19:19 / 29.01.2025
3 394

Suriyaning yangi hukumati Rossiyaga qanday talab qoʻymoqda?

Suriyaning yangi hukumati Rossiyaga qanday talab qoʻymoqda?
Foto: Ria.ru
Suriyaning yangi hukumati Rossiyadan “ishonchni tiklash uchun” kompensatsiya talab qildi. Bu haqda Suriya axborot agentligiga tayanib Daryo xabar berdi.

Mazkur talab Rossiya delegatsiyasining Bashar Asad rejimi agʻdarilganidan keyin Suriyaga birinchi tashrifi chogʻida ilgari surilgan. Uchrashuvda Rossiya tomoni hozirda Suriyada sodir boʻlayotgan ijobiy oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlashini aytgan.

Muloqot davomida kompensatsiya, rekonstruktsiya va qayta tiklash kabi aniq chora-tadbirlar orqali Suriya xalqi ishonchini qozonishda Rossiyaning roli ta'kidlandi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Suriyaning yangi rahbariyati Rossiya bilan munosabatlarni tiklash jarayonida “oʻtmishdagi xatolarni inobatga olish, Suriya xalqining xohish-irodasini hurmat qilish va uning manfaatlariga xizmat qilish” zarurligini ta'kidlagan.

Rossiya delegatsiyasi 28 yanvar kuni Suriyaga tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibiga tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Mixail Bogdanov va prezidentning Suriya boʻyicha maxsus vakili Aleksandr Lavrentev kirgan.

Uchrashuv davomida tomonlar Suriyadagi Rossiya harbiy bazalariga nisbatan hozircha hech narsa oʻzgarmagan, degan xulosaga keldi. Bu masala qoʻshimcha muzokaralarni talab qiladi. Biz hamkorligimizning har bir yoʻnalishi boʻyicha yanada chuqur maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib oldik, deya xabar berdi Bogdanov Damashqqa tashrifidan soʻng.

Oʻz navbatida, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Suriyaning tiklanishida yordam berishga tayyorligini ma'lum qildi.

Rossiya tomoni Suriya Arab Respublikasi birligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini doimiy qoʻllab-quvvatlashini, shuningdek, Suriya xalqiga inqirozdan keyingi tiklanishda zarur yordam koʻrsatishga tayyorligini tasdiqladi, deydi Rossiya TIV.

Suriyadagi vaziyat

Noyabr oyi oxirida qurolli isyonchilar Suriya shimoliy qismiga yurishni boshladi. Ular Idlib viloyatini, mamlakatdagi aholi soni boʻyicha ikkinchi oʻrinda turuvchi Halab shahrini, Xama va Xoms viloyatlari hududlarining bir qismini oʻz nazoratiga oldi. Shundan soʻng Damashqqa kirdi. Prezident Bashar Asad oilasi bilan mamlakatni tark etdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Bashar Asad isyonchilar bilan kelishuvga erishib, iste'foga chiqishga rozi boʻlgani, shundan keyin Suriyani tark etgani haqida ma'lumot berdi. Isyonchilar Asadni qoʻlga olishda yordam beradigan ma'lumot uchun 10 million dollar va'da qilgan.

Siyosatchi mamlakatni tark etganidan keyin isyonchilar Asad qarorgohiga bostirib kirgan, odamlar buyumlarni talon-toroj qilgan. Qarorgohdagi garajda BMW, Audi, Ferrari, Lamborghini Diablo kabi 50 ga yaqin hashamatli va qimmatbaho avtomobillar aniqlangan.

Kechroq Kremldagi manbalar Suriyadan qochgan prezident oilasi bilan Moskvaga kelgani, Putin ularga boshpana berganini ma'lum qildi. 10 dekabr kuni Idlib shahrida isyonchilarga rahbarlik qilgan Muhammad al-Bashir oʻzini Suriyaning oʻtish davri hukumati rahbari etib tayinladi. U fuqarolarga qarata qilgan televideniye murojaatida bu lavozimni kamida 2025 yil 1 martgacha egallab turishini ma'lum qildi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo