Toshkent osmonida havo sifati yana yomonlashishi kutilmoqda

Toshkent osmonida havo sifati yana yomonlashishi kutilmoqda

Toshkent shahrida hafta oxirigacha tungi va ertalabki soatlarda havo sifati vaqtincha yomonlashishi mumkin. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 6 oktyabr kuni kunduzi poytaxtning aksar hududlarida havo sifati «o‘rtacha» darajada bo‘lgan. Biroq soat 20:00 dan keyin ko‘rsatkichlar yomonlashib, kechasi va ertalab havosi sezgir insonlar uchun noqulay darajaga yetgan.

6 oktyabr soat 17:00 dan 7 oktyabr soat 10:00 gacha Toshkentda PM2,5 mayda zarrachalarining o‘rtacha miqdori 43,5 mkg/m³, PM10 zarrachalari esa 97,2 mkg/m³ ni tashkil etgan. Ushbu davrda xalqaro AQI ko‘rsatkichi o‘rtacha 117 darajada qayd etilgan.

Mutaxassislar havo sifatidagi o‘zgarishni asosan noqulay ob-havo sharoiti bilan izohlamoqda. Xususan, shamol tezligining taxminan 1 m/s bo‘lishi va tungi kuchli harorat inversiyasi ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishini qiyinlashtirgan.

6 oktyabr soat 23:00 dan 7 oktyabr soat 08:00 gacha kuchli harorat inversiyasi kuzatilgan. Bunday vaziyatda yerga yaqin sovuq havo ustida iliq havo qatlami hosil bo‘lib, havoning vertikal aralashishi susayadi. Natijada ifloslantiruvchi zarrachalar atmosferada uzoqroq saqlanib qolishi mumkin.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, shu kabi holatlar hafta oxirigacha asosan tungi va ertalabki paytlarda qisqa muddatga takrorlanishi ehtimoli bor.

Ayni vaqtda poytaxt havosining holati maxsus komissiya tomonidan muntazam kuzatib borilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar