Qozogʻistonning Jezqozgʻon shahrida joylashgan neft bazasida sodir boʻlgan portlash oqibatida olti kishi jarohat oldi, deb xabar beradi Tengrinews.
Qayd etilishicha, Jezqozgʻon shahri hududida joylashgan neft bazalarining birida uchta maxsus transport vositasida yongʻin chiqqan. Oʻt oʻchiruvchilar voqea joyiga etib kelgunga qadar portlash yuz bergan va bino qulab tushgan.
Foto: Videodan kadr
«2025 yil 25 yanvar kuni Jezqozgʻon shahridagi neft bazalarining birida sodir boʻlgan yongʻin oqibatida olti kishi jarohat oldi. Ularning besh nafari viloyat koʻp tarmoqli shifoxonasiga joylashtirilgan, bir nafari shifoxonaga borishdan bosh tortgan. 1961 va 1971 yilda tugʻilgan ikki erkak jonlantirish boʻlimida qolmoqda», — deyiladi xabarda.
Yongʻin yuqori darajadagi murakkablikka ega ofat deya tasniflangan. Ulugʻtogʻ viloyati hokimining buyrugʻi bilan tezkor shtab tashkil etilgan. Hodisa joyiga 10 ta texnika, 20 dan ortiq xodim jalb etilgan.
Ta'kidlanishicha, hodisa joyidagi tezkor shtab qoʻshni rezervuarlarni yonilgʻini sovitish orqali himoya qilish boʻyicha strategik qaror qabul qilgan.