06:23 / 13.02.2025
156

Pentagon rahbari: “AQSh Ukrainada Amerika qoʻshinlarini joylashtirmaydi”

Pentagon rahbari: “AQSh Ukrainada Amerika qoʻshinlarini joylashtirmaydi”
Amerika qoʻshinlari Kiyev xavfsizligining kafolati sifatida Ukraina hududiga joylashtirilmaydi. Bu haqda Pentagon rahbari Pit Xegset Bryusselda Ukraina boʻyicha aloqa guruhi mudofaa vazirlari bilan “Ramshtayn” formatidagi uchrashuvda ma'lum qildi, deb xabar qilmoqda Daryo.

Uning soʻzlariga koʻra, NATO homiyligisiz Evropa va Evropaga tegishli boʻlmagan qoʻshinlar ishtirokidagi missiya Ukraina xavfsizligi kafolatlarini ta'minlashi mumkin.

"Aniqlik kiritaman: Amerika qoʻshinlari hech qanday xavfsizlik kafolatlari doirasida Ukraina hududiga joylashtirilmaydi", dedi Xegset.

Uning soʻzlariga koʻra, barqaror tinchlikka “urush qayta boshlanmasligini kafolatlovchi ishonchli xavfsizlik kafolatlarini” taqdim etish orqali erishish mumkin. U Ukrainaning NATOga a'zo boʻlishi mojaroni diplomatik yoʻl bilan hal qilishning real natijasi boʻlmasligini ta'kidlab, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari “urushga layoqatli yevropalik yoki yevropalik boʻlmagan harbiylar” tomonidan mustahkamlanishi kerakligini aytdi.

"Agar bu qoʻshinlar Ukrainada biror vaqtda tinchlikparvar sifatida joylashtirilsa, ular NATOga a'zo boʻlmagan missiyaning bir qismi sifatida joylashtirilishi kerak va ularga Shimoliy Atlantika paktining 5-moddasi qoʻllanilmasligi lozim", dedi u alyansning oʻzaro mudofaa qoidasini nazarda tutib.

“Ramshtayn” formatidagi yigʻilishda soʻzga chiqqan siyosatchi, shuningdek, Ukrainani 2014 yilgacha mavjud boʻlgan chegaralarga qaytarish imkoniyatini noreal deb baholadi.

12 fevral kuni Bryusselda “Ramshtayn” formatidagi Ukraina boʻyicha aloqa guruhining 26-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishga birinchi marta AQSh oʻrniga Buyuk Britaniya raislik qilmoqda.

The Times gazetasining manbalarga tayanib yozishicha, yigʻilishga rahbarlikni britaniyaliklarga topshirish toʻgʻrisidagi qaror AQShning yangi ma'muriyati tomonidan qabul qilingan. Manbalar buni Vashington hozircha Ukraina boʻyicha rasmiy pozitsiya va unga harbiy yordam berish boʻyicha dasturiy hujjatni e'lon qilmagani bilan bogʻladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo