16:26 / 14.09.2024
20

AQSH hukumati RT telekanalini Rossiya razvedkasi uchun ishlaganlikda aybladi

AQSH hukumati RT telekanalini Rossiya razvedkasi uchun ishlaganlikda aybladi
Foto: RIA Novosti
AQSH razvedkasi Rossiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan RT xorijiy telekanali (sobiq Russia Today nomi bilan mashhur) nafaqat tashviqot bilan shug‘ullanayotganini, balki butun dunyo bo‘ylab Rossiya razvedka operatsiyalarida faol ishtirok etishini aniqladi. Bu haqda 13 sentyabr, juma kuni AQSH davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qildi, deb yozadi CNN.

AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, bir yildan ko‘proq vaqt oldin Rossiya hukumati RT tarkibida turli mamlakatlarda razvedka ma’lumotlarini to‘playdigan va ularda ta’sir qilish operatsiyalarini o‘tkazuvchi, jumladan, u yerdagi saylovlarga ta’sir o‘tkazishga harakat qiluvchi bo‘linmani yashirincha o‘rnatgan. Vashington Moldovada «dushman ta’siri kampaniyasi»ni misol qilib keltirdi, u yerda kuzda prezidentlik saylovlari va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi.

Bundan tashqari, RT Ukrainada jang qilayotgan rossiyalik askarlar uchun qurol-yarog‘ va jihozlar sotib olish uchun mablag‘ yig‘ishni tashkil qildi, dedi AQSH davlat kotibi. Uning so‘zlariga ko‘ra, natijada Rossiya qurolli kuchlari «snayper miltiqlari, qurol-yarog‘lar, zirhlar, tungi ko‘rish moslamalari, dronlar, radiotexnika, nishonga olish vositalari va dizel generatorlarini» oldi.

Shu munosabat bilan Qo‘shma Shtatlar RT'ni fosh qilish va Rossiya targ‘ibot telekanalining butun dunyo bo‘ylab ta’sirini zaiflashtirish ustida ishlovchi davlatlar koalitsiyasini tuzish niyatida, dedi Entoni Blinken.

13 sentyabr kuni AQSH moliya vazirligi tarkibiga RT kiruvchi «Rossiya segodnya» media-guruhi va uning bosh direktori Dmitriy Kiselevga qarshi yangi sanksiyalar joriy etilgani haqida e’lon qildi.

RT va Simonyanga qarshi AQSH sanksiyalari

4 sentyabr kuni Vashington RT telekanali va uning bir qator yuqori lavozimli xodimlariga, jumladan, bosh muharrir Margarita Simonyanga qarshi sanksiyalar joriy etgani ma’lum bo‘ldi. Jazo choralari «Moskvaning 2024 yilgi AQSH prezidentlik saylovlariga ta’sir o‘tkazishga urinishlari»ga javoban joriy qilingan», deya tushuntirdi AQSH moliya vazirligi.

Ushbu cheklovlar «Rossiya segodnya» va uning beshta shu’ba korxonasiga nisbatan ilgari kiritilgan sanksiyalarni to‘ldiradi. Bularga RT'dan tashqari «RIA Novosti» axborot agentligi, «TV-Novosti» media-holdingi, Ruptly video-agentligi va Sputnik radiosi kiradi.

AQSH Moliya vazirligining ta’kidlashicha, Rossiya hukumat idoralari AQSHdagi «saylov jarayonlariga ishonchni susaytirish» va ularning natijalariga ta’sir qilish uchun sun’iy intellekt texnologiyalari, dipfeyklar va dezinformatsiyadan foydalanmoqda. Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi aytishicha, RT Rossiya prezidenti Vladimir Putinni xabardor qilgan holda ishlamoqda.

YEI Yevropada RT ko‘rsatuvlarini taqiqladi

2022 yil dekabr oyida «TV-Novosti» media-holdingi Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi. Bryusselning ta’kidlashicha, Rossiya Federatsiyasi davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan ushbu tuzilma Rossiya tashviqotini tarqatadi va Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar haqida yanglish tasavvur yaratadi.

2022 yil 2 fevralda Litsenziyalash va nazorat qilish komissiyasi (ZAK) - Germaniyadagi radio- va tele-dasturlar davlat regulyatori - RT DE telekanalining Germaniyada translyatsiyasini taqiqlab, kanalning mamlakatda translyatsiya qilish uchun litsenziyasi yo‘qligini tushuntirdi, u esa amaldagi «Germaniyada ommaviy axborot vositalarini tartibga solishni modernizatsiya qilish to‘g‘risidagi davlat qonuni»ga muvofiq talab qilinadi.

2022 yil 1 martda YEI kengashi Yevropa Ittifoqida jamoat tartibi va xavfsizligiga tahdid soluvchi ommaviy axborot vositalari sifatida RT English, RT UK, RT Germany, RT France, RT Spanish va Sputnik translyatsiyasini taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH hukumati RT telekanalini Rossiya razvedkasi uchun ishlaganlikda aybladi