
Opra Uinfri — teleboshlovchi, prodyuser, aktrisa, jamoat arbobi, o‘zining shaxsiy tok-shousiga ega bo‘lgan va uni doimiy ravishda olib borgan yagona ayol. 1988 yili xalqaro radio va televizion jamiyati ovozlar soniga ko‘ra, eng yosh va birinchi afro-amerikalik bu xonimni «Yil sharhlovchisi» mukofoti bilan taqdirlagan. 1992 yili «Good Housekeeping» uni «Eng maftunkor ayol» sifatida Barbara Bush va ona Terezadan so‘ng uchinchi o‘ringa munosib deb topgan.
1993 yili aviatsiya tadqiqoti bilan shug‘ullanadigan firmalardan biri «Samolyotda kim bilan yonma-yon o‘tirishni xohlar edingiz?» degan so‘rovnoma o‘tkazganida Hillari Klinton, Arnold Shvarsenegger, Ross Pero va boshqa mashhurlarni ortda qoldirgan Opra Uinfri birinchilikni egalladi. Xuddi o‘sha yili u «Juldurvoqining boyishi» mukofotini ham qo‘lga kiritdi.
2021 yili Opra Uinfrining boyligi 2,6 milliard dollar deb baholandi. U qora tanli birinchi milliarder-ayol sanaladi.
Afsona va dunyoviy brendga aylangan «TV qirolichasi» — Opra Uinfri o‘z tamoyillariga ega. Mashhur jurnallardan biri («Ink.») ushbu teleyuzduzning hayoti va faoliyatidan olingan 7 ta maslahatni havola etadi.
Muxlislarni taltaytiring
Opra muxlislarini qadrlashini hamisha namoyon etgan. U yilda bir marta «Oprah's Favorite Things» — maxsus ko‘rsatuvini efirga berardi. Bu orqali Opraning o‘z muxlislariga vidokamera, texnik jihozlar, hatto avtomobil topshirardi. Axir mijozlar kutilmagan sovg‘alarni yaxshi ko‘rishadi-da!..
Tavakkal qiling va e’tiborni o‘zingizga torting
1988 yili u studiyaga Kaliforniyadan neonatsistlarni taklif qildi. Keyin esa bu qarori noto‘g‘ri bo‘lganini tan oldi. Shunday bo‘lsa-da, o‘zining shousiga qo‘shimcha ravishda e’tiborni tortdi va tomoshabinlarga tavakkal qilishdan qo‘rqmasligini ko‘rsatdi.
Yangi imkoniyatlar qidiring
Opra ish faoliyatini 1983 yili reytingi past bo‘lgan kanaldagi tonggi shoudan boshlagan. Oradan uch yil o‘tib, o‘zining shousini tashkil etdi. 2000 yili «O» jurnalini chiqardi. 2011 yili esa OWN xususiy kanalini ochdi.
Qalbingizni oching
Bir kuni Opra tomoshabinlarga to‘qqiz yoshida o‘zini tahqirlaganlari haqida gapirib berdi. Yon-atrofga shaxsiy hayotingdagi ikir-chikirlar haqida aytish yaxshi emas, albatta. G‘oya boshqa yoqda: siz mijozga ishonganingizda biznesingiz shaffof bo‘ladi.
Mashhurlarni o‘zingiz tomonga jalb eting
Opra shoularida mashhur insonlar tizilganining sababi, Uinfrining «qanday bo‘lsa, shunday gapir» uslubida intervyu olgani hisoblanadi. Xayrlashuv shousi lavhalaridan birida Arnold Shvarseneggerning sobiq rafiqasi Mariya Shrayver Opraga shunday dedi: «Siz menga muhabbat, dalda, hikmat va eng muhimi, haqiqatni berdingiz».
Obro‘li maslahatchi bo‘lib qoling
Odamlar Opraning har bir harakatini kuzatadilar. Kellogg School of Management professori «Time» jurnaliga bergan intervyusida qiziqarli faktni keltirdi. «Anna Karenina» romani Opraning kitob klubiga tushganiga qadar ancha sust sotilgan: 12 haftada 11,5 mingta. Uinfri klubi orqali esa xuddi o‘sha 12 haftada 643 mingta sotib yuborilgan. O‘sish deyarli 5000 foiz!
O‘z vaqtida keting
Opraning shousi 25 yil efirga uzatildi. Keyin esa muallif tomonidan to‘xtatilishi e’lon qilindi. Oddiy qoida: cho‘qqida turganda ham ketishdan qo‘rqmang.
Akbar Fathullayev
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar