19:03 / 07.02.2025
144

Tramp Grenlandiyani kuch bilan tortib olmoqchi(mi?)

Tramp Grenlandiyani kuch bilan tortib olmoqchi(mi?)
Tramp Grenlandiya ustidan nazoratni qoʻlga kiritmoqchi. U mazkur maqsadiga erishish uchun harbiy kuchni ishga solishga ham tayyor. Daniya rasmiylari bir necha bor Trampning orolni sotib olish boʻyicha taklifini rad etdi va shu bilan birga mudofaa xarajatlarini oshirishga qaror qildi, deb xabar beradi Daryo nashri.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: Daniya qurolli toʻqnashuvga tayyormi yoki yoʻqmi? Grenlandiyaliklarning oʻzi AQShning harakatlari borasida qanday fikrda?

Trampning bu maqsadi avvaldan mavjud

Tramp Grenlandiyani sotib olmoqchi ekanligini birinchi marta aytayotgani yoʻq. U avvalgi prezidentlik muddatida ham bu maqsadini bayon qilgandi. Daniyadan rad javobini eshitib, Trampning jahli chiqqan.

“U qaysarlik bilan oʻzini gapida turib olgan. Menimcha, Tampning maqsadi jiddiy va potentsiali oʻta xavfli”, deya AQSh prezidenti Donald Tramp va Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen oʻrtasidagi telefon suhbatiga izoh bergan Financial Times manbalaridan biri.

Tramp va Frederiksen oʻrtasidagi suhbat 45 daqiqa davom etgan. Financial Times suhbatdoshiga koʻra, suhbat “juda yomon ruhda” oʻtgan. Ta'kidlanishicha, Frederiksenning harbiy bazalar va togʻ-kon sohasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha takliflariga qaramay, Tramp “tajovuzkor ohangda” gapirgan.

Daniya bosh vaziri idorasi bu izohlarga munosabat bildirar ekan, “anonim manbalar tomonidan berilgan izohlar suhbat talqinini tasdiqlamaydi”, dedi. Ammo suhbatdan koʻp oʻtmay Daniya Grenlandiya mudofaasiga sarflanadigan xarajatlarni oshirishga qaror qildi. Ammo Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsenning soʻzlariga koʻra, bu qarorning soʻnggi voqealarga hech qanday aloqasi yoʻq.

Foto: Google Images
Mudofaa xarajatlarining oshirilishi

Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsenning soʻzlariga koʻra, Kopengagen koʻp yillardan beri mudofaa xarajatlarini qisqartirib keladi. Grenlandiyani himoya qilish uchun harbiy kemalar va samolyotlar qurish va sotib olishga etarlicha sarmoya kiritmagan. Endi rasmiylar bu xatoni tuzatishni rejalashtirmoqda.

Ular uchta yangi harbiy kemalarni sotib olmoqchi, shuningdek, razvedka uchun chanaga qoʻshilgan itlardan iborat patrul boʻlinmalari sonini koʻpaytirmoqchi. Bundan tashqari, hukumat Arktika va Shimoliy Atlantikada kuzatuv hamda razvedka tizimini ishlab chiqish, uzoq masofalarga uchuvchi ikkita dron apparati xarid qilish uchun 400 million dollar ajratdi.

Bundan tashqari, 27 yanvar kuni Kopengagen Grenlandiya va Farer orollari bilan yangi mudofaa shartnomasini imzoladi. Arktikadagi harbiy ishtirokni kuchaytirish uchun Daniya 14,6 milliard krona (2,1 milliard dollar) ajratishini e'lon qildi. Taqqoslash uchun, oʻtgan yili Daniya oʻzining oʻn yilga moʻljallangan mudofaasi uchun 26 milliard dollar yoki yiliga 2,6 milliard dollar ajratgan. Bu mablagʻning faqat bir qismi Arktikaga sarflanishi rejalashtirilgan edi.

Biroq, BBC xabariga koʻra, mudofaani kuchaytirish rejasi anchadan beri muhokama qilinib kelinmoqda va uni AQSh prezidentining bayonotlariga toʻgʻridan toʻgʻri javob sifatida qaramaslik kerak.

Daniya oʻzini himoya qila olmaydi, shuning uchun Evropa davlatlaridan yordam olmoqchi

Mudofaa xarajatlarini oshirish Daniya rasmiylari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri xolos. Bundan tashqari, ular tashqi yordam olishga harakat qilmoqdalar. 28 yanvar kuni bosh vazir Frederiksen bir kunda Evropaning uchta davlatiga tashrif buyurdi va u erdagi chiqishlari chogʻida “oʻz xavfsizligi uchun koʻproq mas'uliyatni zimmasiga oladigan kuchliroq va qat'iyatliroq Evropa” haqida gapirdi.

Foto: Google Images
Evropa rasmiylari Daniya bosh vazirini qoʻllab-quvvatladi. Germaniya kansleri Olaf Shols “chegaralarni kuch bilan oʻzgartirib boʻlmasligi” va “butun Evropa bunga qarshi birlashishi”ni ta'kidladi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron "Evropadagi hamma endi AQSh bilan hamkorlik boshqacha boʻlishini tushungani”ni ta'kidladi.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte, oʻz navbatida, alyans a'zolari Arktikada mudofaani kuchaytirishga harakat qilishlari kerakligini tasdiqladi. Eng balandparvoz bayonotni avstriyalik general va Evropa ittifoqi harbiy qoʻmitasi raisi Robert Briger aytdi. U Evropq ittifoqi qoʻshinlarini Grenlandiyaga yuborish imkoniyatini koʻrib chiqishni taklif qildi.

Mette Frederiksen 3 fevral kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Grenlandiya “mamlakat hududining bir qismi ekanligini va sotilmasligini” yana bir bor ta'kidladi. Shuningdek, u yevropalik hamkorlarni Tramp orolni egallash bilan tahdid qilishda davom etsa, uni qat'iy rad etishga chaqirdi.

Biroq, qat'iy pozitsiyaga qaramay, Daniya rasmiylari Qoʻshma Shtatlar bilan ochiq qarama-qarshilikka kirishni xohlamayapti. Financial Times nashriga koʻra, ular Evropa ittifoqi va NATO ittifoqchilaridan bu masalada vazminlik koʻrsatishni soʻradi.

Sababi oddiy: Daniyaning TV2 telekanalida Daniya xalqaro munosabatlar institutining katta ilmiy xodimi Ulrik Pram Gad ta'kidlaganidek, Daniya Grenlandiyani himoya qilishga qodir emas.

Diplomatik darajada Vashington va Kopengagen muloqotni davom ettirmoqda. 24 yanvar kuni Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lokke Rasmussen AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashdi: rasmiylar ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar mustahkamligicha qolayotganini tasdiqladi. Bir hafta oʻtgach, Rubioning intervyusini sharhlar ekan, Rasmussen “Amerikaning ba'zi manfaatlari aslida bizdagi manfaatlar bilan mos keladi”, deb ta'kidladi.

Grenlandiyaliklarning oʻzlari mojaro haqida qanday fikrda?

AQShning yangi shtatiga aylanish istiqboli grenlandiyaliklarni u qadar hovliqtirmayapti: aholining 85 foizi bunga qarshi, 55 foizi esa Daniya fuqaroligini saqlab qolishni afzal koʻradi. Shu bilan birga, respondentlarning 45 foizi Trampning orolga boʻlgan qiziqishi yangi imkoniyatlarni ochib berishi mumkin, deb hisoblasa, 43 foizi buni tahdid deb biladi.

Foto: Google Images
Mahalliy hokimiyat vakillari bu qarashlarga quloq solmoqda: Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede hamkorlik qilishga tayyorligini, ammo AQShga qoʻshilmasligini ma'lum qildi. Orol aholisini xotirjam va birdam boʻlishga chaqirdi. Shuningdek, Grenlandiyaning asosiy maqsadi toʻliq mustaqillikka erishish ekanini qoʻshimcha qildi. Muxolifatdagi “Siumit” sotsialistik partiyasi ham uning fikriga qoʻshildi.

Biroq mahalliy hokimiyat organlarining harakatlariga shubha bilan qaraydiganlar ham bor. Grenlandiya munitsipalitetlari assotsiatsiyasining sobiq direktori Marta Labansenning aytishicha, hukumatning mavjud vaziyat va xavf-xatarlar haqida ochiq gapirishni istamasligi “demokratik mamlakat uchun sharmandalik”. Ilgari Grenlandiyada yuqori lavozimlarni egallagan Kay Kleistning ta'kidlashicha, Egedening pozitsiyasi “oxir-oqibat orolni nazorat qiladigan aholi oʻrtasida tushunmovchilikni keltirib chiqaradi”.

Shu bilan birga, hukmron koalitsiyaning oʻzagini tashkil etuvchi “Xalq hamjamiyati” partiyasi asoschisi Akkaluk Linge tushuntirganidek, mahalliy hokimiyat organlarining ehtiyotkorligini tushunish mumkin, chunki Grenlandiya rahbari hech qachon “mamlakatning mavjudligi xavf ostida boʻlgan” vaziyatga tushib qolmagan.

Egede va uning koalitsiyasi keskin harakatlardan qochmoqda, chunki ikki oydan keyin Grenlandiyada parlament saylovlari oʻtkazilishi kerak. Tashqi aralashuvga yoʻl qoʻymaslik uchun 3 fevral kuni hukumat parlamentga koʻrib chiqish uchun maxsus qonun loyihasini taqdim etdi. U siyosiy partiyalarga “xorijiy yoki anonim donorlardan badallarni qabul qilishni” taqiqlaydi va shaxsiy xayriyalarning umumiy miqdorini 200 ming Daniya kronasigacha cheklaydi.

Ayni paytda Grenlandiya matbuoti xavotirga tushayotgan oʻquvchilarni tinchlantirishga harakat qilmoqda. “Bunday paytlarda oʻzingizni xotirjam saqlash juda muhim. Chuqur nafas oling va yomon stsenariylar haqida oʻylamang”, deydi psixolog Niina Isaksen mahalliy nashrga bergan intervyusida.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo