Foto: Suriya hukumati
28 yanvar kuni Rossiyaning yuqori martabali mulozimlari delegatsiyasi Bashar Asad rejimi agʻdarilganidan buyon ilk marta Suriyaga keldi. Uning asosiy maqsadi mamlakatning yangi hukumati bilan ikkita yirik harbiy ob'ekt — Tartusdagi harbiy-dengiz porti va Lataqiya shahri yaqinidagi Hmeymim aviabazasini Rossiya nazoratida qoldirish boʻyicha kelishish edi. Muzokaralar yakunlariga koʻra Rossiya vakillari «vaziyat ogʻirligi»ni aytishmoqda.
Damashqqa Rossiya tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Mixail Bogdanov va Rossiya prezidentining Suriya boʻyicha maxsus vakili Aleksandr Lavrentev uchib kelgan. Bundan tashqari, Rossiya delegatsiyasi tarkibidan Birlashgan don kompaniyasi (United Grain Company) hamda «STG Injiniring» kompaniyasi vakillari ham oʻrin olgan.
Suriyaning yangi hukumati tomonidan muzokaralarda vaqtincha hukumat ma'muriyati rahbari Ahmad ash-Shar'a, tashqi ishlar vaziri Asaad ash-Shibaniy va sogʻliqni saqlash vaziri Mohir ash-Shar'a ishtirok etdi, deb xabar bergan jurnalistlarga Bogdanov.
Diplomatning soʻzlariga koʻra, uch soatga yaqin davom etgan muzokaralar konstruktiv ruhda oʻtgan, Rossiya delegatsiyasi uning davomida Suriyaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini qoʻllab-quvvatlashini tasdiqlagan.
Bogdanov uchrashuvda savdo-iqtisodiy aloqalar ham muhokama qilinganini qayd etgan: xususan, Rossiya tomoni Suriya infratuzilmasi rivojiga hissa qoʻshgani va buni davom ettirishga tayyorligini eslatgan.
«Umuman olganda, uchrashuv konstruktiv ruhda oʻtdi, unda yaxshi muhit hukm surdi. Ammo biz vaziyat qanchalik ogʻir ekanini tushunamiz», — deya Bogdanovning soʻzlarini keltirgan «Interfaks».
«Oʻtmish xatolarini toʻgʻrilash»
Delegatsiya hal qilishni koʻzlagan asosiy masala — Rossiyaning Hmeymim aviabazasi hamda Tartus harbiy-dengiz portidagi mavjudligini saqlab qolish — hal qilinmay qolgan.
«Hozircha hech narsa oʻzgarmadi. Bu masala qoʻshimcha muzokaralarni talab etadi. Hamkorligimizning har bir yoʻnalishi boʻyicha chuqurroq maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib oldik», — degan Bogdanov.
U Rossiya tomoni Suriyada ham, Rossiyada ham kontaktlarni davom ettirishga tayyorligi va «agar shunday istak boʻlsa», Suriya tashqi ishlar vazirini Moskvada qabul qilishga tayyorligini ta'kidlagan.
Reuters agentligi oʻz manbalariga tayanib xabar berishicha, Rossiya delegatsiyasi bilan muzokaralarda Ahmad ash-Shar'a sobiq prezident Bashar Asadni topshirishni soʻragan.
Suriyaning yangi hukumati uchrashuv yakunlariga koʻra chiqargan bayonotda tomonlar Bashar Asad rejimi tomonidan olib borilgan urush qurbonlari uchun adolatni ta'minlashga qaratilgan oʻtish davri adolat mexanizmlari boʻyicha muzokaralar olib borilgani aytilgan.
Damashqdagilar qayd etishicha, «munosabatlarni tiklash uchun oʻtmishdagi xatolarni tuzatish, Suriya xalqi irodasini hurmat qilish va uning manfaatlariga xizmat qilish kerak».
Shuningdek, rasmiy Damashq mamlakatdagi fuqarolar urushida Asadni qoʻllab-quvvatlagan Rossiya tomoniga «tovon toʻlash va qayta qurish kabi aniq choralar» orqali oʻzaro ishonchni tiklashni xohlayotganini bildirgan.
«Rossiya tomoni Suriyada roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi. Muloqot chogʻida Rossiyaning tovon toʻlash, rekonstruktsiya va qayta tiklash kabi aniq chora-tadbirlar orqali Suriya xalqi bilan ishonchni tiklashdagi roli qayd etildi», — deyiladi xabarda.
Kreml vakili Dmitriy Peskov chorshanba kuni jurnalistlarning savollariga javob berarkan, Rossiya delegatsiyasining Damashqqa safarini muhim deb atadi, ammo ishonchni tiklash uchun qanday tovon puli muhokama qilinayotganini aytishdan bosh tortdi.
«Men buni hech qanday izohsiz qoldiraman. Biz Suriya rasmiylari bilan muloqotni davom ettiramiz», — degan Peskov.
Bloomberg agentligi shu kunlarda Moskvadagi manbasiga tayanib, Rossiyaning Suriyadagi harbiy mavjudligini saqlab qolish boʻyicha Suriyaning yangi hukumati bilan muzokaralar «boshi berk koʻchaga kirib qolgani» haqida xabar bergandi.
Agentlik suhbatdoshlari soʻzlariga koʻra, Rossiyaning ikkita transport kemasi harbiy jihozlarni olib chiqish uchun Tartusga kirishiga ruxsat berilgunicha bir necha hafta kutib turishga majbur boʻlgan. Hmeymim aviabazasidagi faoliyat ham cheklangan.
Tartus Rossiya qoʻshinlari Yaqin Sharq va Afrikadagi amaliyotlarni bajarish davomida yonilgʻi toʻldirib olishi, zaxiralarni toʻldirishi va kemalarni ta'mirlashi mumkin boʻlgan Oʻrta Er dengizidagi yagona baza hisoblanadi. Hmeymim — Moskvaning mintaqadagi faoliyati uchun asosiy ta'minot bazasidir.
2017 yilda Moskva va Damashq Tartus va Hmeymimdagi bazalardan 49 yil muddatga foydalanish boʻyicha shartnoma imzolagan, 2019 yilda esa Suriya hukumati Rossiyaning «Stroytransgaz» kompaniyasi bilan Tartus portini boshqarish boʻyicha investitsiyaviy kelishuv tuzgandi. Yanvar oyi oʻrtalarida bu kelishuv Suriyaning yangi ma'muriyati tomonidan bekor qilingani ma'lum boʻldi.
Muzokaralardan keyin Rossiya TIV rahbari oʻrinbosari Bogdanov bu kelishuv masalasini «texnik» deb atadi. «Bu kompaniyamiz bilan bogʻliq sof texnik masala. Oʻylaymanki, muammolarni hal qilishning oʻzaro maqbul variantlarini topish mumkin», — degan u.
Nima xato ketdi?
Dekabr oʻrtalarida, Bashar Asad rejimi agʻdarilganidan koʻp oʻtmay, Bloomberg agentligining Rossiyadagi suhbatdoshlari Kreml Suriyaning yangi hukumati bilan Tartus va Hmeymimdagi bazalar boʻyicha kelishuvga yaqin turganini aytishgandi.
Butun dunyo boʻyicha gʻallaning asosiy etkazib beruvchisi hisoblanadigan Moskva oʻz tomonidan Damashqqa oziq-ovqat xavfsizligini taklif etishi, shuningdek, Rossiya Suriya armiyasini tiklashda va Isroil tomonidan yoʻq qilingan qurollar oʻrniga yangilari bilan jihozlashda yordam berishi mumkin edi, deb qayd etgan eksperti.
Ammo soʻnggi haftalarda Evroittifoq vakillari faollashib, Suriyaning yangi hukumati bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyishni boshladi va Rossiya bilan kelishuv tuzishdan bosh tortishga koʻndirishga kirishdi. Yangi yilning ilk kunlarida Damashqqa Germaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari tashrif buyurdi, bu haftaning dushanba kuni esa Evroittifoqning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakili Kayya Kallas Evropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Suriyaga qarshi sanktsiyalarni yumshatish boʻyicha yoʻl xaritasini kelishib olganini e'lon qildi.
Bloomberg oy boshida xabar qilganidek, «Katta sakkizlik»ning ayrim davlatlari va ularning ittifoqchilari ham Suriyaga Rossiya nefti va oziq-ovqat importiga muqobil yoʻllarni qidirmoqda. Xususan, Ukraina allaqachon Suriyaga bugʻdoy partiyasini yuborgan, shuningdek, tashqi ishlar va qishloq xoʻjaligi vazirlarining dekabr oyida Damashqqa qilgan tashrifi vaqtida don etkazib berish hajmini oshirish va'da qilingan.
Turkiya ham Moskvaning Suriyada harbiy bazalari va ta'siri saqlanib qolishiga qarshi chiqadi, ushbu qoʻshni mamlakat Suriyadagi qator isyonchi guruhlarni, jumladan hozirda Suriyaning yangi hukumatini shakllantirgan «Hayyat Tahrir ash-Shom» guruhini ham qoʻllab-quvvatlab kelgan.
Turkiyalik ikki nafar yuqori martabali mulozim Bloomberg agentligi bilan suhbatda Suriyaning yangi hukumati fuqarolik urushi vaqtida Rossiya harbiy samolyotlari muxolifat kuchlarining pozitsiyalarini oʻqqa tutganidan kelib chiqib, Rossiya mazkur bazalarda qolishiga yoʻl qoʻyishi amalda imkonsiz ekanini aytgan.
Rossiya aviatsiyasi Bashar Asad rejimining oxirgi kunlariga qadar uning armiyasini qoʻllab-quvvatlash uchun jangovar parvozlar amalga oshirdi. Rossiya Suriyaning sobiq prezidentiga koʻp yillar davomida isyonchi kuchlarga qarshi kurashishda harbiy yordam koʻrsatgan, hokimiyatdan agʻdarilgach esa unga boshpana bergan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar