
Foto: Videodan kadr
RF qurolli kuchlari 31 dekabrga oʻtar kechasi Ukraina boʻylab yopirilma zarbalar yoʻlladi. Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari ma'lumotiga koʻra, 30 dekabr kuni kechqurun hujum boshlagan Rossiya armiyasi turli tipdagi 21 raketa va «Shaheed» rusumidagi va imitator dronlardan iborat jami 40 ta uchuvchisiz uchar qurilmalarni uchirgan.
Ukraina tomoniga koʻra, Rossiya kuchlari quyidagilardan foydalangan:
- «Iskander-M» kompleksidan uchirilgan oltita ballistik raketa;
- MiG-31K qiruvchisidan uchirilgan X-47M2 «Kinjal» rusumli bitta aeroballistik raketa;
- taktik aviatsiya samolyotlaridan uchirilgan X-69 rusumli oltita boshqariluvchi aviatsiya raketasi;
- Tu-22M3 samolyotlaridan uchirilgan X-22 rusumli sakkizta qanotli raketa.
Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari ma'lumotiga koʻra, mamlakat havo hujumidan mudofaa kuchlari «Kinjal» raketasi va X-69 rusumli raketalardan beshtasini urib tushirgan. Bundan tashqari, «Shaheed» rusumli 16 ta zarbdor dronning barchasi urib tushirilgan, 24 ta imitator dronlar (soxta dronlar) hech qanday zarar etkazmasdan qulab tushgan.
Ukraina qurolli kuchlari Rossiya hujumi oqibatida Sumi va Kiyev oblastlaridagi nishonlarga ballistik raketalar kelib tushganini tasdiqlagan.
Mahalliy rasmiylarga koʻra, Sumi oblastida Rossiya qoʻshini Shostkinskiy obshchinasi infratuzilmasiga raketa zarbasi yoʻllagan. RF qurolli kuchlari Shostka shahri boʻylab zarba berish uchun jami 13 raketa qoʻllagan, deb xabar qilgan oblast harbiy ma'muriyati rahbari Volodimir Artyux. Uning soʻzlariga koʻra, uchta qozonxona shikastlanishi oqibatida 43 ta uy issiqliksiz qolgan. Shostkinskiy obshchinasi rahbari Mikola Noga aniqlik kiritishicha, 12 ta koʻp qavatli uy, ikkita ta'lim muassasasi, poliklinika, yotoqxona va ijtimoiy sohadagi boshqa ob'ektlar zarar koʻrgan.
Kiyev oblastida Vasilkov shahri hududida portlash roʻy bergan, deb xabar qiladi «Ukrainskaya pravda». Kiyev oblasti harbiy ma'muriyatiga koʻra, regionda raketalar va dronlar urib tushirilgan — ularning parchalari tushishi oqibatida xususiy uy shikastlanib, mahalliy aholi vakili boʻlgan ayol yaralangan.
Kiyevda ham havo hujumidan mudofaa kuchlari Rossiya qoʻshini hujumlarini qaytargan. Shaharning Darniskiy rayonida uchta xususiy bino va ikki avtomobil shikastlangan, jarohatlanganlar yoʻq.
RF mudofaa vazirligi rossiyalik harbiylar Ukrainada «harbiy aerodrom va Ukraina qurolli kuchlari ehtiyojlari uchun poroxli zaryadlar ishlab chiqariladigan harbiy-sanoat kompleksi korxonalari boʻylab guruhli zarbalar yoʻllangani» haqida xabar bergan. Vazirlik zarbalardan maqsadga erishilgani, barcha ob'ektlar aniq nishonga olinganiga ishontirgan.
Javob zarbalari
Ukrainaning havodagi va dengiz dronlari ham 31 dekabrga oʻtar kechasi Rossiya regionlari, shuningdek, anneksiya qilingan Qrimga hujum qilgan. RF mudofaa vazirligi Rossiya havo hujumidan mudofaa vositalari ukrainlarning 68 ta uchuvchisiz uchar apparatlarini urib tushirganini ma'lum qilgan, jumladan, Bryansk oblastida 25 ta, Qrimda 17, Krasnodar oʻlkasida 11, Smolensk oblastida 10, Tversk oblastida ikkita amda Rostov, Kursk va Kaluga oblastlarida bittadan. Vazirlik ma'lumotiga koʻra, Qora dengiz floti kuchlari ukrainlarning ekipajsiz sakkizta katerini ham yoʻq qilgan.
Smolensk oblastining Yartsev rayonda havo hujumidan mudofaa kuchlari bir necha dronni urib tushirdi, deb xabar qilgan gubernator Vasiliy Anoxin. Uning soʻzlariga koʻra, dronlardan birining parchalari neft baza hududiga tushgan. «Natijada yonilgʻi toʻkilishi va yonuvchi moddalar olovlanishi kuzatildi», — deb xabar bergan region rahbari. U turar joylarga xavf yoʻqligini qoʻshimcha qilgan.
Shimoliy Osetiyada havo hujumidan mudofaa kuchlari Shalxi poligoni uzra bir dronni urib tushirdi, deb xabar qilgan region rahbari Sergey Menyaylo. Uning soʻzlariga koʻra, jabrlanganlar va vayrongarchiliklar yoʻq. Hujumlar tufayli Vladikavkaz aeroporti samolyotlarni qabul qilish va yuborishni toʻxtatgan. Shuningdek, Grozniy va Mahachqal'a aeroportlarida ham reyslarni yuborish va qabul qilishda vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan. Bundan tashqari, rasmiylar Qozon aeroporti faoliyatini cheklagan. Rosaviatsiya bir necha soat oʻtib barcha cheklovlar olib tashlangani haqida xabar berdi.
Rossiya monitoring pabliklari Qora dengiz sohilidagi Tuapse va Novorossiysk shaharlari hududlarida, shuningdek Azov dengizi sohilidagi Eyskda roʻy bergan portlashlar haqida xabar tarqatgan.
Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi raketalar bilan jihozlangan Magura V5 rusumli dengiz droni tarixda ilk bor havodagi nishonga aniq zarba berganini ma'lum qildi. Boshqarma ma'lumotiga koʻra, dengiz droni Qora dengizda, Qrim gʻarbidagi Tarxankut burni hududidagi jangda Rossiyaning Mi-8 vertolyotini urib tushirgan.
Ukraina razvedkasidagilar dron vertolyotga R-73 «SeaDragon» raketalari bilan hujum qilganini tasdiqlagan. Razvedkadagilar jang vaqtida Rossiyaning yana bir vertolyoti «shikastlangani va aerodromga etib olishga muvaffaq boʻlgani»ni qoʻshimcha qilgan. Razvedka Mi-8 vertolyotiga hujum aks etgan videoni namoyish etgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar