Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati
2025 yildagi birinchi intervyusida Volodimir Zelenskiy AQSh prezidentligiga qaytgan Donald Tramp Rossiya bilan urushni toʻxtata olishiga umid bildirdi. U shuningdek, Kursk oblastidagi amaliyotning ahamiyati, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari hamda Ukraina prezidentligi saylovlari haqidagi fikrlarini bildirgan.
Tramp va urushni yakunlash istiqbollari
Ukraina telemarafoni efirida namoyish etilgan intervyuda jurnalistlar Zelenskiydan Trampga ta'rif berish va Amerikaning yangi saylangan prezidenti unda qanday taassurot qoldirganini aytib berishni soʻrashgan.
«Tramp hal qiluvchi boʻlishi mumkin. Biz uchun bu eng asosiysi», — deya javob qaytargan Zelenskiy. «U, uning xislatlari, ular shunday. U bu urushda hal qiluvchi boʻlishga qodir. U chindan ham Putinni toʻxtata oladi, toʻgʻrisini aytganda — bizga Putinni toʻxtatishda yordam bera oladi. Bu uning qoʻlidan keladi».
Zelenskiy Tramp bilan bir necha bor yakkama-yakka va telefon orqali muloqot qilganini eslagan.
«U kuchli va harakatlarini oldindan aytib boʻlmaydigan odam. Men Trampning bunday xislati birinchi galda Rossiya uchun boʻlishini istardim. Men u chindan ham urushni yakunlashni istaydi deb hisoblayman».
Zelenskiyning fikricha, Tramp «tugʻma gʻolib», uning 2024 yil noyabrida prezidentlik saylovidagi gʻalabasi ishonchli boʻlgan, bunga hech kimda shubha uygʻonmagan va «Ukrainaga ham Rossiya tajovuzi ustidan aynan shunday gʻalaba kerak».
Zelenskiy hozircha unda Tramp bilan soʻzlashuvlar vaqtida «birorta salbiy holat boʻlmagani»ni qoʻshimcha qilgan.
Uning soʻzlariga koʻra, Ukraina va Amerika prezidentlari jamoalari «muntazam aloqada» va hozirda asosiysi — «bu munosabatlarni qurishdir». «Men oʻylaymanki, Putin undan qoʻrqadi, shuning uchun Kremldagi ayrim ovozlar AQSh ma'muriyatigacha etib borishi uchun qadamlar tashlamoqda», — degan Zelenskiy.
Tramp Ukrainadagi urushni bir kun mobaynida hal qilishga va'da bergan, ammo bunga aynan qanday yoʻl bilan erishmoqchi ekaniga aniqlik kiritmagan.
Trampning tanqidchilari u harbiy yordamni toʻxtatib qoʻyish tahdidi bilan Ukrainani noqulay shartlarda (mojaroni muzlatish yoki hududlaridan voz kechish evaziga) tinchlik bitimi tuzishga majburlashi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Ammo Tramp va Zelenskiyning Nyu Yorkda oʻtkazilgan oxirgi uchrashuvidan keyin ukrainlar etakchisi oʻsha vaqtda Oq uy rahbarligiga nomzod boʻlgan siyosatchi uning dalillariga e'tiroz bildirmaganini aytgandi.
Urush qachon yakunlanishi mumkinligi haqidagi savolga javoban Ukraina prezidenti bu bir kunda roʻy bermasligini bildirgan.
«Ammo agar Tramp oʻz pozitsiyasida kuchli boʻlsa va bu pozitsiya evropalik hamkasblarning pozitsiyasi bilan mos keladigan boʻlsa, urushning qaynoq fazasini chindan ham etarlicha tez fursatda yakunlash mumkin», — deydi Zelenskiy.
Trampning inauguratsiya marosimi 20 yanvarga belgilangan va Zelenskiyning soʻzlariga koʻra, saylangan prezident unga tez orada AQShga tashrif bilan kelishini kutayotganini aytgan. «Shuning uchun, men oʻylaymanki, bizda inauguratsiyadan keyin uchrashuv boʻladi va biz rejani bilgan holda ishlashni boshlaymiz».
Zelenskiy Tramp Rossiya tomoni bilan ham aloqaga chiqishini — «kim nimaga tayyorligini oʻrganishi»ni ta'kidlagan. Bu Trampning inauguratsiyasidan keyingi birinchi bosqich boʻladi, «keyin esa shundan kelib chiqqan holda keyingi qadamlarni bosamiz», deya izohlagan Ukraina prezidenti.
Bu jarayonning natijasi urushning qaynoq fazalari toʻxtashi boʻlishi mumkin, deydi Zelenskiy. «Bu barchasi yakunlanishini anglatmaydi, ammo bu hayot, jamiyat tiklanishi uchun muhim qadamdir, — degan u. — Biz hech narsani boy berishni istamaymiz, ammo hozir bu qanday boʻlishini ayta olmayman, chunki koʻp narsa hamkorlarimizga bogʻliq».
Kursk amaliyoti nima uchun kerak boʻlgani haqida
Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi amaliyotini «barcha muzokaralardagi kuchli kuzir» deb atadi. «Ayniqsa, biz uchun juda muhim davlatlar bilan. Ayniqsa, Global janub mamlakatlari bilan muzokaralarda. Men hech qachon bu katta ta'sirga ega boʻladi deb oʻylamasdim. Ammo bu kuchli ta'sir koʻrsatdi».
Zelenskiyning soʻzlariga koʻra, bu davlatlar Rossiya armiyasini engib boʻlmaydi deb hisoblashgan, shuning uchun Ukraina Kursk oblastining bir qismini egallab olgani hamda bu hududlarni oʻz qoʻlida saqlab qolayotgani, rossiyaliklar esa bu erda oʻz kontingentini oshirayotganiga qaramay, «hech narsa qila olmayotgani» fakti ularda katta taassurot uygʻotgan.
«Ular bir-ikki oydan keyin Sumini okkupatsiya qilishlarini aytishadi, biz esa u erdamiz [Kursk oblastida paydo boʻlamiz. — Tahr.]» «Hatto ular shimoliy koreyaliklar kontingentini olib kelgani omili bizga ish berdi. Ularni qayerga yuborishdi? Aynan u erga [Kursk oblastiga. — Tahr.]. Oʻylaymanki, bu ularning taktik xatosi edi. Ularga koʻproq xato qilishni tilayman».
Zelenskiyning soʻzlariga koʻra, Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi amaliyotiga qadar «hatto Evropada ukrainlar taraf boʻlmagan ovozlar bosib keta boshlagan va Ukraina yutqazayotgani haqida balandroq gapira boshlashgan». «Putinni, u butun Ukrainani okkupatsiya qilmasligiga koʻndirish kerak [deyishdi], va shunda Kursk amaliyoti barchasining oyogʻini osmondan qilib yubordi».
2023 yil yozida Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastining bir necha rayonlarini bosib olgandi, ammo oʻtgan vaqt ichida ular Rossiya hududidagi plasdarmining katta qismini boy berdi.
Ayrim harbiy tahlilchilar Kiyevning Kursk oblastiga bostirib kirish qarorini tanqid qilishadi, chunki u erga Ukraina qurolli kuchlarining Donesk oblastidagi eng qaynoq nuqtalarda qoʻl kelishi mumkin boʻlgan eng jangovar brigadalari yuborilgandi, Donbassda esa ukrainlar oxirgi oylar davomida faqat chekinishga majbur boʻlmoqda.
Saylovlar va Zelenskiyning ikkinchi muddati
Oʻz intervyusida Zelenskiy Ukrainada urushning qaynoq bosqichi tugagach, chindan ham saylovlar oʻtkazilishi kerakmi, degan savolga ham javob qaytardi.
«2025 yilda, agar biz urushning qaynoq bosqichini Ukrainaning kuchli pozitsiyasida turib yakunlay olsak, bizda kuchli armiya, qurollarning katta paketi, kafolatlar qoladi, shundan keyin amalda Ukrainada harbiy holatni bekor qilish haqida oʻylashimiz mumkin boʻladi, undan keyin esa … [saylovlar boʻlishi mumkin — Tahr.],» — deya javob bergan Zelenskiy.
Prezidentning soʻzlariga koʻra, ikkinchi muddat uchun nomzodini qoʻyish borasidagi qaror urush qanday yakunlanishiga bogʻliq boʻladi.
«Men uchun bu bugungi kunning asosiy mavzusi emas. Bu bugungi kunning maqsadi emas. Men bu urush qanday tugashini bilmayman. Agar men qoʻlimdan keladiganidan koʻproq ish qilsam — unda bunga nisbatan ijobiyroq qarash mumkin. Ammo men uchun bu hozirda asosiy masala emas. Bugunning maqsadi hisoblanmaydi», — degan u.
2019 yilgi prezidentlik saylovlari chogʻida Zelenskiy faqat bir muddatga nomzodini qoʻyishiga aniq qilib va'da bergandi (bu uning dasturida qayd etilgan).
Elena Zelenskaya jurnalistlarga turmush oʻrtogʻining tanlovini qoʻllashi, «bu qaror oilada ma'qullanishi yoki yoʻqligi» — «ikkinchi masala» sanalishini aytgan.
«Menimcha, ikkinchi muddat birinchisi kabi qoʻrqinchli emas. Shuning uchun, albatta, men butun umrim davomida bunday hissiy holatda yashashni xohlamayman — bu mashaqqatli davr, eng qiyin davr. Va albatta, eng qoʻrqinchli davr, urush boshlanganida boʻlgandi», — deydi u.
«Bu tomondan, men shunday oʻylayman: agar saylovlar boshlansa, bu shuni anglatadiki, urush, umuman olganda, qaynoq faza yakunlangan va shuning oʻzi ijobiy belgi… Va unda men istalgan tanlovni qoʻllab-quvvatlayman», — deya qoʻshimcha qilgan mamlakatning birinchi ledisi.
Avvalroq Elena Zelenskaya turmush oʻrtogʻi ikkinchi muddatga nomzodini qoʻyishini uncha ma'qullamasligini aytgandi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiyada erkak qarzi sabab qorbobo kiyimida kelib doʻkon egasini otib oʻldirdi
Nima uchun bu mavzuni musulmonlarga taqiqlashdi?
"Manchester Siti" oʻzbekistonlik himoyachini qoʻlga kiritadimi?
Migrantlarning Rossiyaga kirishida talablar kuchaytirildi
Apple Siri maxfiylik ishi boʻyicha 95 mln dollar toʻlashga rozi boʻldi
Ramazon Temirov keyingi jangini qachon va kimga qarshi oʻtkazadi?
Zelenskiy amerikalik podkaster Fridmanga intervyu berdi
Grenlandiya bosh vaziri Daniyadan mustaqil boʻlish istagi haqida gapirdi