Turkiya hududida qalbaki spirtli ichimlik iste'mol qilish oqibatida yana uch nafar Oʻzbekiston fuqarosi (barchasi erkak) vafot etdi. Bu haqda Oʻzbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabar berdi.
Joriy yil 18 yanvar holatiga koʻra, spirtli ichimlikdan zaharlanish sababli vafot etgan oʻzbekistonliklar soni 17 nafarga etgan.
Bosh konsulxona tomonidan qalbaki spirtli mahsulotlarni iste'mol qilish natijasida vafot etgan vatandoshlarning jasadlarini Oʻzbekistonga yuborish uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirilmoqda hamda oila a'zolariga kerakli yordam koʻrsatilmoqda.
Shu bilan birga, Istanbul hududidagi shifoxonalarning jonlantirish boʻlimlarida qalbaki spirtli ichimlikdan zaharlanib davolanayotgan fuqarolar soni besh nafarga etgan. Qayd etilishicha, konsulxona xodimlari ushbu vatandoshlarning holidan xabar olib, ularning yaqinlari va shifoxona ma'muriyati bilan doimiy aloqada boʻlib turibdi.
«Bosh konsulxona diplomatlari mazkur holat yuzasidan Istanbul hokimligi, sogʻliqni saqlash boshqarmasi, sud-tibbiy ekspertiza markazi hamda huquqni muhofaza qilish organlari bilan muntazam aloqada boʻlib turibdi», — deyiladi xabarda.
Ta'kidlanishicha, ba'zi vatandoshlar zaharlangan boʻlsa-da, uy sharoitida davolanishga harakat qilib, shifoxonaga bormagan holatlar ham aniqlangan. Ularga murojaat qilinganda, shifoxonaga borish moddiy jihatdan qimmatga tushishi mumkinligini aytgan.
«Biroq keyinchalik bunday qarorlar buyrak faoliyatining ishdan chiqishi, koʻrish qobiliyatining yomonlashishi va nafas olishda muammolar yuzaga kelishiga olib kelmoqda», — deya qayd etiladi xabarda.
Bosh konsulxona har qanday holatda ham zaharlanish alomatlari sezilganda 112 qisqa raqami orqali tez tibbiy yordam chaqirtirilishi hamda shifoxonaning «qizil hududi» («kirmizi alan») orqali qabul qilinishi lozimligini, bu xizmat bepul ekanini eslatib oʻtdi.
Oʻzbekiston fuqarolari bilan uzluksiz aloqani ta'minlash maqsadida konsulxonaning quyidagi mobil aloqa raqami +90 553 541 17 17 (24/7 rejimida) ishlamoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar