Donald Tramp AQSH tarixidagi eng yirik migrantlar deportatsiyasini amalga oshirmoqchi. Xo‘sh, u bunga qanchalik qodir? Amerikadagi noqonuniy o‘zbek muhojirlari nimalarga tayyor turishi kerak? Kun.uz mavzu yuzasidan AQSHdagi o‘zbek vatandoshi, advokat Mirakmal Niyozmatovni suhbatga taklif etdi.
— Trampning saylovdagi g‘alabasidan keyin migratsiya sohasida ishlovchi yuristlarga murojaatlar soni ko‘paydimi?
— Donald Tramp saylovda g‘alaba qozonganidan keyin noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish bo‘yicha va’dalar bergan edi. Shuning uchun AQSHda hujjatsiz bo‘lgan va ishlari hali sudda ko‘rilmaganlar bundan xavotirga tushmoqda. Albatta, bunday migrantlardan ularning taqdiri borasidagi savol va murojaatlar soni sezilarli darajada ko‘paygan.
Tramp saylovoldi dasturlarida Amerika tarixida misli ko‘rilmagan darajadagi keng ko‘lamli deportatsiyani amalga oshirishga va’da bergan. Bunda u Meksika bilan chegaradan kirib kelayotgan va mamlakat hududida bo‘lib turgan hujjatsiz migrantlarga urg‘u bergan.
— Shunga qaramay, ko‘plab migrantlar saylovda Trampga ovoz berishdi. Buning sababi nima?
— Menimcha, asosiy sabab – iqtisodiyot. Vaholanki, AQSH butun dunyoda kuzatilayotgan iqtisodiy qiyinchiliklarni Yevropa yoki Xitoyga qaraganda yaxshiroq o‘tkazyapti. Mamlakatda inflyatsiya bor, ammo u nazoratda, ishsizlik darajasi ham ancha past. Shunga qaramay, mavjud iqtisodiy holatdan asosan immigrantlar jabr chekyapti, chunki narxlar oshgan, yashash qimmatlashgan, ish topish ham qiyin bo‘lyapti. Aynan shu jihatlarni hisobga olib, migrantlar Bayden o‘z vakolatini yaxshi bajarolmadi va biznesmen Trampga imkon berish kerak deb hisoblashgan bo‘lishi mumkin.
Qolaversa, ovoz berish huquqiga ega ko‘plab migrantlar hujjat olishni yillab kutishgan va endi ular Meksika orqali kelayotganlarning osonlikcha mamlakatga kirishini istamaydi. Bayden davrida Meksika bilan chegaradan yiliga 2 million migrant mamlakatga kirib kelgani taxmin qilinmoqda. Ular bir tomondan arzon ishchi kuchi sifatida migrantlarning ish o‘rnini olib qo‘ymoqda deyish mumkin, lekin bunday hujjatsiz migrantlarning asosiy qismi odatda qonuniy hujjatlarga ega migrantlar yollanadigan ishlarda emas, balki qurilish yoki dehqonchilikka o‘xshash qo‘l mehnati bilan bog‘liq ishlarda faoliyat yuritadi.
Bundan tashqari, migrantlarning bir qismi AQSHni ayol kishi boshqara olmaydi deb o‘ylaganliklari uchun Harrisga emas, balki Trampga ovoz bergan bo‘lishlari ham mumkin.
— Noqonuniy migrantlar ham daromad solig‘i to‘laydimi?
— Ko‘pchilik hujjatsiz migrantlar ham soliq to‘laydi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, noqonuniy migrantlar umumiy hisobda yiliga 80 mlrd dollargacha soliq to‘laydi.
AQSHdagi hujjatiz 12 million migrantning barchasini deportatsiya qilishning imkoni yo‘qligini, aksincha, ularga yo‘l ochish kerakligini aytayotganlar ham bor va bunday taklif berilishining asosiy sababi ham aynan soliq undirishdir. Koqonuniy migrantlar davlatdan hech qanday ijtimoiy yordam yoki himoya olmasa-da, kun kelib o‘zlariga hujjat berilishiga umid qilgan holda soliq to‘laydi.
— AQSHning migratsiya to‘g‘risidagi qonunlari Trampga va’dasining ustidan chiqishga imkon beradimi?
— Tramp saylanganidan 3 kun o‘tib, chegaradan kirib kelayotgan migrantlarni va deportatsiya jarayonini nazorat qilish uchun, mas’ul sifatida “chegara qiroli”ni (Tom Homan) tayinladi. U esa deportatsiya jarayonini boshlash uchun hamma narsa tayyor ekani, barcha resurslar shunga qaratilishi va kerak bo‘lsa, harbiylar ham bu ishga jalb etilishi haqida bayonotlar berdi. Bunga esa senatorlar qarshi, chunki bu ish AQSH imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
AQSHda deportatsiya doim bo‘lgan, Bayden davrida bu biroz kamaygan, ya’ni yiliga 200 ming atrofida migrant deportatsiya qilingan. Obama davrida deportatsiya eng yuqori darajaga chiqqan va yiliga 400 ming migrant deportatsiyaga uchragan. Trampning birinchi vakolat muddatida esa bu ko‘rsatkich taxminan 350 mingni tashkil qilgan.
Trampning deportatsiya borasidagi va’dalarini bajarishi uchun juda katta kuch va resurslar kerak bo‘ladi. Buning budjetga ham ta’siri bor, chunki 12 mln migrantni 4 yil ichida deportatsiya qilish uchun yiliga Obama rekordidan 10 barobar ko‘proq deportatsiyani amalga oshirish kerak.
— Trampning va’dalari va AQSHning migratsiya bo‘yicha qonunchiligi qarama-qarshi keladigan nuqtalar bormi?
— Hozirda asosan Meksika bilan chegaradan o‘tib kelayotganlar noqonuniy migrantlar sifatida ko‘rilmoqda. Ularning aksariyati mamlakatdan siyosiy boshpana so‘ragan va ish sudda ko‘rilmoqda. Bunday holatda sud migrantning deportatsiya qilinishi yoki qilinmasligi to‘g‘risidagi yakuniy qarorni qabul qilmaguncha uni deportatsiya qilish mumkin emas. Sud qaror qabul qilmaguncha ularga AQSH hududida qolishga ruxsat beriladi.
Bu borada ishlarni ko‘rib chiqish jarayoni turli vaqtlarga cho‘zilishi mumkin, chunki har bir mas’ul sudyada 4-5 mingtagacha ko‘rilishi kerak bo‘lgan ish bor, bunda ishlar bir emas, bir necha yillarga cho‘zilishi mumkin. Bu yerda Trampning bayonotlari va amaldagi qonunchilik kesishmoqda.
Albatta, agar migrant og‘ir jinoyat sodir etsa yoki sud tomonidan deportatsiya qarori chiqarilgan bo‘lsa, uni to‘siqsiz deportatsiya qilish mumkin.
— Trampning 4 yillik vakolat muddati deportatsiya jarayonini to‘liq yakunlash uchun yetarlimi?
— Agar mamlakatning barcha resurslari shu ishga qaratilsa, balki uddalash mumkindir, lekin bu katta qiyinchilik bilan amalga oshadi va ortidan salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Bu migrantlar AQSH iqtisodiyotining ajralmas bo‘lagi, ular mamlakatdan chiqarib yuborilsa, ishchi kuchi yetishmay qolishi, ishlab chiqarish sohasidagi ishchi yetishmasligi sababli ishlar to‘xtab qolishi yoki narxlash oshishi mumkin. Tramp o‘z va’dasini to‘liq bajarishi qiyin, shuning uchun ma’lum ko‘lamda deportatsiyani amalga oshirib, qolgan qismiga buning o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan qonunlarni qabul qilishi mumkin.
Tramp Meksika va Kanadaga chegara nazoratini kuchaytirmagan taqdirda bu davlatlarning mahsulotlariga tariflarni oshirish bilan tahdid qilmoqda, lekin bu birinchi navbatda AQSH aholisiga ta’sir qiladi, chunki oshirilgan tariflar narx-navo ko‘tarilishiga, ya’ni inflyatsiyaga olib keladi.
Tramp va’da qilayotgan tarixdagi eng yirik deportatsiya uchun qo‘shimcha hibsxonalar ham qurishga to‘g‘ri keladi. Chunki mavjudlari Meksikadan kelayotgan migrantlar sababli allaqachon to‘lgan. Qo‘lga olingan noqonuniy migrantlarni zudlik bilan mamlakatdan chiqarib yuborolmaydi, ular ma’lum muddat hibsxonada saqlanishiga to‘g‘ri keladi. Qo‘shimcha qilish mumkinki, deportatsiya jarayonini silliq amalga oshirish uchun hukumatlar va elchixonalararo hamkorlik ham talab qilinadi. Bunday hamkorlikda oqsash kuzatilsa, hibsxonalar ko‘paytirilishi, u yerga ishchilar olish, maosh berish, saqlanayotgan migrantlarni ovqat va tibbiy xizmat bilan ta’minlash masalasi o‘rtaga chiqadi. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Suriya prezidenti Bashar Asad murakkab vaziyatga izoh berdi
AQSH Gruziya bilan strategik hamkorlikni to‘xtatdi
WBO reytingi yangilandi. Isroil Madrimov ilk bor reytingdan joy oldi
Londonda “Xamsa” asarining noyob qo‘lyozmasi topildi
Abbosbek Fayzullayev SSKAda qancha maosh oladi?
Shomurodovdan hammaga xushxabar...
Zelenskiy: Qrim va boshqa hududlarni qaytarish uchun qo‘shinlarimiz yetarlicha kuchga ega emas
Grippdan so‘ng organizm qancha vaqtda tiklanadi?