Suriya xavfsizlik kuchlari mamlakat sobiq prezidenti Bashar Asadning ona tomonidan qarindoshi — brigada generali Atif Najibni qoʻlga oldi. Bu haqda Latakiya viloyati umumiy xavfsizlik boshqarmasi boshligʻi Mustafo Kanifatiy ma'lum qildi.
"Latakiya viloyatida harbiylar yordamida oʻtkazilgan umumiy xavfsizlik boshqarmasi operatsiyasi davomida Dera'ada siyosiy xavfsizlik boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan brigadir Atif Najib qoʻlga olindi", deydi Kanifatiy.
Harbiyning ta'kidlashicha, Najib “Suriya xalqiga qarshi jinoyatlar” sodir etgan, shu munosabat bilan u allaqachon tegishli organlarga topshirilgan va javobgarlikka tortilishi kutilmoqda.
“Hay'at Tahrir ash-Shom” guruhi etakchisi Ahmad al-Shara'a (Abu Muhammad al-Juloniy) Suriyaning oʻtish davri prezidenti deb e'lon qilindi. Al-Shara'a mamlakatning yangi konstitutsiyasi qabul qilingunga qadar amal qiladigan vaqtinchalik qonunchilik kengashini shakllantirish bilan shugʻullanadi. Suriyaning yangi hukumati armiya va xavfsizlik xizmatlarini tarqatib yubordi. Ularning oʻrniga fuqarolar xavfsizligini ta'minlaydigan yangi tuzilma paydo boʻladi. Shuningdek, 1963 yilda Suriyada hokimiyatga kelgan Arab sotsialistik uygʻonish partiyasi (BAAS) tarqatib yuborilgani e'lon qilindi. 2000 yildan buyon uning bosh kotibi sobiq prezident Bashar Asad edi.
Asad rejimi qulashi
Noyabr oyi oxirida qurolli isyonchilar, asosan HSH jangchilari Suriya shimoliy qismiga yurishni boshladi. Ular Idlib viloyatini, mamlakatdagi aholi soni boʻyicha ikkinchi oʻrinda turuvchi Halab shahrini, Xama va Xoms viloyatlari hududlarining bir qismini oʻz nazoratiga oldi. Shundan soʻng Damashqqa kirdi. Prezident Bashar Asad oilasi bilan mamlakatni tark etdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Bashar Asad isyonchilar bilan kelishuvga erishib, iste'foga chiqishga rozi boʻlgani, shundan keyin Suriyani tark etgani haqida ma'lumot berdi. Isyonchilar Asadni qoʻlga olishda yordam beradigan ma'lumot uchun 10 million dollar va'da qilgan.
Siyosatchi mamlakatni tark etganidan keyin isyonchilar Asad qarorgohiga bostirib kirgan, odamlar buyumlarni talon-toroj qilgan. Qarorgohdagi garajda BMW, Audi, Ferrari, Lamborghini Diablo kabi 50 ga yaqin hashamatli va qimmatbaho avtomobillar aniqlangan.
Kechroq Kremldagi manbalar Suriyadan qochgan prezident oilasi bilan Moskvaga kelgani, Putin ularga boshpana berganini ma'lum qildi. 10 dekabr kuni Idlib shahrida isyonchilarga rahbarlik qilgan Muhammad al-Bashir oʻzini Suriyaning oʻtish davri hukumati rahbari etib tayinlagandi. U fuqarolarga qarata qilgan televideniye murojaatida bu lavozimni kamida 2025 yil 1 martgacha egallab turishini aytgan. Endilikda al-Juloniy Suriya prezidenti deb e'lon qilindi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar