Foto: Reuters
Isroil HAMAS bilan oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvi doirasida ozod etilgan 114 nafar falastinlikni Gʻarbiy Sohildagi Ramalloh shahriga yubordi, deb xabar beradi Al Qahera.
Isroil qamoqxona xizmati ma'lumotiga koʻra, umumiy hisobda 200 nafar falastinlik mahbus ozod etilgan. Ramalloh shahriga yuborilganlardan tashqari yana 70 kishi Misrga, 16 kishi esa Gʻazo sektoriga joʻnatilgan.
Oʻz navbatida HAMAS Qizil Xoch jamiyatiga garovga olingan toʻrt nafar isroillik ayolni topshirgan. Naami Levi, Karina Ariyev, 20 yoshli Daniel Gilboa va 19 yoshli Liri Albag ozod qilingan. Ularning barchasi harbiy xizmatchilar boʻlib, 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS tomonidan Isroilga qilingan hujumda asirga olingan.
Ozod qilingan mahbuslar avtobuslardan chiqqanida baland hayqiriqlar bilan kutib olingan. «Xudoga shukur! Bu ajoyib hissiyot, men buni tasvirlab bera olmayman! Qamoqxonada 6 yil va 2 oy oʻtirdim», — dedi ozod etilgan Bakker Qvaavish.
Isroilda hibsda saqlangan va bugun ozod etilgan mahbuslarning eng yoshlari 16 yoshda boʻlsa, eng kattasi 69 yoshli Muhammad al-Tousu edi. U 1985 yilda Isroil qoʻshinlariga qarshi kurash vaqtida hibsga olinib, 39 yil davomida qamoqda oʻtirgan. Qayd etilishicha, ozod etilganlarning 121 nafari umrbod qamoq jazosini oʻtayotgan edi.
19 yanvar kuni isroillik garovga olinganlarni falastinlik mahbuslarga birinchi almashish amalga oshirilgan edi. HAMAS isroillik uch nafar ayolni ozod qilgan. Guruh Gʻazo shahridagi Saraya maydonida garovga olinganlarni Qizil Xoch jamiyatiga topshirgan. Kelishuv doirasida Isroil 20 yanvarga oʻtar kechasi 90 nafar falastinlik mahbusni qamoqdan ozod qilgan edi.
Umumiy hisobda HAMAS tomonidan ushlab turilgan 97 nafar isroillikdan 33 nafari 6 hafta ichida ozod etilishi kerak. Garovga olingan har bir fuqaro uchun Isroil 30 nafar falastinlikni, har bir harbiy uchun esa 50 nafar falastinlikni ozod qiladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar