Foto: RIA Novosti
Evropa kengashi Ukrainaga qarshi bosqinchilik jinoyati boʻyicha Maxsus tribunal tashkil etishning huquqiy asoslarini kelishib oldi, deb xabar beradi BBC. Agar tribunal tashkil etilsa, u Xalqaro jinoiy suddan mustaqil boʻladi.
Bosqinchilik jinoyati bu — boshqa davlatga qarshi urush ochishdan iborat boʻlgan xalqaro jinoyatlarning alohida toifasidir. Mojaroning oddiy ishtirokchilari ham, har ikki tomonning komandirlari ham javobgarlikka tortilishi mumkin boʻlgan harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlardan farqli oʻlaroq, bosqinchilik jinoyatida javobgarlik faqat hujum qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan mamlakat oliy rahbariyati zimmasiga yuklanadi. Shunday qilib, tribunal tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinsa, uning faoliyati birinchi navbatda Vladimir Putinga qaratiladi.
Evropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakili Kaya Kallas Putin Ukrainaga hujum qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilib va uning suverenitetini buzib, «bosqinchilik jinoyatini sodir etganiga shubha qilmasligini» bildirdi. «U bu haqida ochiqchasiga gapirgan», — deydi Kallas.
Evrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen ham Rossiyaning harakati xalqaro huquqni qoʻpol buzish ekanini ta'kidladi: «Rossiya BMT nizomini buzib, tanklarda Ukraina chegarasini bosib oʻtishga qaror qilganida, u eng ogʻir jinoyatlardan biri — bosqinchilik jinoyatini sodir etdi. Endi adolat oʻrnatiladi. Ukraina uchun adolat».
Tribunal tashkil etish boʻyicha ishchi guruh muzokaralarida ishtirok etgan «Evropeyskaya Pravda» manbasining ma'lum qilishicha, jarayon Ukraina va Evropa kengashi oʻrtasidagi ikki tomonlama kelishuv asosida ishga tushiriladi. Shu bilan birga nashr suhbatdoshining qayd etishicha, tribunal aslida Putinga qarshi qaratilgan.
Tarkibida 41 ta davlat vakili boʻlgan ishchi guruh hozirgacha 13 marotaba uchrashuv oʻtkazgan. Yakuniy, 14-uchrashuv aprel oyida boʻlib oʻtishi va unda Maxsus tribunalni tashkil etish toʻgʻrisidagi hujjat imzolanishi kutilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 2023 yil mart oyida Xalqaro jinoiy sud Putinni hibsga olishga order bergandi. Sud Rossiya prezidentini harbiy jinoyatlarda, xususan, Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga majburan deportatsiya qilishda gumonlamoqda. Putin «ushbu jinoyatlar uchun bevosita, boshqa shaxslar bilan birgalikda yoki boshqa shaxslar orqali, shuningdek, ushbu harakatlarni sodir etgan fuqarolik va harbiy xizmatchilar ustidan tegishli nazoratni amalga oshirmagani uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin». “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar