21:31 / 30.07.2024
199

Netanyahuga «Hizbulloh» hujumiga javob choralarini ko‘rishga ruxsat berildi

Netanyahuga «Hizbulloh» hujumiga javob choralarini ko‘rishga ruxsat berildi
Jalaa Marey / AFP / Scanpix / LETA
Vazirlar Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan Jo‘lan tepaliklaridagi Majdal-Shamsga qilingan hujumdan keyin shoshilinch yig‘ilish o‘tkazgan.

Shanba kuni kechqurun yo‘llangan raketalardan biri futbol maydoniga kelib tushishi oqibatida druzlar jamoasiga mansub bo‘lgan 12 nafar bolalar va o‘smirlar halok bo‘lgan, yana o‘nlab kishi jarohatlangan. «Hizbulloh» ushbu zarba aloqadorligini tan olmagan.

Shundan keyin Netanyahu AQSHga tashrifini to‘xtatib, Isroilga qaytdi. Ko‘p soat davom etgan yig‘ilishdan keyin bosh vazir kanselyariyasi qisqacha bayonot berdi, unda faqat «kabinet a’zolari bosh vazir va mudofaa vaziriga «Hizbulloh» terrorchilik tashkilotiga qarshi javob harakatlari ko‘rish usuli va muddati bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatini bergani» aytilgan.

Shanba kungi hujum shu vaqtgacha tomonlar o‘zini tiyib kelgan harbiy harakatlar keng ko‘lamli urushga aylanib ketishi mumkinligi borasidagi xavotirlarni kuchaytirdi.

G‘arb mamlakatlari ushbu hujumni qoralashdi, ammo Isroilni javob choralari ko‘rishda vazmin bo‘lishga chaqirdi. Oq uy «mazkur qo‘rqinchli hujumdan beri» isroillik va livanlik hamkasblar bilan to‘xtovsiz muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi.

Amerika ma’muriyatidagilar «„moviy chiziq“ [Isroil va Livan o‘rtasidagi norasmiy chegara] bo‘ylab barcha hujumlarga butunlay chek qo‘yadigan diplomatik yechim ustida ish olib borilayotgani»ni qo‘shimcha qilgan.

Majdal-Shamsga hujum butun Isroilda va druzlar jamoasida g‘azab keltirib chiqardi.

Yakshanba kuni shaharda qurbonlarni dafn etish marosimi bo‘lib o‘tdi, unda minglab kishilar to‘plandi. Bu zarba asrlar mobaynida Jo‘lan tepaliklarida yashab kelgan druzlar jamoasi uchun eng ajalvor zarba bo‘ldi.

Favqulodda xizmat xodimlari o‘qqa tutilgan joyda ishlamoqda
Ammar Awad / Reuters / Scanpix / LETA

Majdal-Shams — Jo‘lan tepaliklaridagi to‘rtta aholi yashash manzilidan biri bo‘lib, unda 25 ming druz istiqomat qiladi — ular XI asrda paydo bo‘lgan shialarning diniy guruhi (firqa) hisoblanadi. Druzlar arab tilida gaplashadi.

1981 yilda, Isroil Jo‘lan tepaliklarini anneksiya qilganida (1967 yilga qadar bu hudud Suriya nazorati ostida edi; jahon hamjamiyatining aksar qismi ushbu hudud anneksiyasini tan olmagan, AQSH Donald Tramp prezidentligi davrida Isroilning Jo‘lan tepaliklari ustidan suverenitetini tan olgan ilk davlat bo‘lgandi), druzlarga Isroil fuqaroligi taklif etilgan, ammo ularning faqat bir qismi buni qabul qilgan. Ularning aksari hamon o‘zini Suriya fuqarolari deb bilishadi.

Isroilda Jo‘lan tepaliklaridagi druzlarni doimiy yashovchilar sifatida ko‘rishadi, ular ta’lim olish va ishlash huquqiga ega, ammo faqat Isroil fuqaroligini qabul qilganlargina saylovlarda ovoz bera oladi (shu bilan birga, ularda armiyada xizmat qilish majburiyati ham bo‘ladi).

Isroilning tan olingan chegaralarida ham druz jamoalari mavjud. Ular mamlakat aholisining atigi 1,5 foiz qismini tashkil etadi, barcha fuqarolar kabi huquqlarga ega hamda armiyaga chaqiriladi: ular Isroil mudofaa armiyasi harbiy xizmatchilari orasida yahudiylardan keyingi o‘rinda turuvchi eng yirik etnik guruh hisoblanadi.

Shanba kuni Netanyahu isroillik druzlar rahnamosi, shayx Muvafaq Tarifga ham qo‘ng‘iroq qilgan. «„Hizbulloh“ buning uchun misli ko‘rilmagan darajada to‘lov qiladi», — deya ishontirgan u.

Mamlakat ichki ishlar vaziri Israel Kas «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrulloh «boshi bilan javob berishi» kerakligini aytdi, ultrao‘ng moliya vaziri Betsalel Smotrich Isroil «Hizbulloh» bilan keng ko‘lamli urushga yaqinlashayotganidan ogohlantirdi.

«Hizbulloh» esa bu hujumga aloqadorligini qat’iyan rad etib, buni isroilliklar havo hujumidan mudofaa tizimi raketasi bilan bog‘lagan. Guruh media-ofisi rahbari Muhammad Afif «Hizbulloh»ning Isroil shimolidagi «Majdal-Shamsda ro‘y bergan hodisaga qandaydir aloqadorligi»ni rad etgan va barcha ayblovlar yolg‘onligini aytgan.

Ammo zarba oqibatlari aks etgan kadrlar paydo bo‘lishidan oldinroq «Hizbulloh» to‘rt zarba, xususan, Xermon tog‘i etagidagi «Xermon» brigadasi harbiy shtabiga yo‘llangan zarba uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgandi. Baza portlash ro‘y bergan futbol maydonidan taxminan uch kilometr masofada joylashgan.

Yakshanba kungi bayonotida Isroil harbiy shtabi boshlig‘i general-leytenant Gersi Halevi raketa aynan qayerdan uchirilgani Isroil mudofaa armiyasiga ma’lum ekanini aytdi.

General Halevi uni jangovar qismi 35 kg bo‘lgan «yer-yer» tipidagi, boshqarilmaydigan Falaq raketasi sifatida ta’riflagan. «Bu „Hizbulloh“ning raketasi. Va bunday raketani aholi yashash punktiga uchirganlar, tinch aholini, bolalarni o‘ldirishni xohlaydi», — degan u.

Livan ichki ishlar vaziri Abdulla Buhabib BBC bilan suhbatda «Hizbulloh» qasddan shunday hujum amalga oshirgan deb o‘ylamasligini aytgan, ammo shunday qo‘shimcha qilgan: «Bu isroilliklarning yoki „Hizbulloh“ning xatosi bo‘lishi mumkin — buni men bilmayman».

Livandagi davlat nashrlari dushanba tongida isroilliklarning droni zarbasi oqibatida Livanning Isroil chegarasidan 6,5 km masofada joylashgan Shakra shahrida ikki kishi halok bo‘lganini xabar qildi, «Hizbulloh» qurbonlar — o‘z jangchilari ekanini tasdiqlagan. Isroil bu xabar yuzasidan hech qanday munosabat bildirmagan.

Katta urush xavfi

Isroil va Livan chegarasidagi o‘tgan yil 8 oktyabrida, «Hizbulloh» Hamasga birdamligini namoyish etish uchun Isroil obyektlari bo‘ylab raketa va snaryadlar uchirishni boshlaganidan keyin keskinlik yuzaga kelgandi. Ikki guruh ham Isroil davlatini yo‘q qilishga chaqiradi.

«Hizbulloh»ning tez-tez ro‘y beradigan hujumlari asosan Isroil shimoli va Jo‘lan tepaliklariga amalga oshiriladi, Isroil Livan janubiga javob zarbalari beradi. Oktyabr oyidan buyon berib kelinayotgan zarbalar oqibatida, Livanda 450 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, shundan 100 nafarga yaqini tinch aholi vakillaridir. Isroil esa «Hizbulloh» hujumlari oqibatida tinch aholi vakillaridan 23 kishi hamda 17 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, sharhlovchilar qayd etishicha, hozircha ikki tomonning harakatlari ham nisbatan jilovlangan xarakterda — Isroil ham, «Hizbulloh» ham o‘zi uchun halokatli oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan keng ko‘lamli urushni xohlamaydi.

«Hizbulloh» — mintaqadagi eng qudratli kuchlardan biri bo‘lib, uning ixtiyorida 150 mingga yaqin raketa va snaryadlar mavjud. Guruh Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi, ushbu mamlakat allaqachon Isroilni Livandagi har qanday «yangi avantyuralar» «misli ko‘rilmagan oqibatlar» keltirib chiqarishidan ogohlantirgan.

Isroil qo‘shini hamon G‘azodagi amaliyot bilan band, yana bir harbiy front ochilishi maqsadga muvofiq emas.

Boshqa tomondan, so‘nggi oylar davomida 60 000 isroillik Livan bilan chegaradosh hududlardagi uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan va ko‘pchilik hukumatdan «Hizbulloh» tahdidini bartaraf etishni talab qilmoqda.

7 oktyabrdan keyin saylovchilar orasida mashhurligini yo‘qotgan Netanyahu siyosatchi sifatida omon qolishi uchun barcha ishni qilmoqda. Tanqidchilar uni Hamasga qiyindan qiyin shartlar qo‘yish orqali G‘azodagi urushni cho‘zishda ayblashadi, chunki u anklavdagi harbiy harakatlar to‘xtashi bilan navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazilishi va unda g‘alaba qozonishi qiyin bo‘lishini biladi.

Tahlilchilar ultrao‘ng vazirlar bosimi ostida va qisman o‘zining siyosiy maqsadlaridan kelib chiqqan holda Netanyahu harbiy kampaniyani Livan janubiga kengaytirishga harakat qilishi mumkinligidan xavotir bildirishmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Netanyahuga «Hizbulloh» hujumiga javob choralarini ko‘rishga ruxsat berildi