stock.adobe.com
20-24 yanvar kunlari Shveytsariyaning Davos shahrida yigirmanchi bor Jahon iqtisodiy forumi boʻlib oʻtyapti.
Anjuman dunyo etakchilarini “Aql-idrok asri uchun hamkorlik” mavzusida birlashtirib, unda asosiy e'tibor beshta yoʻnalishga qaratilmoqda: taraqqiyotni qayta koʻrib chiqish, intellektual davrdagi sanoat, inson kapitaliga sarmoya, sayyorani himoya qilish va ishonchni tiklash.
Forum avvalida tashkilotchilar Global risklar hisobotining 2025 yilgi nashrini e'lon qildi.
Hisobot joriy global manzarani ochib beradi: barqarorlik va taraqqiyot tobora kuchayib borayotgan geosiyosiy, ekologik, ijtimoiy va texnologik muammolar iskanjasida qolgan.
Bu yilgi soʻrov natijalariga koʻra, davlatlar darajasidagi qurolli mojarolar 2025 yil uchun eng dolzarb global xavf sifatida koʻrilmoqda. Soʻrovda qatnashgan respondentlarning deyarli toʻrtdan bir qismi uni eng jiddiy muammo deb baholadi.
Qasddan buzib talqin qilingan va notoʻgʻri ma'lumotlar ketma-ket ikkinchi yil qisqa muddatli asosiy xavf boʻlib qolmoqda: bu xavf jamiyat hamjihatligi va boshqaruviga doimiy tahdid soladi, ishonchga putur etkazadi va mamlakatlar ichida boʻlinishni kuchaytiradi.
Boshqa asosiy qisqa muddatli xatarlarga ekstremal ob-havo hodisalari, ijtimoiy qutblanish, kiberjosuslik va urush kiradi.
Uzoq muddatli ekologik xavflar, ya'ni ekstremal ob-havo hodisalari, biologik xilma-xillikning yoʻqolishi va ekotizimning qulashi, Er sistemalaridagi jiddiy oʻzgarishlar va tabiiy resurslar tanqisligi kabilar 10 yillik xatarlar reytingida etakchilik qilmoqda.
Uzoq muddatli xatarlar sifatida dezinformatsiya, notoʻgʻri ma'lumotlar va sun'iy intellekt texnologiyalarining salbiy ta'siri bilan bogʻliq texnologik xavflar qayd etilgan.
“Parchalangan tizimlar, moʻrt kelajak”
Hisobotni shakllantirish uchun soʻrovlar 2024 yil sentyabr va oktyabr oylarida oʻtkazilgan. Unda 900 dan ortiq global xavf-xatar boʻyicha ekspertlar, siyosatchilar va sohalar rahbarlari ishtirok etgan. Hisobot kelgusi oʻn yillikdagi xatarlarning aniq kartinasini namoyon qiladi.
Respondentlar uzoq muddatli tinchlik istiqbollariga qisqa muddatga qaraganda kamroq optimizm bilan qarashyapti. Respondentlarning qariyb uchdan ikki qismi 2035 yilga borib, atrof-muhit, texnologik va ijtimoiy muammolarning ortib borayotgani sababli notinch yoki boʻronli global landshaftni kutmoqda.
Respondentlarning yarmidan koʻpi ikki yil ichida qandaydir beqarorlikni kutmoqda, bu xalqaro hamkorlikka putur etishini anglatadi. Uzoq muddatli prognozlar yanada katta qiyinchiliklarga ishora qiladi, chunki hamkorlik mexanizmlari borgan sari koʻproq bosim ostida qolishi kutilmoqda.
Tengsizlik va ijtimoiy qutblanish kabi ijtimoiy xavflar ham qisqa muddatli, ham uzoq muddatli xavf reytinglarida muhim oʻrin tutadi. Noqonuniy iqtisodiy faoliyat, ortib borayotgan qarz yuklari va strategik resurslarning kontsentratsiyasi bilan bogʻliq tashvishlarning kuchayishi kelgusi yillarda global iqtisodiyotni beqarorlashtirishi mumkin boʻlgan zaifliklarni koʻrsatmoqda. Bu muammolarning barchasi ichki beqarorlikni kuchaytirishi va boshqaruvga boʻlgan ishonchni susaytirishi, global muammolarni hal qilish boʻyicha sa'y-harakatlarni yanada murakkablashtirishi mumkin.
“Mojarolardan tortib iqlim oʻzgarishigacha biz oʻzaro bogʻliq boʻlgan inqirozlarga duch kelamiz, ular muvofiqlashtirilgan kollektiv harakatlarni talab qiladi”, deydi Jahon iqtisodiy forumining Global risklar tashabbusi rahbari Mark Elsner.
U ishonchni tiklash va hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha yangi harakatlar zarurligini ta'kidladi. “Harakatsizlikning oqibatini avlodlar ham sezishi mumkin”, – deya qoʻshimcha qiladi Elsner.
“Hal qiluvchi oʻn yillik: hamkorlik barqarorlik kaliti sifatida”
Boʻlinishlar chuqurlashib, parchalanish geosiyosiy va iqtisodiy manzarani qayta shakllantirar ekan, samarali global hamkorlik zarurati hech qachon hozirgichalik dolzarb boʻlmagan.
Biroq ekspertlarning 64 foizi oʻrta va katta davlatlar oʻrtasidagi raqobat tufayli global tartib parchalanishi hamda koʻp tomonlama munosabatlar jiddiy taranglikka duch kelishini prognoz qilyapti.
Hisobot mualliflariga koʻra, kelgusi oʻn yillik liderlar uchun murakkab, oʻzaro bogʻliq boʻlgan xatarlarni boshqarish va mavjud boshqaruv tizimlaridagi cheklovlarni engib oʻtish uchun burilish nuqtasi boʻladi.
Beqarorlik yuzaga kelishining oldini olish uchun ishonchni tiklash, barqarorlikni mustahkamlash va barcha uchun inklyuziv kelajakni ta'minlash uchun davlatlar muloqotga ustuvor ahamiyat berishlari, xalqaro aloqalarni mustahkamlashlari va hamkorlik tiklanishi uchun sharoit yaratishlari kerak. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar