18:28 / 29.12.2024
52

Putin Ozarbayjon prezidentidan tashqari yana kimlardan uzr soʻragan?

Putin Ozarbayjon prezidentidan tashqari yana kimlardan uzr soʻragan?
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 28 dekabr kuni Ozarbayjon etakchisi Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqotda Qozogʻistonning Oqtov shahri yaqinida yuz bergan samolyot halokati sabab uzrxohlik qildi. Putin fojia Rossiya havo hududida yuz bergani sababli kechirim soʻragan va qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirgan.

Azerbaijan Airlines kompaniyasiga qarashli yoʻlovchi samolyoti 25 dekabr tongida Oqtov yaqinida qulab tushganidan keyinoq oʻnlab insonlar oʻlimiga olib kelgan aviahalokat Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimining xatosi tufayli roʻy bergani haqida taxmin oʻrtaga chiqqandi.

Rossiya prezidentining uzr soʻrashi Moskva rasmiy idoralari rad etishga uringan versiya haqqoniy ekaniga ishora qiladi.

Salkam chorak asrdan beri Rossiyaga rahbarlik qilib kelayotgan Vladimir Putin oʻz siyosiy faoliyati mobaynida bir necha bor xorijiy davlatlar etakchilari hamda odamlardan uzr soʻragan. Quyida ularning ayrimlarini eslab oʻtamiz.

2024 yil may oyida Xitoyga davlat tashrifi bilan borgan Putin Moskva va Pekin oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganining 75 yilligiga atalgan kontsertda nutq soʻzlagan. U nutqi davomida oʻz fikrlarini xitoychaga oʻgirishiga imkon bermagani uchun mahalliy tarjimondan uzr soʻragan.

«Uzoq gapirganim uchun ma'zur tutasiz... Oʻzimni xuddi uyimdagidek his qilib, bu erda hamma ruscha gapiradi deb oʻylabman», – degan Putin.

Rossiya rahbarining Chin yurtiga ushbu tashrifi yana bir uzrxohlik bilan yodda qolgan. Ertasi kuni Putin Xarbin shahri aholisidan uning tashrifi munosabati bilan koʻrilgan kuchli xavfsizlik choralari uchun kechirim soʻragan.

«Biz yaqinda qaytib ketamiz va hayotingiz yana risoladagi oʻzanda davom etadi», – degan u.

2023 yil dekabr oyida Putin Rossiya xalqidan tuxum narxi qimmatlab ketgani uchun kechirim soʻragan.

«Bu masalada taassuf va uzrimni izhor etaman. Bu hukumat ishidagi kamchilik» degan siyosatchi yaqin muddatda muammo hal etilishiga va'da bergan.

2022 yil may oyida Kreml xoʻjayini mamlakat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Adolf Hitlerning yahudiy nasabi xususidagi fikri uchun Isroil bosh vaziri Naftali Bennetdan kechirim soʻragan. Lavrov oʻsha yilning 1 may kuni Italiyaning Mediaset telekanaliga bergan intervyusida Hitlerning tomirida ham yahudiy qoni oqqani haqidagi taxminni ilgari surgan, bu fikr Tel-Avivning keskin e'tiroziga sabab boʻlgan edi.

2020 yil sentyabr oyida Putin Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichdan kechirim soʻrashiga toʻgʻri kelgan. Bunga esa Rossiya tashqi ishlar vaziri rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning kinoyali posti sabab boʻlgan.

Gap shundaki, Serbiya prezidenti oʻshanda Vashington shahrida prezident Donald Tramp vositachiligida Kosovo etakchisi bilan muzokaralar olib borgan. Serb ommaviy axborot vositalari prezident Vuchichning Oq uyda Tramp qarshisida oʻtirgan suratini e'lon qilgan. Rossiya TIV rasmiy vakili M.Zaxarova Feysbukdagi sahifasida Serbiya prezidentining ushbu suratini «Asosiy instinkt» filmidagi bepardaroq sahna bilan muqoyasa etgan holda post qoldirgan. Bu esa rasmiy Belgradning keskin noroziligiga sabab boʻldi.

2018 yil fevral oyida Putin Rossiya olimpiya terma jamoasidan uzr soʻragan. Rossiya terma jamoasi oʻsha yili Janubiy Koreyaning Pxyonchxan shahrida boʻlib oʻtgan qishki Olimpiada oʻyinlaridan doping mojarolari sabab chetlatilgan. Putin sportchilarni bu vaziyatdan himoya qila olmagani uchun oʻzini aybdordek his etgan.

2017 yil fevral oyida Putin turkiyalik hamkasbi Rajab Toyyib Erdoʻgʻondan kechirim soʻragan. Rossiya aviatsiyasi Suriyaning Halab shahridagi «jangovar vazifa»ni bajarish payti xato tufayli Turkiya harbiylarini oʻqqa tutgani va oqibatda uch askar halok boʻlgani Putinni rasman uzr soʻrashga majbur etgan.

Erdoʻgʻon Putin ikki marta uzr soʻrashiga toʻgʻri kelgan yagona prezident boʻlsa ajab emas. 2015 yil oktyabr oyida Rossiya samolyoti Turkiya havo sarhadini ruxsatsiz kesib oʻtgani ortidan Putin Erdoʻgʻonga uzrxohlik bildirgan.

2013 yil aprel oyida Putin Ikkinchi jahon urushi veteranlaridan urushga doir yodgorliklar vayron qilingani vajidan kechirim soʻragan. Yodgorliklarga ziyon etkazgan vandallarni qoralagan siyosatchi bu hammaning umumiy aybi ekanini qayd etgan.

Germaniya kansleri Angela Merkelning 2007 yil yanvar oyida Sochiga tashrifi payti mojaroli hodisa roʻy bergan. Merkel va Putin suhbatlashayotgan xonaga Rossiya prezidentining «Koni» laqabli iti kirib kelgan. Merkel keyinroq oʻz xotiralarida oʻshanda it qopib olmasmikan deya yuragi taka-puka boʻlganini yozgan. Germaniya kansleriga koʻra, Putin u itdan qoʻrqishini bilaturib muzokara xonasiga koʻppagi kirishiga atayin ruxsat bergan. Chunki Berlin bu haqda Moskvani avvaldan ogohlantirgan boʻlgan. Putin esa Merkelning itdan qoʻrqishidan bexabar boʻlganini aytgan.

«Angela, iltimos, kechir meni. Qalbingga ozor etkazmoqchi emas edim. Aksincha, suhbatimiz iliq muhitda oʻtsin degandim. Ma'zur tutgaysan», – degan Putin keyinroq.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo