16:32 / 02.08.2024
106

Haniyaning o‘limi bo‘yicha yangi tafsilotlar paydo bo‘ldi

Haniyaning o‘limi bo‘yicha yangi tafsilotlar paydo bo‘ldi
Office of the Iranian Supreme Leader / West Asia News Agency / Reuters / Sc
Hamas siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya 31 iyulga o‘tar kechasi Tehrondagi mehmon uylaridan biriga o‘rnatilgan bomba harakatga keltirilishi oqibatida halok bo‘lgan. Bu haqda The New York Times Yaqin Sharqdagi ko‘plab manbalar, shuningdek eronlik ikki mulozim va bir amerikalik suhbatdoshga tayanib xabar tarqatdi. Bungacha OAVda Haniyaning o‘limiga raketa zarbasi sabab bo‘lgani aytilayotgandi.

Gazeta manbalarining so‘zlariga ko‘ra, bomba taxminan ikki oy muqaddam mehmon uyiga joylashtirilgandi. Bu Tehronning nufuzli joyida joylashgan va Islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan qo‘riqlanadigan «Neshat» kompleksi hududidagi uy bo‘lgan.

The New York Times nashrining besh suhbatdoshiga ko‘ra, Haniya mehmonxonadagi xonasida ekani haqidagi ma’lumot tasdiqlanishi bilan bomba masofadan harakatga keltirilgan. Hamas yetakchisi Eron poytaxtiga mamlakatning yangi prezidenti Ma’sud Pezeshkiyonning inauguratsiya marosimi munosabati bilan kelgandi. Portlash oqibatida Haniyaning tansoqchisi ham halok bo‘lgan. Bino portlash tufayli qisman qulab tushgan.

Nashrning qayd etishicha, Haniya oldin ham ushbu mehmon uyiga kelib turgan.

Hamas Haniyaning o‘limi uchun javobgarlikni Isroil zimmasiga yuklagan. Isroil guruh yetakchilaridan birining o‘ldirilishiga aloqadorligini rasman tan olmagan, ammo, Yaqinn Sharqdagi mulozimlarga ko‘ra, Isroil razvedkasi xodimlari AQSH va G‘arbdagi boshqa mamlakatlarni Haniyaning o‘limi to‘g‘risida xabardor qilgan. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Vashington Haniyaning o‘limiga aloqadormasligini va uning o‘ldirilishi rejasidan xabardor bo‘lmaganini bildirgan.

Haniya raketa zarbasi orqali o‘ldirilgani to‘g‘risidagi xabarlardan Isroil Tehronga zarba berish uchun eronliklar havo hujumidan mudofaa tizimidan qanday o‘tgani borasida savollar tug‘ilgandi, deya qayd etadi The New York Times. Ammo Hamas yetakchisining qotilligini uyushtirganlar «qattiq qo‘riqlanadigan kompleks xavfsizlik tizimidagi muammolardan foydalanishga muvaffaq bo‘lgan va bu ularga u yerga bomba joylashtirib, uni ko‘p haftalar mobaynida yashirib turish imkonini bergan». Gazeta bilan gaplashgan eronlik mulozimlar buni Eron razvedkasining «halokatli muvaffaqiyatsizligi» va Islom inqilobi muhofizlari korpusi uchun «ulkan sharmandalik» deb atagan, korpus mazkur kompleksdan maxfiy uchrashuvlar o‘tkazish va muhim mehmonlarni joylashtirish uchun foydalanib kelgan.

Mehmon uyiga bombani yashirishning qanday qilib uddasidan chiqilgani mavhum bo‘lib qolmoqda, deya qayd etadi The New York Times. Gazetaning Yaqin Sharqdagi manbalariga ko‘ra, suiqasdni rejalashtirish bir necha oy davom etgan va majmuani sinchiklab kuzatish talab etilgan.

Hamasning Haniyaning o‘limi haqidagi bayonotida u isroilliklarning uning Eron poytaxtidagi qarorgohiga hujumi oqibatida halok bo‘lgani aytilgan. Al Mayadeen telekanali Haniya joylashgan uyga boshqa davlat hududidan turib raketa zarbasi berilgani haqida xabar bergan. Erondagi Tasnim agentligiga ko‘ra, Haniya tunda «havodan kelgan snaryad» oqibatida halok bo‘lgan.

2024 yil may oyida Xalqaro jinoyat sudi prokurori Karim Xon 2023 yil 7 oktyabrda Hamasning Isroilga qilingan hujumi oqibatida yuzlab isroilliklar halok bo‘lishiga javobgar sifatida guruhning boshqa yetakchilari qatori Haniyani ham hibsga olish uchun order berilishini so‘ragandi. Isroildagilar Haniyani G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi bo‘yicha muzokaralardagi muhim figura deb hisoblardi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Haniyaning o‘limi bo‘yicha yangi tafsilotlar paydo bo‘ldi