
Foto: Getty Images
Donald Trampning saylovoldi shtabi vakillari AQSh hukumatiga uning xavfsizligini kuchaytirish talabi bilan murojaat qildi, deb yozadi The Washington Post.
Gazetaning yozishicha, shtab saylovoldi tashviqoti oʻtkaziladigan joylardagi parvozlar uchun cheklovlarni kuchaytirishni, uchrashuvlar oʻtadigan shtatlardagi miting maydonlarini oʻq oʻtkazmaydigan oynalar bilan jihozlashni va Tramp kortejini harbiy mashinalar kuzatib borishini talab qilgan. Shuningdek, harbiy samolyotlarning saylovoldi mitinglari oʻtkaziladigan joylar ustidan uchib oʻtishini ta'minlash ham soʻralgan.
The Washington Post bu soʻrovlarni misli koʻrilmagan deb ataydi, chunki saylovlarning butun tarixida hech bir nomzod harbiy aviatsiya yordamini soʻramagan.
Soʻrovlar Tramp maslahatchilari Eron uni oʻldirish rejalarini ishlab chiqishda davom etayotgani haqidagi razvedka ma'lumotlarini olganidan soʻng shakllantirilgan, deb yozadi gazeta.
Tramp saylovoldi tashviqoti rasmiylari soʻnggi ikki hafta ichida Maxfiy xizmat bilan yozishmalarida Trampning xavfsizlik choralaridan norozi boʻlib, uning saylovoldi tashviqotini rejalashtirishiga tahdidlar toʻsqinlik qilganini aytishdi. Sobiq prezident esa saylov oldidan soʻnggi haftalarda yana koʻplab tadbirlar oʻtkazishi kutilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!