21:40 / 10.01.2025
4

Suriyadagi kutilmagan inqilobdan soʻng oʻtgan bir oyda nimalar oʻzgardi?

Suriyadagi kutilmagan inqilobdan soʻng oʻtgan bir oyda nimalar oʻzgardi?
2024 yil noyabri oxirida Suriyada muxolifatchilarning qurollangan kuchlari Halabga yurish boshlagandi. Katta ehtimol bilan, ularning oʻzi ham yakunda erishgan natijasini kutmagandi: ikki haftadan kamroq vaqt ichida, 8 dekabrga kelib ular Damashqqa kirishdi, Suriyaning 24 yil boshqargan diktator Bashar Asad esa Rossiyaga qochdi. Bir oy oʻtib ham mamlakat hali inqilob shokidan chiqish holatida. Hokimiyatga kelgan kuchlar moʻ'tadil va tolerant boʻlishga, fuqarolik urushi qaytadan boshlanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun barcha bilan kelishishga harakat qilmoqda. Hozircha ular buni uddalamoqda, ammo hali koʻp qiyinchiliklar oldinda. Meduza shu mavzuni tahlil qildi.

Emin Sansar / Anadolu / Getty Images
Asadni agʻdarishda hal qiluvchi ishni bajargan «Hay'at Tahrir ash-Shom» guruhi rahbari Ahmad al-Shar'a endi Abu Muhammad al-Joʻlaniy taxallusidan voz kechgan. Oʻtgan bir oy ichida u qiyofasini tubdan oʻzgartirdi — va bu oʻzini «qaytadan kashf qilish»ning tashqi ifodasi edi.


Bir necha yil oldinroq u salla oʻrashni bas qilgandi — bu uning «Al-Qoida» va umuman jihodchilik bilan aloqalarni uzish ramzi boʻlgandi. Endi esa militarini pidjakka almashtirdi va hatto galstuk taqib oldi — Yaqin Sharq dunyosida bu dunyoviylikni tan olish ramzidir.

Rasman Shar'a hech qanday lavozimni egallamagan, ammo amalda davlat rahbari hisoblanadi: u eng muhim qarorlarni qabul qiladi va e'lon qiladi, siyosatni yuritadi, Suriya ichkarisidagi muhim kuchlar hamda xorijiy davlatlar bilan muzokaralar olib boradi.

Suriyada keskinlik chiziqlari koʻp: musulmonlar — xristianlar, sunniylar — alaviylar, turkparast kuchlar — kurdlar, dindorlar — dunyoviylar, jihodchilar — moʻ'tadillar. Bu jamoalardan har birining ortida bir yoki bir necha qurollangan guruh turadi. Bunga suriyaliklar va mamlakatdagi vaziyatga oʻz ta'sirini oʻtkazmoqchi boʻladigan boshqa davlatlarni qoʻshish mumkin — bu erda Turkiya ham, Qatar ham, Saudiya Arabistoni ham, Eron ham, va albatta, gʻarb davlatlari ham bor. Shuningdek, suriyaliklar inqilobiy kuchlar saflarida jang qilgan xorijliklar oʻrtasidagi keskinlik — xorijliklar orasida arablar koʻpchilikni tashkil etadi, ammo Markaziy Osiyo va Kavkazdan kelganlar ham kam emas.

Shar'aning birinchi galdagi vazifasi — yangi fuqarolik urushi boshlanishiga yoʻl qoʻymaslikdir. Koʻplab guruhlar umumiy dushman — Bashar Asadga qarshi birlashgandi, ammo endi bu omil yoʻq. Shar'a qurolli guruhlarni tarqatib yuborishga va ulardan yagona Suriya armiyasi tuzishga intilmoqda. Guruhlarning koʻpchiligi bunga rozi — hech boʻlmaganda ogʻizda. Amalda ularning ayrimlari dekabrning katta qismini bir-biri bilan jang qilib oʻtkazdi.

Asad agʻdarilganidan keyingi eng shiddatli toʻqnashuvlar Suriya milliy armiyasi (SNA) va Suriya demokratik kuchlari (SDF) orasida boʻlib oʻtdi. Bu guruhlardan dastlabkisi — amalda Turkiya ta'siridagi proksi hisoblanadi, ikkinchisi — fuqarolik urushi davrida Suriyaning shimoli-sharqiy qismida oʻz avtonomiyasini tashkil etgan kurdlardir. Bir necha haftalik janglardan keyin kurdlar Frot ortiga surib tashlandi, shundan keyin harbiy harakatlarda tanaffus yuzaga keldi.

Rojdestvo arafasida asosan xristianlar yashovchi Skalbiya shahrida noma'lum shaxslar koʻchadagi archaga oʻt qoʻyib yubordi. Buning ortidan koʻplab shaharlarda, jumladan poytaxt Damashqda ham namoyishlar boʻlib oʻtdi. Ularda nafaqat xristianlar, balki koʻp konfessiyali Suriyada diniy bagʻrikenglik tarafdori boʻlgan musulmonlar ham ishtirok etdi. Yangi hukumat vakillari bunga javoban diniy ozchilik vakillari davlat himoyasida boʻlishini va'da qilishdi.

Shar'a muntazam ravishda turli jamoalar vakillari bilan uchrashmoqda: xristianlar bilan, kurdlar bilan, druzlar bilan. Lekin bu roʻyxatda alaviylar yoʻq — Asadlar oilasi mansub boʻlgan va oldingi rejimning tayanchi boʻlgan jamoa. Alaviylarda endi oʻzining uyushgan harbiy kuchlari yoʻq — bu rolni amalda Asad hukumatidagi Suriya arab armiyasi bajarardi, bu armiya esa oxirgi janglar vaqtida toʻzgʻib ketdi. Endilikda yangi hukumatning bagʻrikenglik va inklyuzivlik boʻyicha saxiy va'dalari alaviylarga taalluqli emas, degan xavotirlar yuzaga kelgan.

Muxtasar qilib aytganda, kurdlar yangi hukumat uchun muammo tugʻdira oladi, chunki ular kuchli va yangi davlatga integratsiya boʻlishi uchun qat'iy shartlarni qoʻyishi tayin (ular Suriya federatsiya boʻlishini talab qiladi). Alaviylar esa kuchsizligi tufayli ta'qib etiladigan ozchilik boʻlib qolishi xavfi bor.

Qolaversa, mamlakat sharqidagi sahrolarda hamon IShID bazalari saqlanib qolgan. Bu guruh, albatta, oʻn yil oldingi qudratiga ega emas, ammo hali ham Suriyaning yangi hukumatiga qiyinchiliklar tugʻdira oladi.

Shuningdek, Joʻlan tepaliklari muammosi ham bor. Asadlar rejimi agʻdarilgach, Suriya qoʻshini u erni tark etdi. Isroil 1974 yilgi chegara haqidagi kelishuv oʻz kuchini yoʻqotganini aytib, bufer zonani egallab oldi. Bu ham etmagandek, Joʻlan tepaliklarining Suriya hududidagi qismida joylashgan druz qishloqlaridan biri dekabr oyida Isroildan oʻzini anneksiya qilishni soʻradi, uning aholisi yangi hukumat tomonidan ta'qibga uchrashidan xavotirga tushgan. Lekin mamlakatdagi barcha druzlar ham bunday fikrda emas.

Oʻz navbatida, Shar'a ochiqchasiga hozirda Isroil masalasi kun tartibida emasligini aytgan. U yahudiylar davlati bilan yarasha olmaydi (safdoshlari buni qabul qila olmaydi), ular bilan ochiqdan ochiq toʻqnashuvga ham kirisha olmaydi (Suriyaning harbiy salohiyati amalda toʻliq yoʻq qilingan). Hozircha ikki tomonni ham oʻziga xos sovuq urush holati qoniqtiradi.

Shar'a tinmasdan, etnik va diniy mansublikdan qat'i nazar «Suriya barcha suriyaliklar uchun» ekanini ta'kidlamoqda. Uning uchun bu birinchi navbatda oʻz kuchini mustahkamlashning bir usuli ekani tushunarli. Bundan tashqari, inklyuzivlik — gʻarb mamlakatlari yangi hukumat oldiga qoʻygan shartlardan biri. AQSh allaqachon Suriyaga qarshi sanktsiyalarni yumshatib, har ehtimolga qarshi bu vaqtinchalik (yarim yilga) chora — Shar'a va uning safdoshlari uchun fuqarolik urushining oldini olish va yangi diktaturaga oʻtmaslik uchun imkon ekanini qayd etdi.

Shar'a uchun qoʻshimcha murakkablik shundaki, koʻplab davlatlar hamon HTShni terrorchilik tashkiloti deb ataydi. AQSh yaqin vaqtlargacha Shar'aning boshi uchun 10 million dollar e'lon qilgandi — davlat kotibi yordamchisi Barbara Lif Damashqda, u Suriya rahbariga aylanganidan keyingi oʻzaro uchrashuvda bunday mukofot bekor qilinganini aytgan.

Evroittifoq 2012 yildan buyon fuqarolik urushida Asadga qarshi koʻplab kuchlarning birlashmasi — Suriya inqilobiy va muxolifat kuchlari milliy koalitsiyasini «Suriya xalqi intilishlarining qonuniy vakillari» sifatida tan oladi. Bu diplomatik tan olish hozirda bu tashkilotning yagona aktivi boʻlib qolmoqda: rasman Suriya boshqaruvidagi oʻtish hukumati — amalda HTShning siyosiy qanoti, koalitsiya esa — oʻtish davri hukumatini qoʻllashini bildirgan guruhlardan biridir.

Oʻtish davri hukumatining asosiy maqsadi — yangi konstitutsiyani ishlab chiqish. Hozircha hech kim u qanday boʻlishini taxmin qilishga ham urinmayapti. Yangi Suriya kuchli prezidentlik respublikasi boʻladimi? Bir tomondan, bu davlatni birlashtirish va qonuniy kuch ishlatishda ishonchli monopoliya boʻlishi mumkin. Boshqa tomondan, Asadlarning yarim asrlik rejimi tajribasi suriyaliklar har qanday yakkahokimga shubha bilan qarashiga sabab boʻladi. Yangi Suriya federatsiya boʻladimi? SDF kurdlar avtonomiyasi saqlanib qolishi uchun shuni talab qilmoqda. Ammo yana muammo bor: qoʻshni Livan va Iroqda boʻlgani kabi kuchli markaziy hokimiyat yoʻqligida jamoalar orasidagi boʻlinishlar nazoratdan chiqib ketishi mumkin.

Eng asosiy savol esa — yangi davlatda islom dinining ahamiyati qanday boʻlishidadir. Nima qilganda ham HTSh — sunniy mazhabidagi musulmonlar tashkiloti, uning a'zolaridan koʻpchiligi (jumladan Shar'a ham) — oldin «Al-Qoida» a'zosi boʻlgan. Ular «ma'rifatli islom boshqaruvi»ni va'da qilmoqda. Musulmon davlatlarining bir qismida shariat qonunlar asosi deb e'lon qilingan, ammo amalda buni turlicha talqin qilish mumkin — oʻrta asr koʻrsatmalariga tom ma'noda amal qilishdan (aytaylik, oʻgʻrilik uchun qoʻlni kesish) tortib amalda pragmatik dunyoviy mulohazalar bilan belgilangan sud qarorlarini asoslash uchun ularga rasamadiga havola berishgacha.

Bularning barchasi, aftidan, hozirning oʻzida Shar'aning Suriyadagi turli jamoalar bilan murakkab muzokaralari davomida hal qilinmoqda. Kim kim bilan va nima haqida kelishib olgani esa koʻpchilik uchun maxfiyligicha qolaveradi.

Shu bilan birga, oʻtish davri hukumati deyarli har kuni oldingi rejim tomonidan kiritilgan qandaydir cheklovlar bekor qilinganini ma'lum qilmoqda. Masalan, biznes ochish va eksport-import operatsiyalariga qoʻyilgan taqiqlarni. Suriyada gumanitar falokat yuzaga kelgan, iqtisodiyot bazoʻr ishlamoqda — va yangi hukumat uni liberallashtirish va davlat nazoratini susaytirish metodlari bilan jonlantirishga urinmoqda. Asadlar davridagi monopoliya, byurokratiya va korruptsiyadan keyin bu koʻpchilikka umid baxsh etmoqda — ammo bu hozircha iqtisodiy siyosat emas, balki inqirozga qarshi shoshilinch choralardir.

Bu davlat boshqaruvining boshqa koʻplab tarmoqlariga ham taalluqlidir. Umumiy favqulodda vaziyat sharoitida, Suriyadagi eng muhim kuchlar oʻrtasidagi parda ortidagi kelishuvlar maxfiyligi bilan bir qatorda, tashqi kuzatuvchilar yangi hukumat qaysi yoʻnalishlarda harakat qilayotganini alohida epizodlarga asoslangan holda taxmin qilishiga toʻgʻri keladi.

Masalan, 18 dekabr kuni HTSh vakili Ubayda Arnaut intervyusida ayollar siyosiy lavozimlarni, xususan mudofaa vazirligidagi lavozimlarni egallash uchun «biologik va psixologik jihatdan yaramasligi»ni aytdi. Boshqa idoralar, jumladan parlament va sudlardagi lavozimlar boʻyicha esa, Arnaut buni yangi Suriya davlati tuzilishini oʻylayotgan ekspertlar hal qilishi lozimligini bildirdi.

Suriyada ayollar aktivizmi etarlicha kuchli va Arnautning soʻzlari e'tiroz va tanqidlar toʻlqini bilan qarshi olindi. 22 dekabr kuniyoq oʻtish davri hukumatida ayollar ishlari boʻyicha vazirlik paydo boʻldi — uni islom feministi (ayollarning huquq va manfaatlarini islom ta'limoti va islom huquqi doirasida himoya qilish gʻoyasi tarafdori) Oysha al-Dibs boshqaradi. 30 dekabr kuni Suriya Markaziy banki rahbari lavozimini ilk bor ayol kishi — Maysa Sabrin egalladi. 31 dekabr kuni esa druzlarga mansub boʻlgan ayol Muhsina al-Mahithavi janubdagi druzlar koʻpchilikni tashkil etadigan Suvayda viloyatiga gubernator boʻlib, oʻtish davri hukumatidan joy oldi.

Oʻz boshqaruvi dunyoviyligini har tomonlama ta'kidlaydigan Asad boshqaruvi davrida ham ayollar ba'zida muhim davlat lavozimlariga tayinlangan. Yangi hukumat esa bunday tayinlovlarni bir vaqtning oʻzida islom diniga sodiqlik va inklyuzivlikni koʻrsatish maqsadida qilmoqda.

3 yanvar kuni Damashqqa Fransiya va Germaniya tashqi ishlar vazirlari keldi — va Shar'a uchrashuv vaqtida frantsuz vazir Jan-Noelyu Barroning qoʻlini siqib qoʻydi, ammo nemislar vaziri Annalena Berbokka qoʻl uzatmadi. Gʻarb matbuotida bu masalada shov-shuv koʻtarildi.

Protokol xizmati Shar'a diniy sabablarga koʻra, nomahram ayolga tegina olmasligi haqida Berbokni oldindan ogohlantirgani tayin. U bu iltimosni shunchaki unutib qoʻygan boʻlishi mumkin. Balki bu oʻziga xos tekshiruv boʻlgan: Shar'a muhim tashqi hamkor bilan munosabatni yoʻlga qoʻyish uchun tabuni buzishga tayyormi? Musulmon davlatlarining koʻplab rahbarlari, jumladan Saudiya Arabistoni podshohi hamda BAA shayxlari tayyor, Shar'a bilan esa unday emasligi ma'lum boʻldi. Nima boʻlganda ham u birinchi navbatda dala qoʻmondoni va uning hokimiyati birinchi navbatda jangchilar orasidagi avtoritetini saqlashga bogʻliq, uning jangchilari uchun esa begona ayolning qoʻlini ushlash — harom hisoblanadi.

Kuzatuvchilar Suriyaning yangi hukumatining niyatlarini aniqlashga harakat qilayotgan yana bir epizod bor. 1 yanvar kuni ta'lim vazirligi maktab darsliklari qaytadan yozilishini e'lon qildi. Darsliklardan Asadlar oilasi izlarini yoʻqotish kerakligi tufayli hech kim e'tiroz bildirmadi. Ammo ayrim direktivalar ancha munozarali boʻlib chiqdi.

Asadlar dunyoviy millatchilar edi. Ularning mafkuraviy narrativlari uchun Suriyaning koʻp asrlik uzluksiz tarixi juda muhim edi. Xususan, ular Palmira malikasi, milodiy III asrda hukmronlik qilgan va ma'lum vaqtga Rim imperiyasidan mustaqillikka erishgan Zenobiyaga katta e'tibor qaratishgan. Ammo u ayol va majusiy edi — va yangi hukumat ta'lim vazirligi tarix darsligida unga oʻrin yoʻq deb topdi. Holbuki u koʻplab suriyaliklar uni xalq qahramoni deb biladi.

Dunyoviy millatchilik narrativining boshqa bir muhim elementi — mustamlakachilikka qarshi kurashdir. Asad Suriyasi misolida bu jumladan Usmoniylar imperiyasini qattiq tanqid qilishni nazarda tutgan, Suriya XVI asrdan XX asrgacha turklar davlati hukmronligi ostida boʻlgan. Suriyaning yangi hukumatining muhim ittifoqchisi va homiyasi boʻlgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan esa oʻzini usmoniy sultonlar vorisi deb hisoblaydi. Endi yangi darsliklarda usmoniylarga ehtirom koʻrsatilishi kerak. Bu esa barchaga ham yoqmasligi tayin.

Qolaversa, vazirlik biologiya darsliklaridan inson evolyutsiyasi haqidagi boʻlimni olib tashlashni buyurgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo