00:17 / 29.01.2025
436

Tramp gʻazoliklarni boshqa davlatga koʻchirmoqchi. Bu qanchalik amalga oshadi?

Tramp gʻazoliklarni boshqa davlatga koʻchirmoqchi. Bu qanchalik amalga oshadi?
Donald Trampning Gʻazo aholisini koʻchirish taklifi ortidan, Hamas musulmon dunyosiga murojaat qildi. Tramp tilga olgan Misr va Iordaniya yakka holda rad javobini berdi, ammo mintaqa davlatlaridan yakdil koalitsion bayonotlar boʻlmadi. Kun.uz mavzu borasidagi savollar bilan siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Fazliddin Madiyevga murojaat qildi.

— Donald Trampning Gʻazo aholisini Iordaniya va Misrga koʻchirish taklifini qanday izohlash mumkin?

Fazliddin Madiyev
: Trampning bu taklifi borasida butun dunyo boʻylab turli bahs-munozaralar ketyapti, lekin bu yangilik emas. Uning birinchi vakolat muddatida ham bunday fikrlar yangragan, hatto Tramning oʻzidan ham eshitganmiz. Biroq oʻsha vaqtda bu ish amalga oshirilmagan, hozir esa bu taklif katta ehtimol bilan, izchil reja asosida amalga oshiriladi. Chunki Gʻazo hududida koʻp odam qolgani yoʻq. Bu erdagi 1,5-2 million kishini koʻchirish Amerika yoki Isroil hukumatiga juda katta muammo tugʻdirmaydi, chunki ularda bunga kuchli xohish-istak bor. Ular vaziyatni shu nuqtaga olib kelish uchun harakat qilishdi.

AQShning ichkarisidan chiqayotgan ma'lumotlarga qaraganda, Tramp Amerikaning xaritada koʻzga tashlanmas imperiyasi hududlarini tashkil qilish ustida ishlayapti va bu taklif ham aynan shunga qaratilgan. Aholini koʻchirish jarayoni AQSh va Isroil hukumatlariga qiyin boʻlmasligi mumkin, lekin mahalliy aholi uchun bu juda ogʻriqli jarayon, shu sababli bu taklifni amalga oshirish chogʻida yana qon toʻkilishi holatlari kuzatilishi mumkin.

Isroilning oʻta oʻng qarashdagi siyosatchilari Trampning bu taklifidan nihoyatda mamnun boʻlib, unga tashakkur ham aytishdi.

— Hamasning musulmon dunyosiga murojaatidan keyin, arab va musulmon davlatlari yagona pozitsiyani koʻrsatdimi?

Kamoliddin Rabbimov
: Arab davlatlari hozircha birlashgan holda jiddiy bayonotlar bergani yoʻq, lekin musulmon dunyosining bu boradagi pozitsiyasi aniq: hech bir musulmon davlati bu taklifga rozi boʻlmaydi.

Avvaldan ma'lumki, Tramp – haddan tashqari isroilparast, xristian sionisti. Oʻzi xristian diniga e'tiqod qilishiga qaramay, yahudiylarni xristian dunyosi uchun juda muhim sanaydi. Qolaversa, u oilaviy darajada ham yahudiylarga bogʻlangan. Oxirgi saylov jarayonlarida ham aynan yahudiy milliarderlarning koʻpi Trampni qoʻllab-quvvatladi.

Tramp har doim islomofobiya qarashlariga ega siyosatchi boʻlgan, faqatgina ayrim arab davlatlari bilan foyda koʻrish imkoniyatini saqlab qolish maqsadidagina yaxshi munosabatda boʻladi. Uning siyosiy “fishka”si – qattiq qoʻrqitish va shu orqali oʻz rejalarini amalga oshirishga asoslangan.

Donald Tramp va Isroil oʻrtasida avvaliga inauguratsiyani kutish, soʻng siyosiy texnologiyalar asosida Gʻazoni bosqichma-bosqich qoʻlga kiritish borasida norasmiy kelishuv boʻlgan boʻlishi mumkin. Tramp lavozimga kirishganidan bir kun oʻtar-oʻtmay, Gʻazo juda ham yaxshi joy, dengizga yaqin, ob-havosi tozaligi haqida gapirganidan shubhalana boshlagandim. Mana, oradan koʻp oʻtmadi...

Gʻazoni etnik tozalash va aholisini qoʻshni davlatlarga koʻchirib yuborish – xalqaro huquq nuqtayi nazaridan, bitta davlatni toʻliq demontaj qilish, eng katta jinoyat. Donald Tramp koʻzini chirt yummasdan mana shunday jinoiy bayonotlarni beryapti. Amerika davlatchiligida albatta buning tarixiy oqibatlari qoladi. Musulmon dunyosi allaqachon koʻzini ochishi kerak edi. Musulmon mamlakatlari oʻz siyosiy tizimlari orqali xalq bilan davlatchilikni jipslashtirib, qudrat yaratishda judayam oqsayapti.

— Arab va musulmon davlatlari Trampning mazkur bayonotiga keskin reaktsiya bildirishi kerak emasmi? Masalan, Saudiya Arabistoni AQShga katta miqdorda investitsiya kiritmoqchi, ya'ni richaglari bor-ku?

Kamoliddin Rabbimov
: AQShdagi respublikachilar, xususan Donald Tramp bilan Saudiya Arabistoni juda iliq munosabatlarga ega. Saudiya Arabistoni Trampning tilini yaxshi biladi, Tramp ham Saudiyani yaxshi tushunaman deb oʻylaydi. Biznes nuqtayi nazaridan, ular oʻrtasida yaqinlik shakllangan.

Jo Bayden hokimiyatga kelayotgan paytda u Saudiya boʻyicha Jamol Qoshiqchi va boshqa sabablar bilan qattiq bayonotlar bergan edi. U prezidentlikka kelganidan keyin Saudiya–Amerika munosabatlari juda pasayib ketdi va munosabatlarni normallashtirish uchun ikki yil ketdi. Donald Tramp va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi munosabatlar esa juda ijobiy. Saudiya Falastin sabab Tramp bilan munosabatlarni yomonlashtirishni istamaydi. Falastin mojarosi boshlanganida dastlab Saudiya bu masalaga aralashmadi, Ibrohim kelishuvlariga qaytamiz degan pozitsiyada turdi, lekin musulmon davlatlarining bosimi natijasida keyinchalik Saudiya oʻzining bu boradagi e'tirozlarini yuqori darajaga olib chiqdi.

Yana bir omil – ayrim arab davlatlarining Hamasga boʻlgan sovuq munosabati. Shuning uchun ham ular Hamasning murojaatiga labbay deb javob bergani yoʻq.

Gʻazoliklarni koʻchirishni mintaqadagi hech bir davlat qoʻllab-quvvatlamaydi. Koʻramiz, Netanyahu kelasi hafta Vashingtonga borishi kerak. Menimcha, yashirin kelishuvlar albatta boʻladi. Tramp katta kelishuvlarni bosqichma-bosqich, yashirib qilyapti. U AQShning oʻzi ham tarafdori ekanini aytib kelgan “ikki davlat” kontseptsiyasidan toʻliq voz kechyapti.

— Tramp Gʻazoning 1,5 million aholisini koʻchirish haqida gapirdi. Lekin u erdagi falastinliklar soni bundan koʻproq. Aynan 1,5 million deyilishining biror sababi bormi?

Fazliddin Madiyev
: Bizda Gʻazo aholisi soni haqidagi xolis va haqqoniy ma'lumotlarni olish imkoni yoʻq. U erdan olinayotgan ma'lumotlarning aksariyati aynan Isroil tomonidan tarqatiladi. Lekin sektor aholisi soni 2 milliondan ortiq ekani haqiqatga yaqin.

Gʻazo biznes nuqtayi nazaridan ideal hudud sifatida baholanmoqda. Shunday ekan, aholini koʻchirishda boy tadbirkorlarning yordamidan foydalanilishi ham mumkin. Bu hudud hozir yashash uchun yaroqsiz ahvolga kelgan, shu sababli aholini ixtiyoriy-koʻngilli ravishda koʻchirish katta muammo keltirib chiqarmaydi, degan versiyalar ham yangramoqda.

Bundan tashqari, Amerika va Isroil bu mintaqada Turkiyaning manfaatlarini cheklash ustida ham jiddiy harakatlar olib bormoqda. Chunki Turkiya ham bu hududga oʻz ta'sirini kuchaytirish borasida harakatlarni boshlagan edi.

— Bu masala nega aynan Misr va Iordaniyaga taklif etildi?

Kamoliddin Rabbimov
: Arab-Isroil urushlarida Falastin aholisi asosiy ikkita davlatga chiqib ketgan: Iordaniya va Misr. Shu tarixiy omil tufayli ham AQSh shu ikki davlatga “gʻazoliklarni sizlar olinglar” deb taklif qilyapti. Arab davlatlari hech qachon bu narsaga rozi boʻlmaydi.

Tramp buni amalga oshirish uchun urush qilishga bormaydi, lekin nazarimda, asosiy provokatsiya baribir Isroil tomonidan boʻladi. Hali urush tugagani yoʻq, faqat taktik jihatdan pauza holatiga qoʻyildi. Isroilning maqsadi Gʻazodan aholini toʻliq siqib chiqarish u erni oʻzlashtirish edi. Misr eng qirgʻinbarot kunlarda ham Rafahdagi chegarani ochmagan edi, chunki aholi bir chiqqanidan keyin ularni Isroil qaytib kiritmaydi.

Menimcha, arab davlatlari, musulmon dunyosi yigʻilib, Trampga qattiq yoʻq demaydi. U bilan munosabatlarni saqlab qolish uchun ohista yoʻq degan javob aytiladi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo