Suriyada Bashar Asad ishi boʻyicha sud jarayoni boshlandi

Suriyada sobiq prezident Bashar Asad va uning hukumatida faoliyat yuritgan amaldorlar ishi boʻyicha sud jarayonlari boshlandi, deb France 24 xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 26 aprel kuni ushbu ish boʻyicha ilk sud eshituvi boʻlib oʻtgan. Suriyadan chiqib ketgan Bashar Asad va uning ukasi Maher Asadga nisbatan sud sirtdan olib borilmoqda.
Shu bilan birga, ularning qarindoshi va sobiq xavfsizlik xodimi Atif Najib sud majlisida kishanlangan holda ishtirok etgan. Sudya Faxr ad-Din al-Aryan taʼkidlashicha, bu jarayonlar oʻtish davri adliyasi doirasidagi dastlabki qadam hisoblanadi. Unga koʻra, ushbu ishlar qamoqdagilar, sudda ishtirok etayotgan ayblanuvchilar va adolatdan yashiringan shaxslarni ham oʻz ichiga oladi.
Manbalarga koʻra, mazkur eshituvlar kelgusida Asad va boshqa yuqori lavozimli shaxslar ustidan oʻtkaziladigan asosiy sudlar uchun tayyorgarlik bosqichidir.
Atif Najib 2025 yil yanvar oyida, Asad hukumati agʻdarilgandan soʻng qoʻlga olingan. U 2011 yilda Deraa hududidagi ommaviy hibslar va tazyiqlarga rahbarlik qilganlikda ayblanmoqda.
Suriyada 13 yil davom etgan fuqarolar urushi yarim milliondan ortiq inson hayotiga zomin boʻlgan va millionlab odamlarni oʻz uylarini tark etishga majbur qilgan. Yangi hukumat Asad davrida sodir etilgan jinoyatlar boʻyicha adolatni taʼminlashga vaʼda bergan.
Keyingi sud eshituvi 10 may kuniga belgilangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!