14:30 / 27.01.2025
395

Trampning qaysi taklifi Isroil rasmiylariga yoqib tushdi?

Trampning qaysi taklifi Isroil rasmiylariga yoqib tushdi?
Netanyahu Trampga bombalar uchun minnatdorlik bildirdi.
Foto: AP

Donald Tramp AQSh prezidenti sifatida lavozimga kirishganidan bir hafta oʻtmay, Isroil manfaatlarini shartlarsiz himoya qiluvchi bir necha farmon qabul qildi, siyosiy bayonotlar berdi. Tramp bu bilan Isroil rahbariyatining olqish va minnatdorligiga sazovor boʻldi.

Avval xabar berganimizdek, kuni kecha Tramp Gʻazo sektorini «tozalash» maqsadida anklavning 1,5 million aholisini Misr va Iordaniya kabi davlatlarga koʻchirish kerakligini aytgan edi. Tramp bu borada Iordaniya qiroli Abdulloh II bilan gaplashgani, tez orada Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan ham suhbatlashishini ma'lum qilgan.

Vashington ma'muriyati Trampning ushbu ziddiyatli bayonoti borasida izoh berganicha yoʻq. Ammo bu bayonot mohiyat e'tiboriga koʻra Isroil rasmiylari ilgari surayotgan Gʻazo sektori aholisini boshqa hududlarga koʻchirish va keyinroq u erda yahudiy kelgindilarini joylashtirish gʻoyasiga hamohang yangramoqda. Buni Tel-Aviv rasmiylarining munosabati ham tasdiqlaydi.

Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich Trampning gʻazoliklarga yangi hayot uchun boshqa joy topish taklifini «zoʻr gʻoya» deb atagan.

«Koʻp yillar mobaynida siyosatchilar erni boʻlish va Falastin davlatini tuzish kabi amalga oshirib boʻlmas echimlarni taklif qilib keldilar. Faqat noan'anaviy tafakkur va yangi echimlargina tinchlik va barqarorlik omili boʻla oladi», – deya BMT tan olgan ikki davlat tamoyilini yana bir karra rad etgan Betsalel Smotrich.

U hukumat va bosh vazir bilan bu gʻoyani zudlik bilan amalga oshirish uchun reja ishlab chiqishini ham qayd etgan.

Moliya vaziri B.Smotrich bir yil avval ham falastinliklarni Gʻazoni tark etishga chaqirgan, falastinliklar Gʻazoni boʻshatsa, yahudiylar uni gullatib yuborishini iddao qilgan edi.

Falastin ahliga nisbatan radikal munosabati bilan otning qashqasidek tanilgan Smotrichga koʻra, Gʻazoda 100-200 ming chogʻli arabni qoldirib, ikki million aholini koʻchirish kerak.

2023 yil oktyabr oyida Buyuk Britaniyaning «The Guardian» gazetasida chop etilgan maqolada Tel-Aviv ma'muriyati urushdan foydalanib, Gʻazoning 2,3 million aholisini majburiy ravishda Misrning Sinay yarim oroliga koʻchirish va shu orqali hududni bosib olishni koʻzlayotgani haqidagi taxmin ilgari surilgan edi.

Falastinning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Javad Muhammad Avad ham ayni shu xavotirli reja haqida gapirgandi.

«Isroilning hozirgi harakatlari biror guruh, xususan, HAMASga qarshi shunchaki kurash emas. Balki bu Falastin xalqiga qarshi urushdir. Bundan koʻzlangan maqsad esa Gʻazo sektorida qolgan falastinliklarni Sinay sahrosiga siqib chiqarishdir. Mohiyat e'tiboriga koʻra, sionistlarning «Ersiz xalq uchun xalqsiz er» degan mashhur shiori amalga oshirilmoqda. Ular Falastinning ushbu qismi va Gʻazo sektori butunlay tozalanishi kerak deb hisoblaydi», – degan edi doktor Javad Muhammad Avad.

Oʻshanda HAMAS Isroil moliya vazirining ikki million falastinlikni koʻchirish haqidagi taklifini harbiy jinoyat va agressiya deb baholagan edi. Mazkur harakat Trampning bu galgi bayonotiga ham «qabul qilib boʻlmas taklif» deb e'tiroz bildirgan.

Tahlilchilar bu ikkinchi Naqba (1948 yilda yuz minglab falastinlik vatanidan koʻchirilgani «Naqba», ya'ni «Fojia» deb ataladi) boʻlishidan ogohlantirmoqda.

Darvoqe, Misr va Iordaniya rasmiylari Trampning Gʻazo aholisini qabul qilishga doir taklifiga roʻyxushlik bermagan.

Tramp kuni kecha Isroilga havo bombalari etkazib berishni tiklashni buyurgan. Prezident Jo Bayden tinch aholiga qarshi qoʻllanishi ehtimoli sabab Isroilga 2000 funtlik bomba etkazishni vaqtincha toʻxtatgandi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu oʻsha kunning oʻzida «umumiy dushmanlarga qarshi kurash»dagi koʻmak uchun Oq uyning yangi xoʻjayiniga minnatdorlik bildirgan.

20 yanvardan prezident sifatida lavozimga kirishgan Tramp Bayden tomonidan joriy etilgan Gʻarbiy Sohilda zoʻravonlik harakatlarini sodir etayotgan yahudiy kelgindilariga nisbatan sanktsiyani ham bekor qilgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo