga hukm qilingan. Uning hukmini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha advokatlari tomonidan ko‘p yillar davomida turli apellyatsiyalar berilgan.
Ayni paytda Paykning keyinchalik yana qatl etilishi yoki yo‘qligi masalasi ochiq qolmoqda. Uning advokatlari esa hodisa yuzasidan dalillarni saqlab qolish va ishni qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.






























Izohlar 0
…